O‘zbekiston | 15:51 / 16.02.2024
28689
16 daqiqa o‘qiladi

Ko‘rinmay qolgan “Smartbolla”. Odamlar yana chuv tushdimi?

“Smartbolla” kompaniyasi 10 ta noyob ilova ishlab chiqishini e’lon qilib, odamlar loyihaga pul tikishi uchun katta piar kampaniya o‘tkazgan edi. Lekin 2022 yilda taqdim etilishi aytilgan ilovalar haligacha bitmadi, bu esa shubhalarni tug‘dirmoqda. Jurnalist Dilbar Elamanovaning bu borada o‘tkazgan surishtiruvi Kun.uz'ning e’tiborini tortdi. Xo‘sh, shou-biznes yulduzlari reklama qilgan loyiha taqdiri nima bo‘ldi? Loyiha asoschisi Murod Hasanov nima demoqda? Ko‘rsatuvni ko‘rib shular haqida batafsil bilib olasiz.

Bundan 3 yil oldin Dubayda ochilgan “Smartbolla” kompaniyasi O‘zbekistonda katta reklama kampaniyasini o‘tkazgan edi. Kompaniya o‘zini jahon IT bozoriga shiddat bilan kirib kelayotgan brend sifatida tanishtirib, ijtimoiy tarmoqlarni “portlatgan”, uni taniqli shaxslar reklama qilgandi. Hozirga kelib esa bu kompaniya faoliyati haqida turli shubha-gumonlar paydo bo‘la boshlagan.

Bu borada surishtiruv e’lon qilgan jurnalist Dilbar Elamanova Kun.uz'ga bergan intervyusida loyihaga pul tikkanlar bilan suhbatlari va o‘rganishlari chog‘ida tahdidga uchragani haqida gapirib berdi. “Smartbolla” kompaniyasi rahbari Murod Hasanov Kun.uzʼga bergan izohida surishtiruvda iddao qilingan holatlarni rad etdi.

Dilbar Elamanova Factchecknet.uz saytida e’lon qilgan surishtiruvida “Smartbolla” kompaniyasining shiddatli piar kampaniyasi ortidan odamlar chuv tushgani, 100 dollardan 7 ming dollargacha pul tikkan investorlar 2 yildan beri pullarini qaytarib ololmayotgani haqida so‘z yuritadi.

2021 yilda ochilgan “Smartbolla” kompaniyasi noyob algoritmga ega ilovalarni ishlab chiqishi, xohlovchilar loyihaga 100 dollardan 90 ming dollargacha pul tikishi mumkinligi, kompaniya foydaga kirganidan keyin esa ularga foydadan dividend to‘lashni va’da qilgan.

“2021 yil boshida ular Instagram'ni portlatdi desa ham bo‘ladi. Mega yulduzlar, odamlar yaxshi ko‘radigan blogerlar va hattoki Markaziy Osiyoda o‘zining imiji va obro‘siga ega bo‘lgan Alisher Uzoqov ham bir necha oy Dubayda bo‘ldi. Shu kompaniyaning faoliyatiga qiziqishni boshladim. Ular birin-ketin o‘zlari ishga tushirmoqchi bo‘lgan dasturlar haqida e’lon berdi – ular bu dasturlarni noyob algoritmga ega dasturlar deb tanishtirgandi. GPT'dan so‘rab ko‘rdim, shunaqa loyihani amalga oshirish qanchalik imkonli, shunday loyiha o‘zi amalga oshirilganmi, deb so‘raganimda, qiyin masala deb javob berdi. Qanday qilib GPT qiyin degan narsani biznikilar qila olarkan degan savol tug‘ildi”, – deydi Dilbar Elamanova.

“Smartbolla” o‘z faoliyatining ilk kunlaridan boshlab 10 ta “noyob algoritmga ega ilovalarni ishlab chiqish g‘oyasi”ni e’lon qilgan. Bular:

  • Paycent — blokcheyn tizimidagi to‘lov tizimi;
  • Dancent — pul ishlash va dam olish uchun karaoke ilovasi;
  • Adcent — reklama platformasi;
  • ShopShock — onlayn do‘kon va jismoniy do‘kon;
  • Sandychat — messenjer;
  • U Freelancer — ish topish uchun dastur hamda
  • Suppcent, Freeluck, U-Design, Virtual Business.

Loyiha veb-saytiga ko‘ra 45 kishidan iborat jamoa 2,5 yildan ortiqroq vaqt davomida ushbu 10 ta dastur ustida ishlagan. Bu dasturlar “noyob” algoritmga ega ekani aytiladi. Dasturlar 2022 yil 20 fevralida taqdim etilishi rejalashtirilgan edi. Ammo oradan ikki yil o‘tdi hamki, bu dasturlar ishga tushmadi.

“Smartbolla” xalqaro IT kompaniyasining asoschisi o‘zbekistonlik tadbirkor Murod Hasanov hisoblanadi. Ochiq ma’lumotlariga ko‘ra, Hasanov Murod Abdug‘aniyevich nomi bilan ikkita MChJ rasmiylashtirilgan. Ulardan birinchisi – “Facile” MChJ, ikkinchisi esa surishtiruv nishonidagi “Smartbolla” MChJ.

“Smartbolla” MChJ 2021 yil avgust oyida Toshkent shahar Yunusobod tumanida ro‘yxatga olingan. Faoliyat turi – ma’lumotlarni joylashtirish va ishlov berish bo‘yicha xizmatlar. Ustav fondi 10 mln so‘m bo‘lgan firma hozirda tugatilgan.

“Murod Hasanovga yozdim, u meni investor deb o‘yladi va kompaniyaning litsenziyasi, investorlari bilan kelishuv shartnomasini menga yubordi – o‘zining haqligini isbotlash uchun. Unga jurnalist ekanimni aytganimdan keyin hamma yozishmalarni o‘chirib tashladi. U yuborgan hujjatlar, litsenziya, shartnomani yuklab olgandim, ularni o‘rganishni boshladim. Lisenziya muddati allaqachon tugagan ekan. Ya’ni uning hujjati Dubay qonunchiligiga ko‘ra qandaydir qonuniy kuchga ega bo‘lganda ham, litsenziya eskirgan. Uning kompaniyasining yuridik maqomi “civil company” (fuqarolik kompaniyasi) bo‘lib, Dubayda pulini bersangiz, siz ham ochishingiz mumkin bo‘lgan, mahalliy hamkor bilan birga ochiladigan kichkina tuzilma. Unaqa katta kompaniyaning yuridik shakli emas.

Investorlar bilan kelishuv shartnomasini o‘rganib chiqsam, shartnomaning o‘zbek tili va ingliz tilidagi nusxalaridan ingliz tilidagi nusxasi ustunlik qilishi, foydalanuvchilar shaxsiy kabinetiga kira olmasligiga kompaniya javob bermasligi haqida yozilgan. Ya’ni kelishuv shartnomasida yaqqol kompaniyaga ustunlik berilgan. Investorlardan so‘raganimda deyarli hammasi bu shartnomani o‘qib ham ko‘rmaganini aytdi”, – deydi jurnalist.

Dilbar Elamanovaning aytishicha, kompaniya o‘ziga pul tikkanlar bilan tuzgan shartnomalarda investorlarning huquqlari ancha cheklanganini ko‘rish mumkin.

Xususan, shartnomaga ko‘ra, “agar kompaniya sotilgan dividendlar huquqini foyda ulushi egasiga o‘tkazishdan bosh torsa, bitimni bajarishdan ham bosh tortadi va kompaniya o‘z veb-saytida ushbu shartnomaga o‘zgartirish kiritishi mumkin” deyiladi. O‘qib ko‘rganda deyarli hech qanday ma’no bermaydigan bandlar bu bilan tugamaydi. Kompaniyaning huquqlari bandiga “barcha dividendlar yilida bir marotaba to‘lanadi” degan tushunarsiz jumla ilib qo‘yilgan. Bundan tashqari, kompaniya o‘z zimmasiga oladigan vazifalar qatorida “foyda ulushi egasining mulki hisoblanuvchi ushbu shartnomada ko‘rsatilgan dividend olish huquqini taqdim qilinish imkoniyati uchinchi shaxslarning da’volaridan butunlay ozod, e’tirozlardan xoli, hibsga olinmagan bo‘lishi va garovga qo‘yilish huquqlaridan xolidir”, degan mujmal va tushunarsiz band yozilgan.

Surishtiruv muallifining aytishicha, u a’zo bo‘lgan, investorlar yig‘ilgan Telegram-guruhda 1500, 5000 dollar pul tikkanlar ham bor. Katta summalarni tikkanlar jurnalistga hech qanday izoh bera olmasligini, pullarini qaytarib olishdan umidvor ekani va agar izoh bersa, “Smartbolla” ularga pullarini qaytarmasligidan qo‘rqishini aytgan.

“Murod Hasanovning aytishicha, 900 ta investor yig‘ilgan, agar 100 dollardan yig‘ilgan taqdirda ham yaxshi summa bo‘lib qoladi bu. Investorlar 900 dan ham ko‘p bo‘lishi mumkin, ular menga shaxsiy kabinetining skrinshotini yuborganda o‘tkazilgan summa va uning ro‘yxatga olingan raqami ko‘ringan. Bir skrinshotda 2700-tartib raqamidagi investorni ko‘rish mumkin, taxminimcha, qariyb 3000 odam pul o‘tkazgan bo‘lishi mumkin”.

Ayni damda “Smartbolla.com” sayti ishlamayapti. Aytish kerakki, investorlar bilan kelishuv shartnomasida investorlar shaxsiy kabinetlariga kira olmasligi uchun kompaniya javobgar bo‘lmasligi nazarda tutilgan. Jurnalist biz bilan suhbatda avvaliga Uzcard orqali ham pul o‘tkazish mumkin bo‘lgani, keyinchalik bu to‘lov usuli olib tashlanganini aytarkan, unda Murod Hasanovning Uzcard kartasi raqamlari borligi, agar huquqni muhofaza qiluvchi organlar so‘rasa, bu ma’lumotni taqdim etishini bildirdi.

“Oradan vaqt o‘tib Alisher Uzoqov O‘zbekistonga qaytib keldi. Feruz Muhammad bilan intervyuda butunlay ketganini, shu kompaniya bilan uzoq vaqt ishlash niyati borligini aytgani uchun Uzoqovning qaytib kelgani g‘alati tuyuldi va “Smartbolla”ning sahifasiga kirib ko‘rdim. Oxirgi postlar 1 yil oldin joylangan, izohlar yopib qo‘yilgan. “Smartbolla” saytini qidirib ko‘rdim. Sayt ishlamayotgan ekan.

Kompaniyani reklama qilgan mashhurlarga yozdim. Menga Munisa Rizayevaning admini: “Bu hamkasbimiz iltimosi bo‘lgan va shu sababli reklama qilganmiz, unaqa chuqur o‘rganib ko‘rmaganmiz”, deb aytdi. Rayhon Ulasenovaning admini ham shunaqa javob berdi. Blogerlar – Bek vayns, Abu vaynslar javob bermadi. Alisher Uzoqovga yozganimda, u Telegram orqali bergan izohida: “Ular ham men bilan shartnoma shartlarini bajarmagan, va’da qilingan pulni bermagan, bu vaziyatda men ham qurbonman”, dedi. Qancha odamlar shu blogerlarga ishonib pul tikkan. Muxlislar oldidagi mas’uliyat, ularning ishonchi uchun O‘zbekistonga qaytganida biror fikr aytishi kerak edi deb o‘yladim. “Loyiha o‘xshamadi, men O‘zbekistonga qaytib keldim” deb kichik munosabat bildirishi kerak edi.

Mirshakar Fayzullayev ham bu kompaniyani reklama qilgan, u menga yordam beradi deb o‘ylagan edim, lekin javob bermadi.

Alisher Uzoqovning intervyularini ko‘rganimda qandaydir afsusda ekanini his qildim, lekin allaqachon odamlar zarar ko‘rib bo‘lgan, buni tan olish kerak. Bloger Ozod Hurramov bilan esa intervyu belgilagandik, lekin ertasi kuni admini telefon qilib, uni o‘ldirish bilan tahdid qilishgani, u menga intervyu bera olmasligini aytib aloqani uzdi. Hayron bo‘ldim.

Pul tikkanlar bir necha marta tegishli organlarga murojaat qilishga uringani, lekin “Smartbolla”ning roliklarida kompaniya bilan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan har qanday nizo Dubay qonunchiligiga ko‘ra ko‘rib chiqiladi deyilgani uchun bu fikrdan qaytgan. Pul berganlar shu orqali manipulyatsiya qilingan, O‘zbekistonda qayergadir murojaat qilsang ham javob ololmaysan degan fikrni berishgan. Deyarli hech kim ariza berishga botina olmagan, ular pullarini qaytarib olishga bir necha marta urinib ko‘rishgan.

Kelishuv shartnomasida investor agar shartnomani bekor qilishni xohlasa, kompaniya 45 kun muddatda pulni qaytarib beradi degan sharti bor ekan. Bu haqda murojaat qilishlariga qaramasdan, pullar qaytarilmagan. Bundan tashqari, odamlar kompaniyadan pullarini qaytarib olayotgani aks etgan videolar investorlarga yuborib kelingan, ozgina sabr qiling, pullarini qaytarib olganlar bor, degan ma’noda yozib kelishgan.

O‘zim ko‘rgan bir hujjatda [bir investorga] 1 martgacha pullarni qaytarib beramiz deb tilxat yozib berishgan, ya’ni odamlar bu mavzuni unutishi uchun muddat uzoqroqqa cho‘zib kelingan. Investorlar guruhiga Murod Hasanovning o‘zini ham qo‘shishdi. U qog‘ozlarga nimadirlar yozib turgani aks etgan videoni guruhga tashladi. Qog‘ozlar va ruchka yordamida qilinadigan IT – men uchun krinj, qandaydir kompyuter oldida o‘tirib tushgan rasmi ham emas-da. Mana, men bu loyihalar ustida tun-u kun ishlayapman, degan mazmunda. Bu men uchun juda kulgili.

Guruhda Hasanov yozib qoldi, jurnalist qiz qamaladi, xalqaro kompaniya nufuziga zarar yetkazishga urinayotgani uchun, falon million jarima to‘laydi. Investorlarga qarata, agar shu qizni Dubayga olib kelmasangiz, hech biringizga pul qaytarilmaydi, deyapti. Bu gapdan unchalik qo‘rqmadim. Lekin shu mavzuni yozib yurganimda masalan metroda yurganimda qo‘rquv bo‘ldi: kimdir kelib itarib yuborarmikan degan. Qo‘rquvlarim ham ularni kuchli deb emas, ahmoq deb o‘ylaganim uchun bo‘ldi, chunki kuchli odam unaqa yo‘l qilmasa kerak. Qog‘ozlarga yozib o‘tirgani, yuborgan gaplari aqlli odamni gavdalantirmaydi.

Jabrlanuvchilar bu loyihani reklama qilganlar ham javob bersin deyishyapti. Reklama berganlar hech narsa bo‘lmagandek hayotini davom ettiryapti, ularga hech qanday javobgarlik yo‘qmi deyishyapti”.

Jurnalistning aytishicha, kompaniyaga investitsiya kiritgan bir nechta sarmoyadorlar Telegram'da yopiq guruh tashkil qilishgan. Dilbar huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilishga, maqolada tilga olingan dalillarni, investorlar guruhi havolasini taqdim etishga va pul tikkanlar bilan aloqa o‘rnatishda yordam berishga tayyorligini aytmoqda.

Kun.uz “Smartbolla” loyihasi asoschisi Murod Hasanov bilan bog‘lanib, undan surishtiruvdagi faktlarga munosabatini so‘radi.

“Hozir odamlarga yordam beraman deb har xil o‘yin qilayotganlar juda ham ko‘p. To‘g‘ri, hozirda proyekt chiqishi ancha cho‘zilib qoldi. Fors-majorlar kontraktda ko‘rsatilgan.

Bizning kompaniya Birlashgan Arab Amirliklarida joylashgan. Sarmoyadorlar aslida judayam kam, sababi investitsiya qabul qilish paytida bizning kompaniya pul ustiga pul bermaymiz deb aytgan, shuning uchun judayam kam investitsiya yig‘ilgan, 200 ming dollar ham chiqmaydi.

Kompaniya kontraktida foydani faqat proyekt bitganda olasizlar deganmiz, shuning uchun odamlar kam pul bergan. Investitsiya yig‘ish kraudfanding sistemasi asosida bo‘lgan.

Tanqid qilish-qilmaslik sizlarning huquqingiz, lekin tanqid qilishdan oldin kim u, qanaqa kompaniya, sudning qarori bormi, qanaqadir noto‘g‘ri ishlari borasida sud qaror chiqarganmi, bilmaysizlar.

Hozirda qarz ustiga qarz olib, proyektni bitirib kelyapmiz. Agarda sizlarning harakatingiz yoki maqsadingiz obro‘sizlantirish bo‘lsa, bizning kompaniya yuristlari sudga berishga majbur bo‘ladi. Kim kontrakt asosida sarmoyani so‘rasa, o‘z vaqtida qaytarib berilyapti. Hammani eshitaversangiz, yoki hammaga e’tibor bersangiz, firibgarlar – yo‘q pulni so‘raydiganlar, shantaj qiladiganlar tiqilib yotibdi”, – deydi Murod Hasanov.

Murod Hasanov yaqinda Toshkentga borishini va Kun.uz'ga intervyu berishga tayyorligini aytdi.

Madina Ochilova tayyorladi.
Operator – Mirvohid Mirrahimov.
Montajchi – Muhiddin Qurbonov.

Mavzuga oid