Kechikkan Hindistondan shu yo‘ldagi O‘zbekiston uchun saboqlar (1-qism, Dehli)
Dunyodagi eng ifloslangan 20 ta shahardan 13 tasi joylashgan, kamida 140 million odam me’yordan 10 baravar xavfli havodan nafas olayotgan, aholisining o‘pkasi chekmaydigan yevropaliknikiga qaraganda 30 foizga zaifroq ishlaydigan Hindiston – Kun.uz jurnalisti nigohida.
Dunyoning eng ifloslangan shaharlari ro‘yxatidagi Dehli, Mumbay va Kalkutta shaharlarida bu falokat sabablari bir-biridan farq qiladi. Demak, o‘rganishlarimizni poytaxtdan boshlaymiz.
Dehlini yuqoridan tomosha qilsangiz, tumanga o‘xshash xiralik bor – tutunmi, changmi farqlolmaysiz. To‘yib nafas olishga nimadir xalal beradi. Kuni bilan charchoq, uyquga to‘ymaslik, holsizlik va kutilmagan bosh og‘rig‘i sizga hamroh bo‘ladi. Sog‘lom odamning bu holatga tushishida, albatta, toza havo – kislorodning yetishmasligi eng katta sabab.
Sun’iy intellekt ham “Bugungi Hindiston havosini tasvirlab ber” degan topshirig‘imizga ekologiyasi buzilgan shaharlarning suratlarini taqdim etdi.
Uning bugungi O‘zbekiston haqidagi tasavvurlari ham Hindistonchalik bo‘lmasa-da, biroq suratlardan ko‘rinib turibdiki, u qadar ijobiy ham emas. Xulosa qilishga undaydi kishini.
Hindistonliklar qanday fikrda?
Statistik raqamlarga o‘tishdan oldin Hindistondagi havo ifloslanishi haqida “Hindistonliklar qanday fikrda?” degan savolga javob olish maqsadida oddiy riksha haydovchisi bilan qilgan yo‘l-yo‘lakay suhbatimizdan bir parcha keltiramiz:
— Dehlida har yili yanvar-fevral oylarida havo ifloslanib ketadi. Hozir shunday mavsum. Mashinalar ham ko‘p. Fevraldan keyin yomg‘ir ko‘p yog‘ishni boshlagach, hammasi joyiga tushadi. Havo tozalanadi.
— Lekin fevralda ham shu-shu mashinalar harakatlanadi-ku?
— Yomg‘ir yo‘q payti hamma ko‘chada bo‘ladi. Mavsum kelgach, havoni tozalaydi. Odamlar ham ko‘chaga kamroq chiqadi.
— Demoqchisizki, havo ifloslanishida odamlar soni ko‘pligi sababchi. Shundaymi?
— Albatta. Qarang, hamma yoqda tirbandlik. Dehlida bir kishiga to‘rt mashina to‘g‘ri keladi.
— Mashinalar shunchalik arzonmi?
— Aslida to‘rt kishilik bir oilaga bitta mashina yetarli. Dehlida boylar ko‘p. Bitta mashinaga qanoat qilmasdan, yana va yana sotib olaverishadi. Ko‘p avtomobil havoni buzadi. Hukumat shuning uchun elektr avtomobillarni ishlab chiqarishga yo‘l ochyapti.
Suhbatdoshning gaplarida jon bor. Dehlida havo sifati indeksi bahor-kuz oylarida odatda yaxshi (0-50), qoniqarli (51-100) va o‘rtacha (101-200) miqdorlarda bo‘ladi va keyin u keskin yomonlashib, og‘ir (301–400) va xavfli (401–500+) darajagacha chiqadi.
Hindistonga safarimiz aynan shu qish mavsumi, ya’ni havoning ifloslanishi eng yuqori darajaga chiqqan paytga to‘g‘ri keldi. Oktyabr-fevral oylarida turli tutatiladigan marosimlar, bayramlarda petardalarning otilishi, hosildan keyingi ommaviy ravishda ekin maydonlarining yoqilishi kabi qo‘shimcha mavsumiy omillar bu salbiy statistikaga hissa qo‘shadi.
Dehlidagi millionlab avtomobillar tutunlari, unda-bunda ko‘rinib qoladigan qurilishlardan chiqadigan changlar va ko‘chalarda isinish uchun istalgan narsaning yoqilishi shaharni shu ko‘yga solayotgan sabablardan, deyish mumkin. Albatta bu birlamchi va noto‘g‘ri bo‘lmagan xulosalar. Yana shunday yashirin va ko‘rinmas sabablar borki, ular faqat statistikalarda aytilsa-da, lekin sanab o‘tish uchun arzirli.
