O‘zbekiston | 07:33 / 22.02.2024
9503
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev 2026 yilgi «Kelajak o‘yinlari»ni O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi 

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozon shahrida “Kelajak o‘yinlari” birinchi xalqaro multisport musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Qozon ekspo” xalqaro ko‘rgazmalar markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va boshqa xorijiy mehmonlar ham qatnashdi.

Ishtirokchilar e’tiboriga “Kelajak o‘yinlari” dasturiga kirgan sport turlari haqida videolavha va teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishi taqdim etildi.

Davlat rahbari ishtirokchilarga omad tilab, 2026 yilgi “Kelajak o‘yinlari”ni O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.

Marosimdan so‘ng oliy martabali mehmonlar maxsus ko‘rgazma bilan tanishdilar. Virtual makondagi bellashuvlar va an’anaviy sportni o‘zida mujassam etgan “fijital-sport” konsepsiyasi to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Yetakchilar kibersport musobaqalarini, fijital-futbol bo‘yicha mashg‘ulotlar jarayonini kuzatdilar, sportdagi yangi yo‘nalishning bugungi rivoji va istiqbollari haqida hikoya qiluvchi tasviriy san’at namunalari va taqdimotlar bilan tanishdi.

“Kelajak o‘yinlari” – bellashuvlar bir vaqtning o‘zida sportning an’anaviy turlari va ularning raqamli muqobillarida o‘tkaziladigan yuqori texnologik musobaqadir. U joriy yilning 21 fevral kunidan 3 mart kuniga qadar davom etadi.

Turnirda 100 dan ortiq mamlakatdan qariyb 300 ta jamoa, shu jumladan O‘zbekiston vakillari ishtirok etmoqda. Ular fijital-xokkey, virtual velopoyga, sport dasturlash kabi yo‘nalishlarda kuch sinashadi.

Mavzuga oid