Jahon | 12:12 / 11.02.2024
34705
16 daqiqa o‘qiladi

Biri “ispan”, boshqasi “fransuz”ga aylangan KGB xodimlari – sovet josuslari xorijda yashirincha qanday ishlagandi?

“Kapitalistik G‘arb”ga qarshi turgan sovetlar o‘z vaqtida dunyo bo‘ylab juda yirik josuslik tarmoqlarini tashkil etgan. Ayrim josuslar boshqa ism-sharif bilan mahalliy millat vakiliga aylanib, o‘zi ishlagan davlatda uzoq yillar yashagan. Ular orasida o‘sha davlat mukofotlarini olgan josuslargacha bor. Bunday josuslarning faoliyati sir saqlangan bo‘lib, yaqinda FSB ulardan bir guruhini maxfiylikdan chiqardi.

Fotokollaj: Kun.uz

SSSR ikkinchi jahon urushidan so‘ng G‘arb dunyosiga raqobatchi qutb sifatida maydonga chiqadi. Stalin o‘limi arafasida NKVD tarkibidan alohida tashkilotga aylantirilgan KGB ko‘p o‘tmay alohida bo‘ladi va butun dunyo bo‘ylab josuslik tarmoqlarini tashkil etadi.

KGB uchun ishlagan josuslarning bir qismi fosh bo‘ladi, boshqalari G‘arbga qochib ketadi. Muvaffaqiyatli ishlagan josuslarning ism-sharifi hanuzgacha sir tutib kelinadi.

2020 yilda Rossiya tashqi razvedka xizmati o‘zining 100 yilligi munosabati bilan birinchi marta “maxsus rezerv”ga kiritilgan va ma’lumotlari sir saqlangan yetti nafar taniqli sovet va rus josuslarining ism-shariflarini oshkor qildi.

Ularning barchasi yillar davomida o‘ta maxfiy tarzda SSSR va Rossiyaning xorijiy vakolatxonalari bilan hech qanday aloqa o‘rnatmagan holda ishlagan. Bunday shaxslar “nolegal josuslar” deb ataladi.

“Nolegal josus” kim? O‘z millati, davlati va ism-sharifini yashirib, butunlay boshqa ism, o‘zga millat va davlat vakili sifatida yashagan josuslar “nolegal josuslar” maqomida bo‘lishgan.

Bir so‘z bilan aytganda boshqa “nolegal josuslar” boshqa nom ostiga yashirinadigan odamlar. Ular birida amerikalik, boshqasida fransiyalikka aylanishadi.

“Shunday paytlarda siz batamom boshqa odamga aylanishingiz va qaysi millat vakili bo‘lsangiz, ularning madaniyatini, tilini, urf-odatlarini mukammal bilishingiz kerak”, degan edi KGB josuslaridan biri Gevork Vartanyan o‘z intervyularidan birida.

Eronda "fors" qiyofasida yashagan Gevork Vartanyan va xotini 1943 yilda Tehronda o‘tkazilgan konferensiya kunlarida Stalin, Ruzvelt va Cherchillga uyushtirilgan suiqasdning oldini olishga yordam berishgan.
Foto: dzen.ru

Aynan Vartanyan va uning rafiqasi Goar 1943 yilda Tehronda nemis josuslik xizmatlari tomonidan Gitlerga qarshi koalitsiya tuzgan davlatlar rahbarlari – Stalin, Ruzvelt va Cherchillga uyushtirilgan suiqasdning oldini olishga yordam berishgan.

Vaqt o‘tishi bilan “nolegal josus” obrazi sovet madaniy hayotiga ham kirib boradi va u haqda asarlar yoziladi, filmlar ishlanadi. “Bahorning o‘n yetti lahzasi” yoki “Razvedkachining jasorati” kabi filmlarni eslang. Bu filmlar qahramonlari o‘ylab topilgan va hayotda hech qachon unday bo‘lmagan.