Yonilg‘ini soxtalashtirish
Ba’zi hind taksilari va avtorikshalari soxta yonilg‘i aralashmasida harakatlanadi. Benzin va dizelni arzonroq yonilg‘ilar bilan soxtalashtirish Janubiy Osiyoda, jumladan Hindistonda keng tarqalgan. Benzinning dizel yonilg‘isidan qimmatligi kam daromadli haydovchilarni shu ishni qilishga majbur qiladi.
Aralashma nisbati 80 ga 20 dan 70 ga 30 foizgacha bo‘lishi mumkin. Misol uchun, 1 litr ekologik benzinning narxi o‘zbek so‘mida 14 500 so‘m bo‘lsa, dizel esa 13 000 so‘m atrofida turadi. Yonilg‘ini soxtalashtirish oy davomida sezilarli miqdorda pulni tejaydi. Lekin bu avtomobil dvigatelining hayotiylik muddatini qisqartiradi. Mashina yoki rikshalar o‘ziniki bo‘lmagan ko‘p sonli ijarachilarni esa bu tashvishga solmaydi. Soxta yonilg‘i sabab shahardagi havo ifloslanishi, uning hayot sifati va sog‘likka ta’siri esa shunchaki e’tiborga olinmaydi.
Tirbandlik
Numbeo indeksida Dehli tirbandlik darajasi bo‘yicha dunyo shaharlari o‘nligiga kiritiladi. Mavjud yo‘llarning har bir kilometriga transport vositalari sonining ko‘pligi, shahar ichidagi bo‘lingan magistrallar va tez o‘tkazuvchi yo‘l tarmoqlarining yetishmasligi, shaharlararo tezyurar yo‘llarning yo‘qligi, yo‘l-transport hodisalari va yo‘l harakati qoidalariga umuman amal qilmaslik tirbandlikning asosiy sabablari sifatida ko‘riladi.
Keling, tirbandlikning havoga zarari haqidagi tadqiqotlarga to‘xtalib o‘tsak. O‘rtacha tezligi soatiga 20 dan 40 km gacha bo‘lgan avtomobillar ifloslantiruvchi moddalarning emissiyasi o‘rtacha tezligi 55-75 kmdagi ulovlarnikidan ikki baravarga ko‘p bo‘lsa, tirbandliklardagi 5-20 km/soat tezlikda sekin harakatlanayotgan avtomobillar o‘rtacha tezlikdagilardan 4 dan 8 baravargacha ko‘p bo‘lgan ifloslantiruvchi moddalar chiqaradi.
Hindistonning ko‘plab shahar yo‘llarida o‘rtacha tezlik soatiga 20 kilometrdan kam; 10 kilometrlik sayohat 30 daqiqa yoki undan ko‘proq vaqtni olishi mumkin. Bunday tezlikda Hindistonda transport vositalari kamroq tirbandlik bilan solishtirganda havoga ifloslantiruvchi moddalarni 4-8 marta ko‘proq chiqaradi.
O‘tin yoqish
Hindiston isinish va energiya maqsadlarida yoqiladigan o‘tin, qishloq xo‘jaligi chiqindilari va biomassaning dunyodagi eng yirik iste’molchisi hisoblanadi. Mamlakatning qishloq joylaridagi uy xo‘jaliklarining taxminan 75 foizi shu turdagi yoqish vositalariga tayanib, har yili qariyb 149 million tonna ko‘mir o‘rnini bosuvchi yoqilg‘i-o‘tin va biomassani maishiy energiyadan foydalanish uchun ishlatadi. Bu vositalarning aholi jon boshiga o‘rtacha yillik iste’moli 206 kilogramm ko‘mir ekvivalentiga teng. Hindiston har yili Amerika Qo‘shma Shtatlariga qaraganda o‘n baravar ko‘proq o‘tin yoqadi.
O‘choqlar emissiyasi
Hindistonning ba’zi qismlarida chullah yoki chulha deb nomlanuvchi o‘choqlarda ovqat pishirishadi. 100 milliondan ortiq hind xonadonlarida mavjud bo‘lgan chulhalar kuniga ikki-uch marta ishlatiladi. Bu juda katta ko‘rsatkichlar bo‘lib, ulardan chiqadigan zaharli gaz va tutunni tasavvur qilavering.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Hindistonda yiliga 300-400 ming odam turli biomassani yoqish va chullahlardan foydalanish tufayli bino ichidagi uglerod oksidi zaharlanishidan vafot etadi.
Salomatlikka ta’siri
Mayda zarrachalar bilan doimiy nafas olish astma, bronxit, o‘pka saratoni, yurak xuruji kabi nafas olish va yurak-qon tomir kasalliklariga olib kelishi mumkin.
