O‘zbekiston | 09:58 / 06.02.2024
5255
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi e’lon qilindi

Yog‘ingarchilik hamda havo haroratining o‘zgarishi sababli respublikaning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi mumkin.

Foto: Kun.uz

«O‘zgidromet» agentligi 6-12 fevral kunlari O‘zbekistonning bir qator viloyatlarida qor ko‘chish xavfidan ogohlantirdi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yil 7-8 fevral kunlari A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tgan qismida qor yog‘ishi, vaqti-vaqti bilan kuchli yog‘ingarchilik va tuman kuzatilishi, ko‘rinuvchanlik 50 metrgacha pasayishi, shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi, oqibatda yo‘lda yaxmalak va qor uyumlari yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin.

2024 yil 6-12 fevral kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik hamda havo haroratining o‘zgarishi sababli respublikaning tog‘li hududlarida, jumladan:

  • Qashqadaryo viloyati: Dehqonobod, Kitob, Qamashi, Shahrisabz tumanlarida;
  • Surxondaryo viloyati: Boysun, Qumqo‘rg‘on, Sariosiyo, Uzun tumanlarida;
  • Samarqand viloyati: Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Samarqand, Urgut tumanlarida;
  • Jizzax viloyati: Baxmal, Zomin tumanlarida;
  • Toshkent viloyati: Bo‘stonliq, Parkent, Ohangaron tumanlari (Chotqol tizmasi tog‘lari);
  •  Namangan viloyati: Pop tumanida qor ko‘chish xavfi e’lon qilinadi.

“Tog‘li va tog‘oldi hududlarda istiqomat qiluvchi aholi, dam olish maskanlarida dam oluvchilar va ushbu hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid