Jahon | 08:41 / 27.01.2024
4449
3 daqiqa o‘qiladi

Sharl Mishel Yevrokengash rahbari lavozimini tark etish haqidagi fikrini o‘zgartirdi

Yevropa kengashi raisi to‘satdan Yevroparlamentga saylovlarda qatnashmaslik to‘g‘risida qaror qabul qildi, bu esa uning muddatidan oldin iste’foga chiqishiga sabab bo‘layotgandi. Endi bu lavozimda Vengriya bosh vaziri Orban ish boshlashi bo‘yicha xavotirlar yo‘qqa chiqdi.

Foto: Reuters

Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel 2024 yilning iyun oyida Yevropa parlamentiga bo‘lib o‘tadigan saylovlardan o‘z nomzodini qaytarib oldi. Siyosatchi o‘z qarorini 26 yanvar, juma kuni Facebook sahifasida ma’lum qildi

«Mening tanlovim ommaviy axborot vositalarining jiddiy e’tiboriga va spekulyatsiyasiga sabab bo‘ldi. Yondashuvning misli ko‘rilmagan xususiyatini hisobga olgan holda, bu - men oldindan ko‘ra bilgan narsa. Lekin u kuchli reaksiyaga olib keldi - Yevropa kengashi doirasida emas, balki undan tashqarida», - deb yozgan Mishel o‘zining Belgiyadan Yevropa parlamentiga nomzod bo‘lish borasidagi oldingi qarorini sharhlar ekan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa kengashi raisi lavozimida qolish qarori aynan muddatidan oldin iste’foga chiqishi ehtimoli bo‘yicha kelib chiqqan keskin munosabat tufayli qabul qilindi va u o‘z ketishidan Yevropa kengashini parchalash uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymoqchi emas, deya aniqlik kiritdi Mishel.

Sharl Mishel 2019 yilda Yevropa kengashi raisi lavozimida polshalik siyosatchi Donald Tusk o‘rniga kelgan. Yevropa kengashi raisi lavozimining o‘zi Lissabon shartnomasiga muvofiq, taxminan 15 yil avval ta’sis etilgan. Mishelning Yevropa kengashi raisi sifatidagi vakolati 2024 yilning noyabrida tugaydi. 

YeI endi Mishelni zudlik bilan almashtirishga muhtoj emas 

7 yanvar kuni Sharl Mishel Belgiya gazetalariga bergan intervyusida yozgi Yevropa saylovlarida Belgiya liberallari vakili sifatida ishtirok etish niyatida ekanini aytdi. Agar Mishel saylansa, u Yevropa kengashi rahbari lavozimini va Yevropa parlamentariysi o‘rnini birlashtira olmaydi. Bunday mojaroga yo‘l qo‘ymaslik uchun YeIga a’zo davlatlar rahbarlari Mishel o‘rniga voris nomzodini oldindan kelishib olishi kerak edi.

Bu Vengriya bosh vaziri Viktor Orban uchun vaqtinchalik YeI kengashiga raislik qilish imkoniyatini ochardi, chunki Vengriya 2024 yilning iyulidan dekabrigacha YeI kengashiga raislik qilishi kerak. Orban ko‘pincha Yevropa Ittifoqining umumiy siyosatiga qarshi chiqadi. Shu tariqa, dekabr oyida Vengriya Ukrainaga 2027 yilgacha 50 milliard yevro miqdorida makromoliyaviy yordam ajratishni bloklab, ushbu qarorga veto qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.

Mavzuga oid