“Nolegal josuslar” o‘z nomidan voz kechishi, do‘stlari va yaqinlarini yo‘qotishga chidashi lozim edi. Bundan tashqari, ular hayoti va o‘limi yaqinlari uchun batamom sir bo‘lib qolishini tushunishi kerak edi. Quyida rossiyaliklar maxfiylikdan chiqargan josuslar haqida hikoya qilamiz.

Yevgeniy Kim

Yevgeniy Kim 1932 yilda Koreyada tug‘ilgan va keyinchalik oilasi bilan SSSRga ko‘chib o‘tgan. U rus, yapon, koreys, ingliz va ispan tillarini bilgan va 1962 yildan KGB Birinchi bosh boshqarmasining tezkor xodimi bo‘lgan.

1966 yilda KGB Kimni “josuslik vaziyati murakkab bo‘lgan” Osiyo davlatlaridan biriga jo‘natadi. Bu mamlakat nomi hanuzgacha sir tutiladi (Janubiy Koreya deb taxmin qilinadi).

Begona davlatga yetib borgan Kim eng avval hamkasblari tomonidan toshlar tagiga yashirilgan dehqon kiyimi va hujjatlarni oladi. U ana shu kamtarona kiyim bilan butunlay o‘zga bir inson qiyofasiga kirish uchun 15 yildan ortiq vaqt sarflaydi.

Kim borgan davlatida yuqori mavqega ega amaldor darajasigacha ko‘tarila oladi va shundan so‘ng SSSRga qimmatli maxfiy ma’lumotlarni uzatishni boshlaydi.

Yevgeniy Kim
olegfochkin.mirtesen.ru

Uzoq yillar xorijda yashagan Kim Moskvada qolgan rafiqasi va o‘g‘li bilan bir necha marta uchrashishga muvaffaq bo‘ladi. KGB ularning Kim ishlayotgan davlatga sayohatga borishlarini tashkillashtiradi.

Kimning xotini slavyancha ko‘rinishda bo‘lgani uchun uchrashuvlar har ikki tomonga xavf tug‘dirishi mumkin edi. Biroq hammasi rejadagiday amalga oshadi.

Kunlarning birida Kimning o‘smir yoshdagi o‘g‘li cho‘kib ketadi. U rahbarlaridan ruxsat olib, Moskvaga bir kunga kelib ketadi. O‘shanda u o‘g‘lining dafn marosimini o‘tkaziboq ortga qaytgandi.

Kim Osiyo davlatida 1989 yilgacha ishlaydi va u yerda o‘zi yaratgan josuslik tarmog‘ini nazorat qiladi. So‘ng ortga qaytadi. 1998 yilda Moskvada Kimni mashina urib yuboradi va u halok bo‘ladi.

Vitaliy va Lyudmila Nuykin

Vitaliy Nuykin xotini Lyudmila bilan KGBdagi xizmatini 1960 yilda boshlaydi. Ular 1986 yilgacha dunyoning 18 ta davlatida muvaffaqiyatli ishlaydi.

Lyudmila Nuykinaning so‘zlariga ko‘ra, u josuslikni eri tufayli tanlaydi va KGB xodimiga aylandi. Er-xotin KGBda ish boshlaganda ularning to‘rt yoshli Yura ismli o‘g‘li bor edi.

Vitaliy va Lyudmila xorijga ketishdan avval uni buvisi tarbiyasiga topshiradi. Yura va boshqa qarindoshlar ham er-xotin Nuykinlarning josusligini bilmas, ularni diplomat deb bilishardi.

“Bahorning o‘n yetti lahzasi” filmi ekranlarga chiqqanda qarindoshlar Vitaliy va Lyudmilaning Tashqi ishlar vazirligidagi xizmati unchalik oddiy ish emasligini anglaydi.