Havo ifloslanishining salbiy ta’siriga bolalar ko‘proq moyil bo‘ladi, chunki ular tana vaznining har bir kilogrammiga ko‘proq havo bilan nafas oladilar. Shuningdek, ular tashqarida ko‘proq vaqt o‘tkazishadi va shuning uchun bu ta’sirga ko‘proq uchraydi.
Dehli yurak va o‘pka instituti ma’lumotlariga ko‘ra, ikki milliondan ortiq bolalar – poytaxt Dehli bolalarining yarmi o‘pka funksiyasida anormalliklarga ega.
The Lancet'da e’lon qilingan 2017 yilgi tahliliy hisobotda hindistonliklarning 77 foizga yaqini tavsiya etilgan milliy chegaradan sezilarli darajada yuqori bo‘lgan zaharli havo zarrachalarini yutishi aytiladi.
Atmosfera havosining ifloslanish darajasi oshgan kunlarda tez yordam xizmatining chaqiriqlari odatdagidan 20-25 foizgacha oshadi.
Hozirda Hindistonda o‘rtacha umr ko‘rish yoshi 67 yosh bo‘lib, bu ko‘rsatkich bilan mamlakat 227 ta davlat ro‘yxatining 192-o‘rnini band qiladi. Agar havoning eng minimal tavsiyalariga erishilsa, Hindistonda o‘rtacha umr ko‘rish 1,7 yilga oshadi, deb taxmin qilinadi.
Davlat miqyosidagi tendensiyalar
2019 yilda havo ifloslanishining yomonlashuvi Hindiston hisobotlarida qariyb 1,7 million kishining bevaqt o‘limiga olib kelgan. O‘sha yili 9 mlndan ortiq hindistonlik vafot etganini hisobga olsak, yomon havo har 5-6-odamning o‘limi sababchisi bo‘lgan. Davlatda bunday ifloslanish ortidan deyarli 29 mlrd dollarlik ishlab chiqarish yo‘qotishi hisoblangan.
Endi ham bemalolgarchilikda davom etib bo‘lmasdi. Chunki bu yilgacha ham Hindiston shaharlari havo ifloslanishi bo‘yicha tanqidiy chegaradan bir necha baravarga oshib ketgan edi. 2019 yilda Hindiston 2017 yilni taqqoslash uchun bazaviy yil sifatida belgilab olib, 5 yil ichida PM2,5 va PM10 konsentratsiyasini 20-30 foizga kamaytirishni maqsad qilgan "Toza havo Milliy dasturi"ni ishga tushirdi. Dastur havo sifati standartlardan yomonroq deb hisoblangan 102 ta shaharda joriy etildi.
Oradan beshinchi yil o‘tyapti, lekin bu shaharlarda ijobiy tarafga o‘zgarish juda sust, ular hali ham dunyo antireytinglaridan tushmayapti. Chunki mamlakat o‘z vaqtida sabablar bilan emas, ancha kech oqibatlar bilan kurashishga tushdi.
Mamlakatdagi plastik ifloslanish muammosini hal qilish uchun katta qadam sifatida Hindiston 2022 yil iyul oyidan boshlab bir martalik plastmassalarni ishlab chiqarish, sotish va ulardan foydalanishni taqiqlashni e’lon qildi.
Plastmassaning foydaliligi va atrof-muhitga ta’siridan kelib chiqqan holda, taqiq uch bosqichda amalga oshiriladi. Bir martalik ishlatiladigan plastmassalarning birinchi toifasi muzqaymoq, shirinliklar qadoqlari, sharlar va plastik tayoqlar, shuningdek, plyonkalar, sigaret paketlari bo‘lsa, keyingi bosqichlarda qayta ishlatish imkoniyatiga ega bo‘lgan qalinligi 100 mikrondan ko‘p bo‘lgan plastik mahsulotlar nazarda tutilgan.
Garchi dunyodagi birinchilikdan tushmayotgan bo‘lsa-da, Hindiston havo ifloslanishini nazorat qilish bo‘yicha markaziy kengashi so‘nggi yillar uchun shunday xulosalar beradi:
- dizel yonilg‘isidagi oltingugurt miqdorini kamaytirish bo‘yicha ko‘rilgan mahalliy choralar va hukumatning qat’iy nazorati bilan Solapur va Ahmadobod kabi shaharlarda PM10 darajasida pasayish tendensiyasi kuzatilgan;
- yoqilg‘i o‘rnida ishlatilgan ko‘mir yoki o‘tin o‘rniga LPG gaz ballonlaridan foydalanish hamda transport vositalarining ommaviy CNG metan gaz yonilg‘isiga o‘tishi Dehli, Mumbay, Laknau, Bhopal kabi ko‘plab shaharlardagi oltingugurt dioksidi miqdorining tushishiga olib kelgan.
