O‘zbekiston | 10:43 / 29.01.2024
23525
3 daqiqa o‘qiladi

Transport vaziri va qator mas’ullarga hayfsan berildi

Prezident o‘tkazayotgan yig‘ilishda Toshkent shahrida tirbandlikni kamaytirish va jamoat transportini yaxshilashdagi kamchiliklar tufayli transport vaziri, uning birinchi o‘rinbosari, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i va “Toshshahartransxizmat” AJ raisiga hayfsan e’lon qilindi va oxirgi ogohlantirish berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligida uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilmoqda.

Ta’kidlanishicha, ushbu tizimda 3 ta vazirlik va idora, 3 ta inspeksiya, 5 ta kompaniya, hududlarda qurilish, uy-joy va kommunal xo‘jaligi sohalariga mas’ul hokim o‘rinbosarlari borligi, poytaxt va Toshkent viloyati hokimlariga qurilish va kommunal sohaga alohida o‘rinbosar berilganiga qaramay, bu kompleks xalq eng ko‘p norozi bo‘lib murojaat qiladigan sohalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Davlat rahbari qurilish sohasiga zamonaviy standartlarni joriy qilib, qurilish normalarini yangilash, ichimlik suvi tannarxi va tarmoqdagi yo‘qotishlarni kamaytirish, mahalliy aviareyslarni ko‘paytirish, Toshkent shahrida tirbandlikni kamaytirish va jamoat transportini yaxshilashdagi kamchiliklarni birma-bir sanab, mutasaddilarning bu boradagi ishlari qoniqarsiz ekanligini qayd etdi.

Shu munosabat bilan transport vaziri Ilhom Mahkamov, uning birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Olim Saidov va «Toshshahartransxizmat» AJ raisi Anvar Jo‘rayevga hayfsan e’lon qilindi va oxirgi ogohlantirish berildi.

Ilhom Mahkamov 2019 yilda transport vaziri birinchi o‘rinbosari lavozimida ish boshlagan, 2021 yil fevralidan buyon transport vaziri lavozimida ishlab kelmoqda, u 2024 yil 18 yanvarda ham mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga yetkazishda ishonchli logistika zanjirlarini tashkil qilish bo‘yicha o‘z yechimini kutayotgan masalalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda ogohlantirilgandi.

O‘shanda vazir yuk tashish uchun qo‘shimcha yig‘imlar, haydovchilar uchun viza rejimi murakkabligi va boshqa masalalar bilan lozim darajada shug‘ullanmayotgani uchun ogohlantirilgan.

Mamanbiy Omarov muqaddam Qoraqalpog‘iston Respublikasi transport vaziri bo‘lgan, 2023 yil sentabrida transport vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga o‘tgandi.

Mamanbiy Omarov. Foto: Transport vazirligi

Olim Saidov 2019 yil noyabridan IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan, 2022 yil yanvarida uning lavozimi IIV Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i lavozimiga o‘zgartirilgandi

Olim Saidov. Foto: Kun.uz

Anvar Jo‘rayev 2017-2018 yillarda «Toshshahartransxizmat» raisi bo‘lgan, 2019 yilda yana shu lavozimga qaytarilgandi.

Anvar Jo‘rayev. Foto: Kun.uz

Mavzuga oid