Nuykinlar xorijiy davlatda ishlab yurganida o‘g‘il farzandli bo‘ladi. Shunda Mosvadan “Bola hech qachon sizlarning SSSRdan ekaningizni bilmasligi kerak. Uning oldida rus tilida gaplashmang” degan buyruq keladi.

Shundan so‘ng er-xotin yolg‘iz bo‘lganlarida ham rus tilida gaplashishni to‘xtatib, to‘liq fransuz tilida so‘zlashishga o‘tadi (o‘sha paytda ular Fransiyada er-xotin fransuz bo‘lib ishlayotgandi).

Vitaliy va Lyudmila uchun asosiy to‘siq til bilan bog‘liq noqulaylik emasdi. G‘arbdagi turmush tarzi bilan SSSRdagi turmush tarzida juda katta tafovut bor edi va er-xotinning bunga ko‘nikishi qiyin bo‘ladi.

Vitayliy va Lyudmila Nuykin
Foto: pikabu.ru

Bir marta xarid qilib yurishganda Lyudmila supermarketdagi sifatli hojatxona qog‘ozini ko‘rib ko‘zi quvnab ketadi va undan bir nechta o‘ramini olib aravachaga solmoqchi bo‘ladi.

O‘sha paytlarda SSSRda hojatxona qog‘ozi juda kamyob mahsulot edi. Ayol juda sifatli tayyorlangan hojatxona qog‘ozini ko‘rgach o‘zini tuta olmaydi. Shu paytda eri uning qo‘lini qatttiq siqadi. Birdaniga ayolning hushi joyiga keladi va hojatxona qog‘ozlarini joyiga qo‘yib, boshqalarday bitta o‘ramini oladi.

Boshqa safar Vitaliy aeroportga borganida sobiq sinfdoshiga duch kelib qoladi. U o‘zini begonalarday tutib o‘tib ketmoqchi bo‘ladi. Biroq Vitaliyni tanib qolgan sinfdoshi kutish zalida unga qarab otiladi.

O‘shanda Vitaliy sinfdoshidan qutulish uchun fransuz tilida unga o‘zini boshqa birov bilan adashtirayotganini uqtirishiga to‘g‘ri keladi.

1985 yilda KGB zobiti Oleg Gordiyevskiy Britaniyaga qochib ketadi va xorijda ishlab kelayotgan juda ko‘plab KGB josuslarini MI-5 ga oshkor qiladi. Oshkor bo‘lganlar orasida Vitaliy Nuykin va uning xotini Lyudmila ham bor edi.

KGB zobitining Britaniyaga qochib ketishi Vitaliy va Lyudmila uchun ayanchli tugashi mumkin edi. Gordiyevskiy MI-5 ga xorijda ishlayotgan KGB josuslari ro‘yxatini topshirganda er-xotinlar Moskvada ta’tilda edi. Ana shu holat ularni qo‘lga tushishdan asrab qoladi.

Shundan so‘ng KGB Vitaliy va Lyudmilani Fransiyaga jo‘natmaydi va ular haqidagi ma’lumotlarni maxfiylashtiradi. Gordiyevskiy tufayli KGBning G‘arbiy Yevropada yirik josuslik tarmog‘ini tashkil etish rejasi barbod bo‘ladi.

Mixail Vesenkov

Maxfiylashtirilgan josuslardan yana biri Mixail Vasenkov edi. 1942 yilda tug‘ilgan Mixail Vasenkov 1970-yillarning boshlarida KGBga ishga kiradi.

O‘qishni tugatganda u ispan va ingliz tillarini mukammal bilardi. Shu sababli KGBda Vasenkovni janubiy amerikalikka aylantirishadi va Ispaniyaga yuborishadi.

1975 yilda Vasenkov Ispaniyada siyosiy aloqalarga va maxfiy ma’lumotlarga ega bo‘lgan shaxslardan iborat josuslik tarmog‘ini yaratib, uni boshqara boshlaydi.

Vasenkovning tashqi ko‘rinishi janubiy amerikaliklarga o‘xshab ketardi. Shu sababli u Ispaniyada Urugvay fuqarosi Xuan Xose Lazaro niqobi ostida yashaydi.

1976 yilda Vasenkov Peruga ko‘chib o‘tadi. O‘shanda Peruni amerikaliklar qo‘llagan harbiylar egallab olgani uchun sovet razvedkasi bu mamlakatga katta qiziqish bildirgandi.

Vasenkov Peruda bo‘lganida u ispan tilining mahalliy lahjasini qunt bilan o‘rganadi va fotograflikka qiziqib qoladi. Keyinchalik “Xuan Lazaro” professional fotografga aylanadi va hatto fotosuratlarini sota boshlaydi.

Mixail Vasenkov va Viki Pelaes
Foto: kp.ru

Boshqa tomondan fotograflik Vasenkov uchun zo‘r niqob edi. U bo‘yniga fotoapparatni ilib Peru bo‘ylab yurar ekan, hech kim undan shubha qilmasdi. Vasenkov o‘zini to‘xtatgan politsiya xodimlariga yoki harbiylarga professional fotografligini, fotosuratlarni sotib tirikchilik qilishini aytar va shu yo‘l bilan vaziyatdan oson chiqib ketardi.

Peruda uch yil yashagach, Vasenkov bu mamlakat fuqarosiga aylanadi va pasport oladi. So‘ng mahalliy jurnalist Viki Pelaes bilan ishqiy munosabatlarni boshlaydi.

Oradan bir necha yil o‘tgach, Vasenkov va Viki Pelaes turmush qurishadi. Bu paytga kelib Vasenkov Vikiga o‘zini oshkor qilgan va ayolni ham KGB foydasiga ishlashga ko‘ndirgan edi.

Keyinchalik er-xotin AQShga o‘tkaziladi. Vasenkov u yerda Peru fuqarosi sifatida yashaydi va josuslik bilan shug‘ullanadi. KGB polkovnigi AQShda doktorlik dissertatsiyasini yoqlaydi. So‘ng Manhetten universiteti professoriga aylanadi va leksiyalar o‘qiydi. Vasenkov AQShda uzoq yillar qolib ketadi.

2010 yilda Rossiya tashqi razvedka xizmati polkovnigi Aleksandr Poteyev Amerikaga qochib ketadi. Poteyev AQShga yetib borgach o‘zidagi barcha ma’lumotlarni MRBga oshkor qiladi.

Uning ma’lumotlariga asoslanib Amerikada faoliyat olib borayotgan Rossiya tashqi razvedka xizmatining to‘qqiz nafar xodimi qo‘lga olinadi. Ular orasida Mixail Vasenkov ham bor edi. MRB uni 2010 yil 27 iyun kuni hibsga oladi.

Avvaliga Vasenkov o‘zini ovsarlikka soladi. Biroq MRB xodimlari uning oldiga Poteyev tomonidan taqdim etilgan shaxsiy ma’lumotlar jamlanmasini qo‘ygach barchasini tan oladi.

Ko‘p o‘tmay Rossiya va AQSh hibsga olingan josuslarni o‘zaro almashadi. Jarayon Avstriya poytaxti Vena shahrida bo‘lib o‘tadi. Shu tariqa Vasenkov va uning xotini Rossiyaga qaytib keladi.

Keyinchalik u xotini bilan Peruga ko‘chib ketadi va 2022 yilda 79 yoshida vafot etadi.

Vitaliy va Tamara Netiksa

Vitaliy Netiksa 1946 yilda tug‘ilgan va  KGBga xizmatga 1970-yillar boshida xotini Tamara Netiksa bilan birga kelgandi. 1972 yilda er-xotinni KGBning nolegal razvedka bilan shug‘ullanuvchi “S” bo‘limiga ishga o‘tkazishadi.