- turli shtatlarda ham mahalliy hukumatlar avtomobillar chiqindilari normalarini kuchaytirish, chiqindini yoqish uchun jarimalarni oshirish va yo‘l changini nazorat qilish kabi choralarni ko‘rishgan.
- transport sektorida mavjud 550 ta avtobus o‘rnida 1000 ta elektr jamoat transporti avtobuslari kiritilgan.
Shu bilan birga mamlakat 2023 yilga kelib shaxsiy avtomashinalarning 25 foizini elektromobillarga almashtirishga ko‘maklashishni reja qilgan bo‘lsa ham, hozir bu ko‘rsatkich 2 foizga yetmaydi. Chunki yonilg‘ida harakatlanadigan transport vositalarining narxi elektromobillarga qaraganda ancha past. Biroq benzin va dizel yoqilg‘isi narxining o‘sishi tufayli ularning operatsion narxi elektr ulovlardan yuqori. Ikki tanlov qarshisidagi hindistonliklar esa hali ham an’anaviy mashinalardan voz kechmayapti.
Shuningdek, atmosfera ifloslanishi haqida jamoatchilik turli usullarda xabardor qilib borilayotganiga o‘zimiz ham guvoh bo‘ldik.
Yana bir paradoks vaziyat haqida alohida gapirmasak bo‘lmaydi. 1973 yilda qurilgan Badarpur issiqlik elektr stansiyasi Dehli havosini ifloslantiruvchi yana bir asosiy manba bo‘lgan. Shahar elektr energiyasining deyarli 8 foizini ishlab chiqarganiga qaramay, u Dehlidagi elektr energetika sektoridagi zarrachalar ifloslanishining 80-90 foizini ishlab chiqargan.
2016 yil noyabr oyida Dehlida “katta tutun” hodisasi paytida Badarpur elektr stansiyasi havoning keskin ifloslanishini yumshatish uchun vaqtincha yopiladi. Ammo 2017 yil 1 fevralda qayta ishga tushirishga ruxsat berildi va yana atrof-muhitga zararli ta’sirini hisobga olgan holda, elektr stansiyasi 2018 yil 15 oktyabrdan butunlay to‘xtatildi.
Maqola avvalida “shu yo‘lda borayotgan O‘zbekiston” degan iborani bejizga ishlatmadik. Chunki poytaxtimiz Toshkentning ham havosi eng yomon shaharlar ro‘yxatiga kirib qolgani va bu oxirgi paytlarda bot-bot aytilayotganini shubha ostiga olayotganlar, buni ortiqcha vahima yoki bundan pul qilishni mo‘ljallagan kimningdir axborot manipulyatsiyasi, deya befarqlikda davom etayotganlar, ko‘rinmas qotil iskanjasida bo‘lib ham, “hech narsa qilmaydi” qabilida istalgan joyda chiqindi tashlayotgan, zarurat bo‘lmasa elektr energiyasidan befarq foydalanayotgan yurtdoshlarimiz oramizda ko‘p.
Bu sabablar esa ko‘pchilik uchun ensa qotar gaplar, xolos. Yonilg‘ini soxtalashtiruvchi hindistonliklar keysida ham barcha befarqliklar yig‘ilib borib, shaharni zaharlashga yaxshigina hissa qo‘shishayotganini bejizga misol qilmadik. O‘zimiz zararlayotgan tabiatdan siz, biz, ota-onamiz va farzandlarimiz nafas olishadi.
Bu Hindiston poytaxti Dehli haqidagi yig‘gan-tergan ma’lumotlarimiz edi. Keyingi qismlarda umuman boshqa sabablar bilan havosi ifloslanayotgan “Bollivud”, ya’ni Mumbay hamda Kalkutta shaharlari, shuningdek, Xitoyning Pekin shahri haqidagi mustaqil o‘rganish xulosalarimizda davom etamiz.
Sardorbek Usmoniy
Hindiston, Dehli
Mavzuga oid
23:25 / 23.12.2024
Bangladesh Hindistondan sobiq bosh vazir Shayx Hasinani ekstraditsiya qilishga yordam berishni so‘ramoqda
11:42 / 18.12.2024
O‘zbekiston va Hindiston zargarlik buyumlari ishlab chiqarish imkonini o‘rganmoqda
20:02 / 17.12.2024
Hindiston havoning ifloslanishi bilan bog‘liq cheklovlarni kuchaytirdi
21:54 / 12.12.2024