Jahon | 16:06 / 21.02.2024
10428
7 daqiqa o‘qiladi

Urushlar muhokamasi va Guterrishning jonli nutqi – Myunxen konferensiyasi qanday o‘tdi?

Myunxendagi 60-xavfsizlik konferensiyasi global hamjamiyatda o‘zaro ishonchsizlik kuchaygan fonda o‘tdi. Unda Rossiya-Ukraina urushi va G‘azodagi qirg‘inbarot asosiy mavzular bo‘ldi. Sammit BMT bosh kotibining jonli ruhdagi nutqi bilan ham yodda qoldi. O‘nlab davlat va hukumat rahbarlari ishtirokida o‘tgan anjuman haqida siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

— 60-marotaba o‘tkazilgan Myunxen konferensiyasi bugungi global tartibsizlik fonida qanchalik o‘z ahamiyatini saqlab qolgan?

— Myunxen konferensiyasi boshlanganda sovet ittifoqi bor edi va sovuq urush bo‘layotgan edi. Myunxen xavfsizlik konferensiyasi 1962 yili GFRning Myunxen shahrida ta’sis etilgan, boshida harbiy konferensiya deb nomlangan. Bu yilgi sammitda 40 dan ortiq davlat rahbarlari ishtirok etdi, jami 150 ta davlatdan delegatlar qatnashdi. Bu konferensiyani harbiy sohadagi eng katta forum deyish mumkin. U yerda imkon qadar erkin fikr almashinuvi bo‘ladi.

Bu yilgi konferensiyada 4 ta asosiy katta mavzu ko‘tarildi: Ukraina urushi, Yaqin Sharqdagi mojaro, Yevropa xavfsizligi va NATO taqdiri. Mana shu to‘rtta masala bo‘yicha ancha jiddiy fikrlar o‘rtaga chiqdi, tomonlarning qarashlari har xil. Uchinchi yildirki bu konferensiyaga Rossiya taklif qilinmadi. Tashkilotchilarning Rossiyaga nisbatan munosabati salbiylashib bo‘lgan.

— Rossiyalik muxolifatchi Navalniyning Myunxen konferensiyasi arafasidagi vafoti tasodifmi?

— Tasodif emas. Navalniy 3 yil Rossiya qamog‘ida edi va u siyosiy motivlar bilan qamalgan edi. Kreml uning har kunlik holatini kuzatib borgan, u geosiyosiy maydonda ham muhim shaxslardan edi. Kreml uchun Navalniy tasodif emas. Dunyo hamjamiyati uchun bu tasodif bo‘lishi mumkin, chunki uning holati haqidagi ma’lumotlar kam edi. Lekin Navalniy o‘limidan 3 kun oldin advokati bilan ko‘rishgan, uning aytishicha, Navalniyning holati yaxshi bo‘lgan. Uning jasadi haligacha yaqinlariga berilmagan. Bu degani Navalniy jasadida qiynoq yoki zaharlanish haqida ma’lumotlar bo‘lsa kerak.

Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi to‘qnashuv strategik zich holatga keldi. Kreml uchun dunyo hamjamiyatining, G‘arb jamiyatining fikri muhim emas. Navalniy o‘limi Rossiya propagandasiga ta’sir qilmaydi. Navalniyning xotini aytishicha, u o‘ta og‘ir sharoitda saqlangan va murakkab qiynoqlarga solingan. Uni maqsadli ravishda shunday holatga olib kelishgani ehtimoli yuqori.

Munosabat bildirayotgan siyosatchilar Kreml ham bizdek ratsional fikrlaydi, deb o‘ylashi tabiiy. Lekin jamoatchilik fikri xavf sifatida ko‘rilishi ehtimoli katta. Navalniy vaqti kelib qamoqdan chiqsa ham, unda liderlikni namoyish etish sog‘lom ruhiy va jismoniy resurslar qolmagan bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Lekin Kreml ongli ravishda Navalniyni qiynoqlar va og‘ir sharoit bilan o‘ldirdi. Dunyo hamjamiyatiga Putin va uning tizimi o‘zini darg‘azab va keskin harakatlarga qo‘l ura olishini ham ko‘rsatayotgan bo‘lishi mumkin.

— Ukraina prezidenti Zelenskiyning ishtiroki o‘z natijasini berdimi?

