Jahon | 23:14 / 08.02.2024
14346
2 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyevning qamalgan jiyanidan davlat foydasiga 98 million dollar undirildi

Qayrat Sotiboldiuli o‘g‘irlikda aybdor deb topilib, 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. 

Qayrat Sotiboldiuli

Qozog‘istonning Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning jiyani Qayrat Sotiboldiulidan yana 44,6 milliard tengeni (98 million dollar) musodara qildi, u davlat mablag‘larini o‘zlashtirganlikda ayblanib, 6 yilga qamalgan. 

Mablag‘lar davlatga yetkazilgan zararni qoplash uchun respublika budjetiga o‘tkazildi. 

Sotiboldiuli 2022 yil mart oyi o‘rtalarida mansab vakolatini suiiste’mol qilish va «Kazaxtelekom» AJ bilan «Tsentr transportnogo servisa» AJ mablag‘larini o‘ta yirik miqdorda o‘zlashtirishda gumonlanib hibsga olingan edi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Sotiboldiuli va uning sobiq rafiqasi Gulmira ham biznesni bosqinchilik yo‘li bilan egallab olganlikda gumon qilingan. 

2022 yil sentabr oyida Ostona shahri sudi Sotiboldiulini o‘g‘irlikda aybdor deb topib, mol-mulki musodara qilinib, 10 yilga davlat xizmatida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 6 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. 

Bundan tashqari, sud uni Qozog‘iston milliy xavfsizlik organlari general-mayori maxsus unvonidan, shuningdek, «Kurmet» va «Parasat» davlat ordenlaridan mahrum etish bo‘yicha taklif kiritdi. 

2023 yil dekabr oyida Sotiboldiuli shartli ravishda ozod qilish to‘g‘risida so‘rov yubordi, ammo sud uning iltimosini rad etdi. 

Avvalroq, Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati Sotiboldiuli va unga aloqador shaxslar tomonidan noqonuniy yo‘llar bilan qo‘lga kiritilgan 464 milliard tengedan (1 milliard dollar) ortiq mulk va mablag‘lar davlatga qaytarilgani haqida xabar bergan edi.

Mavzuga oid