O‘zbekiston | 11:19 / 08.02.2024
26786
3 daqiqa o‘qiladi

Nurafshon TV telekanali xodimi hamkasbiga shilqimlik qilgani uchun qamaldi

Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi davlat telekanali bosh muharriri o‘rinbosari o‘z xodimasini ish joyiga aldab chaqirib, unga tegajog‘lik qilgan.

O‘z xodimasiga shilqimlik qilgan Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi Nurafshon TV telekanalining bosh muharrir o‘rinbosariga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda sud qaroriga tayanib, Gazeta.uz xabar berdi.

2024 yil 6 fevral kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish)ga oid sud ishi ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, 27 yanvar kuni 1988 yilda tug‘ilgan X.Sh. (muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilgan) o‘z xodimasini ish joyiga aldab chaqirib, unga tegajog‘lik qilib, uni burchakka taqab, o‘pmoqchi bo‘lgan. Qiz bunday holat anchadan buyon bo‘lib kelayotganini, bu holatdan so‘ng asabiylashib qolganini bildirib, suddan X.Sh.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni va unga yetkazilgan ma’naviy zararni undirib berishni so‘rab, ko‘rsatma bergan.

Sudlanuvchi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan huquqbuzarlik harakatiga iqrorligini, hozirda qilgan ishidan pushaymonligini, qilmishining oqibatlarini tushunib yetganini, kelgusida bunday holat boshqa takrorlanmasligini bildirib, suddan unga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.

Sud qaroriga ko‘ra, X.Sh. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan aybdor deb topilgan, unga nisbatan 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.

Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasiga ko‘ra shahvoniy shilqimlik qilish, ya’ni shaxsga nisbatan uning uchun nomaqbul bo‘lgan hamda uning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan, shaxsning tashqi qiyofasini yoki qaddi-qomatini tavsiflashda, imo-ishora qilishda, teginishda, chaqirishda ifodalangan, shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan harakatlarni bir marta qo‘pol ravishda yoki bir necha marta sodir etish, bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Ushbu modda qonunga 2023 yil 12 aprel kuni kiritilgan.

Avvalroq, O‘zbekistonda 2023 yilda 666 kishi shilqimlik uchun javobgarlikka tortilgani xabar qilingandi. Ularning 233 nafariga jarima jazosi, 433 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llangan.

Mavzuga oid