— Bugungi kundagi asosiy muammo YeIda Ukrainaga nisbatan ishonchsizlik mavjudligi emas, balki AQSh tomonidan yordam kechikayotgani, ya’ni Kongressda bloklanayotgani. Lekin e’tibor berilsa, Germaniya tafakkuri jiddiy o‘zgaryapti. Rossiyaning tahdidi oldin mo‘’tadil ko‘rilar edi, ammo so‘nggi oylarda bu tahdid real tahdidga aylanyapti. Shu sababli Germaniya va ba’zi boshqa davlatlar Ukrainaga yordamni kengaytirmoqchi. Germaniyada qurol-yarog‘lar uchun qo‘shimcha 3,5 mlrd dollarlik alohida budjet ajratilyapti, snaryad va o‘q-dorilar ishlab chiqib, Ukrainaga berish uchun. Muammo esa AQShdagi siyosiy tizim va kutilayotgan saylovlar bilan bog‘liq. Bu ham o‘z yechimini topadi deb o‘ylayman.

— BMT bosh kotibi e’tibor qaratgan nuqtalar qaysilar va ularning muhimlik darajasi qanday?

— Guterreshning nutqidagi ikki jihatga e’tibor berish kerak: xalqaro huquqqa nisbatan munosabat va Yaqin Sharqdagi vaziyat. U Isroil o‘zini mudofaa qilsin, lekin bunday vahshiyliklar evaziga emas, dedi. Biror bir jangari guruh bilan kurashish natijasida qaysidir millat ommaviy qirg‘in qilinmasligi kerak, degan gapniyam aytdi. Yaqin Sharq masalasida Isroil nomini tilga olmasdan uni keskin tanqid qildi.

Guterresh Lotin Amerikasidagi boshqa siyosatchilar qatori so‘l siyosatchi, ya’ni tenglik tarafdori. AQSh, Isroilning global siyosatini qo‘llamaydi va doimiy shubha bildiradi. 7 oktyabrdan keyin birinchilardan bo‘lib Isroilni qoralagan siyosatchi ham Guterresh bo‘ldi. YeI va AQShda ham Isroildan masofa saqlash kuchayyapti, ba’zi siyosatchilar uning harakatlari genotsid ekanini ham aytyapti.

— Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I nutqida Xitoyning xalqaro siyosatida biror o‘zgarish sezildimi?

— Xitoy diplomatiyasi o‘ta murakkab, o‘z qarashlarini ochiq bayon qilmaydi. Van I aytyaptiki: Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi aloqalarga mafkura yoki geosiyosiy kontekst xalaqil qilmasligi kerak. Ya’ni AQShning ra’yiga qaramanglar, to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik qilaylik, demoqchi.

Rossiya bo‘yicha ham munosabat bildirib, biz so‘nggi yillarda Rossiya bilan munosabat shakllantirdik va bundan voz kecholmaymiz, mo‘’tadil do‘st sifatida ko‘ramiz, dedi. Ukraina masalasida ham ohistalik bilan munosabat bildirib ketdi. Oldin ham aytganimizdek, Xitoy Ukraina masalasida ikki qavatli munosabatda. Bir tomondan Ukraina yaxlitligini e’tirof etadi, chunki uning o‘zi davlatlar parchalanishidan qo‘rqadi ichki sabablari tufayli. Sovet ittifoqi parchalanganda Xitoy juda qo‘rqqandi bundan. Uning o‘zi ham ko‘p millatli davlat, shu sababli davlatlar chegarasi bir marta tan olinadi va buzilmasligi kerak degan pozitsiyada bo‘ladi. Van I Qrimni Ukrainaga qaytarishni muzokaralar orqali hal qilish kerak, deb aytdi. Ya’ni Qrimning anneksiya qilinishini tan olmagan Xitoy, tan olmaydi ham. DXR va LXR haqida-ku gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Lekin yuqorida aytganimiz ikkinchi tomoni shuki, global maydonda AQSh va NATOga qarshi Rossiya tarafida. Ya’ni Rossiya-Ukraina masalasida Ukrainaning hududiy yaxlitligini e’tirof etadi, lekin Rossiya va kollektiv G‘arb o‘rtasida ziddiyatda Rossiya tarafida.

Van I Isroil va Falastin masalasiga ham alohida to‘xtalib, Falastin davlati tashkil topmas ekan, bu konflikt to‘xtamaydi, biz qat’iy ravishda 1967 yilgi chegaralanish bo‘yicha Falastin davlati tashkil topishi kerak, degan pozitsiya bildirdi.

Normuhammad Ali Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid