Jamiyat | 12:29 / 08.07.2024
8059
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 80 yoshli ayolga shilqimlik qilgan erkak 5 sutkaga qamaldi

Mirzo Ulug‘bek tumanida hojatxonasidan foydalanib olishni iltimos qilgan holda 80 yoshli ayolning uyiga kirgan erkak unga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgan. Undan bunday harakatni kutmagan kampir qo‘shnilarini chaqirib, ichki ishlar organiga xabar bergan.

Toshkent shahrida yoshi katta ayolga shilqimlik qilgan erkak ma’muriy qamoq jazosiga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud qarorida keltirilishicha, 1969 yilda tug‘ilgan R.S. 2024 yilning 4 iyul kuni Mirzo Ulug‘bek tumani, Jasorat mahallasidagi ko‘p qavatli uylardan birida yashovchi 80 yoshli ayoldan uyining hojatxonasidan foydalanib olishni iltimos qilgan. Ayol xo‘p deya uni uyiga kiritgan. Biroq erkak hojatxonadan foydalanmasdan, kiyimlarini yechib, ayolga shahvoniy shilqimlik harakatlarini qilgan.

Sudda so‘ralgan erkak aybiga iqror bo‘lib, kelgusida bu kabi holatni boshqa takrorlamaslikni aytgan hamda suddan o‘ziga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.

Jabrlanuvchi ayol esa sudda 80 yoshda ekanligini, hojatxonasidan foydalanishga ruxsat so‘rab uyiga kirgan erkak unga shilqimlik qilganini bildirgan. Ayol o‘z ko‘rsatmasida erkakka o‘g‘li kelib qolmasdan uydan chiqib ketishini aytganini, ammo u chiqib ketmaganligini, so‘ngra qo‘shnilarini chaqirib, ichki ishlar organiga xabar berganligini ma’lum qilgan. U  huquqbuzarni kechirmasligini va qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.  

 Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzu Ulug‘bek tuman sudining 2024 yil 5 iyuldagi qarori bilan R.S. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasida (shahvoniy shilqimlik) hamda 194-moddasining 1-qismida (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilgan. Unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. 

Oldinroq Toshkentda xaridor ayolga shilqimlik qilgan tarvuz sotuvchi qamalgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid