Jahon | 20:37 / 21.02.2024
19349
5 daqiqa o‘qiladi

Shoygu Krinki Rossiya nazoratiga o‘tganini e’lon qildi. U yerda aslida nimalar bo‘lmoqda?

Xerson oblastining Kreml tomonidan tayinlangan rahbari Vladimir Saldo rossiyalik ikki askar xarobalar ustiga bayroqlarni o‘rnatayotgani aks etgan videoni e’lon qilgan. Ukraina tomoni esa ushbu askarlar bayroqni o‘rnatgach, bu joydan qochib ketgani ko‘ringan videoni namoyish etdi.

Foto: Videodan kadr

«Biz, 810-gvardiya brigadasi dengiz piyodalari desantchi birodarlarimiz bilan rasman ma’lum qilamiz: Krinki — bizniki! Biz qayerda bo‘lsak — g‘alaba o‘sha yerda!». Yuzi blur qilingan ikki askar Rossiya va dengiz piyodalari bayrog‘ini vayron bo‘lgan bino hududida tutib turgani aks etgan video seshanba kuni Xerson oblastining Moskva tomonidan tayinlangan ma’muriyati rahbari Vladimir Saldoning telegram-kanalida e’lon qilindi

«Raqibning Dnipro chap sohilidagi mavjudligi yo‘q qilindi», — degan Saldo.

Chorshanba kuni Ukraina tomoni kadrning davomini e’lon qildi. Xuddi shu joyda ukrainlar droni tomoni olingan videoyozuvda xarobalar ustiga bayroq o‘rnatgan ikki askar u yerdan qochib qolgani aks etgan — ular dala va yo‘llarni kesib o‘tib, o‘rmon ichiga yashirinishgan.

Boshqa videoda esa ukrainalik harbiy Krinki bo‘ylab, aniqrog‘i uning xarobalari bo‘ylab «videoekskursiya» uyushtirgan.

Xuddi shu kuni Saldo bilan birgalikda Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu ham Krinki egallangani haqida e’lon qildi.

«Krinki tozalandi. Rossiya qo‘shini amalda Dniproning butun sohili bo‘ylab pozitsiyalarni egalladi. Biz Krinki va Konki daryolari sohillarini ham nazorat qilmoqdamiz», — deya hisobot bergan u Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda.

Shoyguning ukrainlarning Dnipro daryosi chap sohilidagi platsdarmi yo‘q qilingani to‘g‘risidagi bayonotga rossiyaliklarning Z-blogerlari ham ishonmadi.

«Krinki egallangani yoki yo‘qligi borasida, o‘ylaymanki, to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘sha joyda vazifalarni bajarayotganlardan aniqroq bilib olamiz», — deya ehtiyotkorlik bilan fikr bildirgan Rybar telegram-kanali boshlovchisi Mixail Zvinchuk.

Rossiyaliklarning boshqa bir telegram-kanali «Voyenniy osvedomitel» esa Krinki egallangani borasida yanada ochiqroq fikr bildirgan: «Ayni vaqtda voqea joyidagi manba bu faktni tasdiqlamayapti, dushman hali ham aholi yashash manzilining qoldiqlari ustidan nazoratni saqlab qolmoqda. Qolaversa, Krinki tozalangani haqidagi bayonot va xuddi shu vaqtda dushman qo‘shni yerto‘lalarda o‘tirgani haqida berilgan bayonotlar shunchaki bir-biriga zid».

«Bu kabi yuqori darajada parovozdan oldinda chopish nega kerakligi — jumboq. Aftidan, kimdir Avdiyivkadagi muvaffaqiyatdan bosh aylanishi fonida hech kim sezmay qoladi, deb o‘ylagan», — deyiladi xabarda.

Ukraina qurolli kuchlari Dnipro daryosi chap sohilida Krinki qishlog‘i hududidagi platsdarmni 2023 yil kuzida tashkil etgandi.

Oldingi chiziqdagi ukrain guruhi ta’minotini amalga oshirish qiyinligi va ruslarning bu guruhga qarshi turgan quruqlikdagi kuchlari son jihatdan sezilarli darajada ustun ekaniga qaramay, desantchilarni chap sohildan surib tashlashning imkoni bo‘lmayapti.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi 20 fevral kungi hisobotida ukrain harbiylarining Krinkidagi pozitsiyasiga qilingan shturmlar muvaffaqiyatsiz yakunlangani haqida ma’lum qilgan.

Ko‘rinib turibdiki, Rossiyaning «Dnepr» guruhi platsdarmga hujumlarni to‘xtatmayapti va qandaydir yutuqlarga ham erishgan. Aytish mumkinki, Rossiya qo‘mondonligi chap sohilda Ukraina nazoratidagi hudud kengayishining oldini olishga muvaffaq bo‘lgan va hatto uni toraytirgan. Ammo bu Shoygu aytgan darajadagi muvaffaqiyat emas.

Askarlar Rossiya bayrog‘ini o‘rnatib, keyin qochib ketgani ko‘ringan videoyozuv Krinki va uning atrofi hali ham tomonlarning birortasi tomonidan boshqarilmayotgan va bu yerda hech bir tomon o‘zini xavfsiz his qila olmaydigan «kulrang zona» bo‘lib qolmoqda.

«Kreml, katta ehtimol bilan, 2024 yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari arafasida kerakli axboriy effektni kuchaytirish uchun Krinki egallangani haqida muddatidan oldin e’lon qilgan bo‘lishi mumkin», — deyiladi Amerikaning urushlarni o‘rganish instituti (ISW) hisobotida.

Mavzuga oid