Jahon | 23:22 / 14.02.2024
13666
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina taslim bo‘lmaydi, biz ham taslim bo‘lmaymiz - Pentagon rahbari

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning ta’kidlashicha, G‘arb ittifoqchilari va hamkorlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda qo‘rqmasdan qat’iy davom etadi. 

Foto: The New York Times

Pentagon rahbari bu haqda virtual formatda o‘tayotgan Ukraina mudofaasi bo‘yicha (Rammshtayn-19) aloqa guruhi yig‘ilishi avvalida aytdi. Ostin yig‘ilishda butun dunyodan ko‘p sonli ittifoqchi va hamkorlar ishtirok etayotgani, bu koalitsiyaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdagi qat’iyati va birligidan dalolat ekanini ta’kidladi. 

«Biz chekinmaymiz», deb ta’kidladi Ostin va bu oy Rossiyaning tinch va demokratik Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganiga ikki yil to‘lishini ta’kidladi. 

Ostin ta’kidlaganidek, Rossiya prezidenti Vladimir Putin adolatsiz va asossiz urush boshlash uchun Ukrainani ayblagan. 

«Ammo u bundan ortiq xato qilmasa kerak. Ukraina Putinning bosqiniga qarshi aql bovar qilmaydigan jasorat va ajoyib mahorat bilan kurashmoqda», dedi AQSh Mudofaa vaziri. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, butun dunyo mamlakatlari Ukraina uchun birlashgan. 

«Ushbu aloqa guruhi mamlakatlarini qariyb ikki yildan keyin hamon yagona maqsad birlashtirib turibdi. Kreml biz hammamiz Ukrainaga qiziqishimizni yo‘qotamiz va bizning qo‘llab-quvvatlovimiz so‘nib qoladi, deb o‘ylashda davom etmoqda. Lekin men avvalgidan ham qat’iyroqman, bilaman, siz ham. Ushbu aloqa guruhi qat’iy, qo‘rqmas va metin bo‘lib qolayotganini bilaman», dedi Ostin. 

U, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Ukraina tomonida ekaniga shubha qilmaslikka chaqirdi. 

«Amerika Ukrainani Putinning imperialistik agressiyasiga qarshi prinsipial kurashini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi», dedi Ostin. 

Uning fikricha, Kreml o‘z xatti-harakatlari tufayli o‘zini-o‘zi izolyatsiya qilish holatiga yanada chuqurroq botib bormoqda. 

Ostinning ta’kidlashicha, Rammshtayn formatidagi ishtirokchilar jang qilish uchun Ukrainaga harbiy yordam yuborishda davom etmoqda. 

«Bugun biz Ukrainaning qisqa muddatli ehtiyojlari, jumladan artilleriya, raketalar va havo hujumidan mudofaa raketalariga bo‘lgan ehtiyojlari ustida ishlaymiz», dedi Ostin. 

AQSh Mudofaa vaziri Rammshtayn koalitsiyasini o‘z sa’y-harakatlarini faollashtirishga chaqirdi. Uning aniqlik kiritishicha, bu koalitsiya Ukrainaning bo‘lajak kuchlarini Rossiyaning doimiy tajovuzidan tiyib turish va himoya qilish uchun poydevor yaratishga yordam beradi. 

«Biz o‘z yordamimizni Ukrainaning qisqa va uzoq muddatli xavfsizlik talablariga moslashtirishda davom etamiz», dedi Ostin. 

AQSh Mudofaa vazirining ishontirishicha, aloqa guruhi Ukraina o‘z yutuqlarini saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan hamma narsaga ega bo‘lishini ta’minlash va yaqin oylarda Rossiya harbiy kuchlarini siqib chiqarishda davom etishi uchun birgalikda ishlashda davom etadi. 

«Ukrainani Putinning imperialistik tajovuziga qarshi kurashining natijasi o‘nlab yillar davomida global xavfsizlikni belgilashga yordam beradi», deb ta’kidladi Ostin. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hayot-momot kurashini olib borayotgan bir paytda bir chetda qarab turish mumkin emas.

«Ukraina taslim bo‘lmaydi, biz ham taslim bo‘lmaymiz», dedi AQSh Mudofaa vaziri.

Mavzuga oid