Jahon | 08:30 / 06.08.2024
6226
2 daqiqa o‘qiladi

Sergey Shoygu Tehronda Eron prezidenti bilan uchrashdi

Xavfsizlik kengashi kotibi Eronni Rossiya uchun «mintaqadagi asosiy va strategik ittifoqchilardan biri» deb atadi.

Foto: AP

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoyguni qabul qildi va ular, jumladan, ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Eron ommaviy axborot vositalari xabar berdi.

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida Pizishkiyon bunday kelishuvlarni amalga oshirishni tezlashtirishga chaqirgan.

U shuningdek, «Eron va Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qutbli dunyoni ilgari surish bo‘yicha hamkorlik, albatta, global xavfsizlik va tinchlikni rivojlantirishga olib keladi», dedi.

Prezident Eron Moskva bilan munosabatlarni rivojlantirishga «tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri» sifatida qarashini ta’kidladi.

Sergey Shoygu, o‘z navbatida, Eronni Rossiya uchun «mintaqadagi asosiy va strategik ittifoqchilardan biri» deb atadi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda rivojlanib borayotgani va istiqboli yaxshi ekanini ta’kidladi.

Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Shoygu rejalashtirilgan amaliy safar bilan Eronda. U Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Akbar Ahmadiyon va Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Muhammad Bog‘iriy bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Mavzuga oid