2025 yilda ko‘mir qazib olishni 10 million tonnaga yetkazish mo‘ljallanmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 dekabr kuni metallurgiya korxonalarining transformatsiya dasturlari hamda 2025 yilgi rejalari bilan tanishdi.
Yig‘ilishda tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri hamda kombinatlar rahbarlari iqtisodiy samaradorlikni oshirib borish, tarmoq korxonalarini jahon moliya bozorida jozibador kompaniyalarga aylantirish rejalari bo‘yicha axborot berdi.
Qayd qilinishicha, 2025 yilda tog‘-kon va geologiya sohasidagi loyihalarga 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish ko‘zda tutilmoqda. Kaolin ishlab chiqarishni 50 foiz oshirish, ko‘mir qazib olishni 10 million tonnaga yetkazish mo‘ljallanmoqda.
Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati bu yil ilk bor xalqaro bozorda yevrobond joylashtirib, 1 milliard dollar arzon resurs jalb qildi. Kelgusi yil yana 500 million dollar yevrobond chiqarish rejalashtirilgan.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mis boyitish bo‘yicha uchinchi fabrika hamda O‘zbekiston metallurgiya kombinatida yangi quyuv prokatlash majmuasi ishga tushiriladi. O‘zbekiston texnologik metallar kombinatida «yashil iqtisodiyot» uchun muhim bo‘lgan noyob metallar xomashyosi kengaytiriladi.
Davlat rahbari kelgusi yilda kombinatlar transformatsiya orqali dunyo bozorida raqobatdoshligini oshirish bo‘yicha katta o‘zgarish qilishi zarurligini ta’kidladi.
Bunda tannarxni tushirish, faoliyatni to‘liq raqamlashtirish, xalqaro bozorlardan mablag‘ olib kelish, yangi texnologiyalarni joriy qilib, ish jarayonini avtomatlashtirish eng muhim vazifalar ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Korxonalar jahondagi o‘zgarishlarga tez moslashib, yangi tashabbuslar ko‘rsatishi zarurligi aytildi. Tejamkorlik va samaradorlik tamoyili asosida xarajatlarni kamaytirish, sanoat tarmoqlarini xomashyo bilan uzluksiz ta’minlash choralari belgilandi.
Mavzuga oid
00:30
Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburgga bordi
20:19 / 24.12.2024
2025 yilda tibbiyot xodimlarining oylik lavozim maoshi oshiriladi
18:47 / 24.12.2024
Kelgusi o‘quv yilida 100 dan ziyod maktab tashkil etiladi, 162 ta bog‘cha quriladi
18:11 / 12.12.2024