O‘zbekiston | 19:17 / 06.02.2024
9432
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyaga sayohatga boruvchilar mahalliy tartib-qoidalarni buzish oqibatlaridan ogohlantirildi

Mahalliy aholi vakillari, ayniqsa ayollarni so‘ramasdan suratga olgani uchun ushlanib, izolyatorda saqlanayotganlar ham bor.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod etmasligi haqida ogohlantirdi.

«Oramizda chet elga vaqtinchalik yashashga yoki sayohat uchun chiqqandan keyin diqqatga sazovor joylarda suratga tushishni istamaydigan odam bo‘lmasa kerak. Ammo bu bilan cheklanmaydigan qiziquvchan sayyohlarimiz xam uchrab turadi. 

Borgan mamlakati muhitining suratlarda yaxshiroq aks etishi uchun ko‘p narsalarni obektiv orqali muhrlashga harakat qilib, ba’zida jarima yoki jazoga tortilishi ham mumkin. 

Har bir mamlakatning suratga olish-olmaslik borasida o‘z tartib-qoidalari bor. Masalan, Turkiyada mahalliy aholini so‘ramasdan suratga olish va uni tarqatish qat’iyan man qilinadi. Ayniqsa mahalliy ayollarni suratga olish mumkin emas. Bu shaxsiy hayotga tajovuz deb hisoblanadi. 

Ushbu qonunni buzganlik uchun ozodlikdan mahrum qilinish mumkin. Afsuski, fuqarolarimiz orasida ham mazkur qonunni buzib, Istanbulning Maltepe tumanidagi jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotganlar ham yo‘q emas», deyilgan xabarda.

Hozirda Bosh konsulxona shunday fuqarolarni ozod etib, ularni vatanga qaytarish uchun kerakli ishlarni olib borayotgani qayd etilgan. 

Mamlakat fuqarolaridan biror davlatga tashrif buyurishdan avval u yerdagi qonun-qoidalar bilan tanishib chiqish so‘ralgan.

Mavzuga oid