Andijonda kottejlar qurish uchun yer hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
Toshkent, Andijon, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlari aniqlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Chinoz tumanida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokati va uning opasi o‘zaro til biriktirib, hozirda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumga tegishli fermer xo‘jalikka baliqchilik bilan shug‘ullanish uchun 2016 yilda Chinoz tumani hokimining qaroriga muvofiq 49 yil muddatga ijaraga berilgan 9,72 gektar yer maydonini soxta hujjatlar asosida davlat idoralaridagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 35 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ushlandi.
Andijon shahridagi ulgurji savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatning muqaddam bir necha marotaba sudlangan rahbari yakka tartibdagi tadbirkor bilan til biriktirib, o‘ziga Asaka tumani hokimining 2020 yildagi qaroriga asosan issiqxona inshootlari qurish maqsadida ajratilgan 1 gektar yer maydonining toifasini mansabdor tanishlari orqali o‘zgartirib, u yerda 30 ta kottej tipidagi uy-joylar qurish uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga xaridordan 230 ming AQSh dollari talab qilishadi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, ular so‘ralgan pul mablag‘idan 30 ming AQSh dollarini oldindan olgan vaqtlarida ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda, Jarqo‘rg‘on tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik rahbari 2015 yilda tuman hokimining qarori bilan chorvachilik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish maqsadida 49 yil muddatga ijaraga berilgan yer maydonining 11 gektar qismini kadastr idoralaridagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 430 mln so‘m talab qilib, oldindan 23 600 AQSh dollari va 100 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda esa Urganch shahrida yashovchi 2 nafar fuqaro, Urganch tumani hokimligi zaxirasidagi 5 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurmoqchi bo‘lgan tadbirkor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 350 mln so‘m talab qilishib, oldindan 300 mln so‘m olgan vaqtlarida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
16:13 / 20.12.2024
Yigirmaga yaqin bolani 1,5 ming km masofaga tashiyotgan uchta Damas ushlandi
16:54 / 19.12.2024
Andijonda Suriyadagi terrorchi guruhlarga pul yuborgan fuqaro 10 yildan ortiq muddatga qamaldi
15:16 / 18.12.2024
Andijonda er-xotin is gazidan zaharlanib, vafot etdi
10:49 / 15.12.2024