O‘zbekiston | 15:57 / 06.02.2024
4016
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda o‘rmon fondi yerlari qariyb 12 mln gektarga yetdi

So‘nggi olti yil davomida o‘rmon fondi yerlari 1 mln gektarga kengaygan.

O‘zbekistonda o‘rmon fondi yerlari kengaydi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Nizomiddin Bakirov o‘z axborotida ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi olti yil davomida o‘rmon fondi yerlari 1 mln gektarga kengayib, bugungi kunda 11,9 mln gektarga yetgan. Bu respublika umumiy yer maydonining 26,4 foizini tashkil etadi.

O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan 2023 yilda 235 ming gektar maydonda o‘rmon barpo qilish va qayta tiklash tadbirlari bajarilgan, o‘rmon fondi yerlarining foydalanilmayotgan 7 012 gektar maydonlari o‘zlashtirilgan.

Orolbo‘yi hududlarining ekologik barqarorligini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida 127,8 ming gektar, Buxoro viloyatida 40,6 ming gektar, Navoiy viloyatida 43,7 ming gektar va Xorazm viloyatida 10,6 ming gektar maydonda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan “yashil qoplamalar” barpo etilgan.

Nizomiddin Bakirovga ko‘ra, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublika bo‘yicha 3 mln tupga yaqin daraxtlar va butalar ko‘chatlari hamda nihollari bepul yetkazib berilgan, 457 gektar maydonda “yashil bog‘lar” barpo etilgan.

Shuningdek, qo‘shimcha qilinishicha, o‘rmon fondi yerlaridagi ekoturizm obektlari soni 280 taga, ekoturistik marshrutlar soni 38 taga, tashrif markazlari soni 5 taga yetkazilgan. 2023 yilda olinadigan yalpi daromad 320 mlrd so‘mni, o‘rmon mahsulotlari bo‘yicha ichki mahsulot ishlab chiqarish 8,8 trln so‘mni tashkil etgan.

Oldinroq Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun muhokama qilingandi.

Mavzuga oid