Andijonda “Tashabbusli budjet” loyihalari ijrosida moliyaviy xatolarga yo‘l qo‘yilgan – Senat
Senat yalpi majlisida Andijon va Toshkent viloyatlaridagi dasturlar ijrosi muhokama qilindi. O‘rganishlarda ushbu viloyatlarda dasturlar ijrosi bo‘yicha qator natijalarga erishish bilan birga kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Senat yalpi majlisida Andijon va Toshkent viloyatlari hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi.
Andijon viloyati
Viloyatda investitsiya dasturlari doirasida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida umumiy qiymati 641,8 mln dollarlik 432 ta loyiha ishga tushirilgan. Natijasi 30 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Iqtisodiy faollikning oshishi natijasida 4,2 mingta yangi kichik tadbirkorlik sub’yekti tashkil etilgan. Bugungi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan sub’yektlar soni 24,4 mingga yetgan. Hududiy bandlik dasturi doirasida 532 ming nafar fuqaroning doimiy va mavsumiy ishlarda bandligi ta’minlangan.
O‘rganish davomida ayrim kamchiliklar va muammolar ham mavjudligi aniqlangan. Jumladan, hududiy bandlik dasturi ijrosi doirasida qishloq xo‘jaligi sohasida doimiy bandlikni ta’minlash bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlari ijrosi ta’minlanmagan. Jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasida doimiy ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichi atigi 45 foizga, jamoat ishlariga jalb qilish orqali fuqarolarning bandligini ta’minlash dasturi ijrosi esa atigi 40 foizga bajarilgan.
Qayd etilishicha, viloyatda moliyaviy nazorat tadbirlarida “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlarga ajratilgan mablag‘lar hisobidan 132 ta holatda 676,5 mln so‘mlik hamda “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan 36 ta holatda 453,6 mln so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Jumladan, Izboskan tumanida jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 62 nafar fuqaroga berilishi kerak bo‘lgan 36,9 mln so‘m moddiy yordam Xalq banki tuman filiali g‘aznachisi tomonidan boshqa maqsadlarda sarflab yuborilgan. Yoshlar ishlari agentligining Xonobod shahar bo‘limi rahbari tomonidan esa 28 nafar yoshni asossiz ravishda “Yoshlar daftari” platformasiga kiritib, davolanishga muhtoj deb hujjat rasmiylashtirilgan va ular nomidagi plastik kartalarga o‘tkazib berilgan 357,2 mln so‘m naqdlashtirilib, boshqa maqsadlarga sarflangan
2023 yilda “Tashabbusli budjet” loyihalarining ijrosi moliyaviy nazoratdan o‘tkazilganda 43 ta holatda 1,9 mlrd so‘mga yaqin xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Xususan, 3 ta holatda yetkazib berilmagan 800 mln so‘mlik jihozlar uchun to‘lovlar amalga oshirilgan, 21 ta holatda loyiha-smeta hujjatlariga 483,2 mln so‘mlik ish hajmi ortiqcha kiritilgan, 11 ta holatda loyiha-smeta hujjatlarida ko‘rsatilgan 581,8 mln so‘mlik ishlar bajarilmagan.
Toshkent viloyati
Viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 5 foizga yoki 107,9 trln so‘mga oshgan va aholi jon boshiga YaHM 35,7 mln so‘mni tashkil etgan.
Investitsiya dasturlari doirasida 2023 yilning 1 dekabr holatiga 958 mln dollarlik 763 ta loyiha ishga tushirilib, 23 296 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Ma’lum qilinishicha, viloyatning ayrim tuman (shahar)larida faoliyat ko‘rsatmayotgan tadbirkorlik sub’yektlari soni oshgan. Ushbu ko‘rsatkich Parkent tumanida 874 ta, O‘rta Chirchiq tumanida 143 ta, Bekobod shahrida 461 ta, Piskentda 542 ta va Quyi Chirchiqda 483 tani tashkil etgan.
Viloyatda tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida erkin raqobat muhitini ta’minlash ishlari o‘rganilganida nazorat organlari tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlarda 58 ta qonunbuzilishi holati, shundan 21 tasida noqonuniy tekshirish va 37 tasida tekshirish o‘tkazish tartibini buzish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Ularning 13 tasi O‘simliklar karantini agentligi, 11 tasi viloyat soliq boshqarmasi, 10 tasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi va 8 tasi qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi xodimlari tomonidan sodir etilgan.
Viloyatda tadbirkorlar tomonidan kelib tushgan murojaatlarning 126 tasida uni ko‘rib chiqish muddati buzilgan. Jumladan, Yangiyo‘l tumanida 21 ta, Toshkent tumanida 16 ta va Chirchiq shahrida 11 ta holatda tadbirkorlarning murojaatlari ko‘rib chiqilishida qonunbuzilishga yo‘l qo‘yilgan.
O‘rganish natijalari bo‘yicha har ikki viloyatda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining samarali ijro etilishini ta’minlash yuzasidan “Yo‘l xaritasi” tayyorlangan.
Mavzuga oid
14:55 / 22.12.2024
Jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni saqlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
16:13 / 20.12.2024
Yigirmaga yaqin bolani 1,5 ming km masofaga tashiyotgan uchta Damas ushlandi
16:54 / 19.12.2024
Andijonda Suriyadagi terrorchi guruhlarga pul yuborgan fuqaro 10 yildan ortiq muddatga qamaldi
17:20 / 18.12.2024