Vitaliy va Tamara Netiksa qizi bilan Janubiy Amerikadagi davlatlardan birida
Foto:aif.ru

Vitaliy va Tamara ispan tilini o‘rgana boshlaydi. Ularga KGBning ispaniyalik xodimi Afrika de las Eras Gavilan ism-sharifli ayol ustozlik qiladi.

Afrika Vitaliy va Tamaraga ispan tilining Lotin Amerikasida keng tarqalgan bir nechta lahjasini mukammal o‘rgatadi.

Olti yil davom etgan ta’limdan so‘ng 1978 yilda Vitaliy va Tamara Lotin Amerikasidagi davlatlardan biriga ishga yuboriladi. Ular ispan millati vakillariga aylanishgandi.

Er-xotin xorijda 20 yil ishlashadi va 1998 yilda Rossiyaga qaytishadi. Vitaliyni Rossiya tashqi razvedka xizmati markaziy apparatiga ishga olishadi.

Vitaliy va Tamara xorijda ishlab yurishganda bir o‘g‘il va bir qiz farzandli bo‘lishgan. Hozir ular Rossiyada yashashadi.

Vitaliy 2011 yilda nafaqaga chiqadi va o‘sha yili sentabrda vafot etadi. Tamara Netiksa esa 2014 yilda 64 yoshida nafaqaga chiqadi.

Yuriy Shevchenko

Yuriy Shevchenko 1963 yilda KGBga ishga kirganida 23 yoshda edi. Rossiya tashqi razvedka xizmati ochiqlagan ma’lumotlarga ko‘ra Shevchenko 1969 yildan buyon razvedka muammolarini hal qilish uchun muntazam ravishda chet elga xizmat safarlariga borgan, qimmatli manbalar bilan ishlagan, xorijliklarni josuslikka jalb qilishda qatnashgan.

Yuriy Shevchenko
Foto: alamy.com

Shevchenko 2001 yilgacha tashqi razvedka xizmatida ishlagan va o‘z faoliyati davomida juda ko‘p turli qimmatli ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan.

2020 yil noyabrda 80 yoshli Shevchenko Moskvada vafot etadi. Ungacha u yosh josuslarga dars o‘tadi va leksiyalar o‘qiydi.

Vladimir Loxov

Polkovnik Vladimir Loxov Gurjistonda, Janubiy Osetiyada tug‘ilgan. U 1953 yilda Ozarboyjon Davlat universitetining yuridik fakultetini tugatadi.

U 1957 yilda KGBning tashqi razvedka uchun mas’ul bo‘lgan birinchi bosh boshqarmasiga ishga kiradi va maxsus zaxiradagi xodimlar safiga qo‘shiladi.

Loxov 1962 yilning avgustigacha maxsus sharoitlarda ishlashni o‘rganadi. So‘ng xorijga xizmatga yuboriladi va Osiyo, Yevropa hamda Sharqning o‘nlab mamlakatlarida maxsus topshiriqlarni bajaradi.

1963 yil avgust oyida Loxov Osiyo davlatlaridan birida tadbirkor niqobi ostida qonuniy ro‘yxatdan o‘tishga muvaffaq bo‘ladi.

1965 yil noyabr oyida Loxov o‘zi ishlayotgan davlatda qimmatli va ishonchli josus bilan aloqa o‘rnatadi va uning yordamida josuslik tarmog‘ini yaratadi.

Vladimir Loxov turli qiyofalarga kira olgan
Foto: rg.ru

1973 yilda Loxov SSSRga qaytib keladi va KGB birinchi bosh boshqarmasida ishlay boshlaydi. Keyinchalik 1979 yilda unga bosh boshqarmadagi “S” bo‘limi boshlig‘i vazifasini topshirishadi. U 1991 yilgacha shu vazifada ishlaydi va nafaqaga chiqadi. Loxov 2002 yilda vafot etadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid