O‘zbekiston | 19:11 / 18.02.2024
9612
2 daqiqa o‘qiladi

Ohangaronda metan zapravka 37,5 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi

Foto: O‘zenergoinspeksiya matbuot xizmati

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi metan zapravkalardan biri 37,5 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Bu haqda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi matbuot xizmati xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, «O‘zenergoinspeksiya» tomonidan Bosh prokuratura va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar hamda gaz ta’minoti korxonasi mutaxassislari bilan hamkorlikda 17 fevral kuni Toshkent viloyatida joylashgan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi.

Xususan, Ohangaron tumanida joylashgan «O.P.P.» MChJga qarashli AGTKShga tortilgan gaz quvuri ko‘zdan kechirilganida, yashirin yo‘llar bilan qo‘shimcha tarmoq tortib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelinayotgani aniqlangan.

Buning natijasida davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori jami 37 mlrd 534 mln so‘m (25 mln 23 ming metr kub tabiiy gaz)ni tashkil etgan.

Qoidabuzar iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingan.

Mavzuga oid