O‘zbekiston | 13:30 / 27.02.2024
1870
4 daqiqa o‘qiladi

Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish qoidalari e’lon qilindi

“Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish qoidalari tasdiqlanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan birgalikda hududlarda maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarining tasdiqlangan qoidalariga muvofiq tashkil etilishini ta’minlaydi.

Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish qoidalariga ko‘ra, ular chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan maishiy, qurilish chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish, sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi obektlarini yaratish va ulardan foydalanish hamda ko‘rsatilgan xizmatlar uchun jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan undirilgan to‘lovlarning tartibga solish tizimini belgilaydi.

Qoidalar radioaktiv va biologik chiqindilar, davolash-profilaktika muassasalari chiqindilari, zararli moddalarni atmosferaga chiqarib tashlash va oqova suvlarni ularni chiqarib yuborish tarmoqlari orqali oqizib yuborish bilan bog‘liq ishlar sohasidagi qonunchilik hujjatlari bilan tartibga keltiriladigan munosabatlarga tatbiq etilmaydi.

Sanitariya jihatidan tozalash ishlariga hududlarni (obodonlashtirish obektlari, turar joy va tashkilotlar hududini) tozalash, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish ishlari kiradi.

Hududlarni tozalash:

  • obodonlashtirish obektlarida – shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan;
  • ko‘p kvartirali uylar atrofidagi hududlarda – xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari yoki boshqaruvchi tashkilotlar tomonidan;
  • yakka tartibdagi turar joy uylari va tashkilotlarning yer uchastkalarida ajratilgan yer uchastkasi doirasida – jismoniy va yuridik shaxslar (yer uchastkalari egalari, mulkdorlari yoki doimiy foydalanuvchilari, shuningdek, ijaraga oluvchilar) tomonidan;
  • avtomobil yo‘llari va sun’iy yo‘l inshootlarida ajratilgan yer uchastkasi doirasida – ushbu obektlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar (balansda saqlovchilar) tomonidan;
  • temiryo‘llarda ajratilgan yer uchastkasi doirasida (chuqur qiyalik va ko‘tarmalar, temiryo‘lni kesib o‘tish va aylanib o‘tish joylari va h.k.) – ushbu obektlarga xizmat ko‘rsatuvchi temiryo‘l tashkilotlari tomonidan;
  • bozorlar hududi va ularga tutash hududlarda – bozorlar ma’muriyati tomonidan;
  • jamoat yo‘lovchi transporti bekatlarida joylashgan vaqtinchalik savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarida – ushbu obekt egalari tomonidan (agar ijara shartnomalarida boshqalar nazarda tutilmagan bo‘lsa);
  • savdo do‘konlari yoki boshqa savdo nuqtalariga, shu jumladan, ko‘chma shoxobchalarga tutash hududlarda 5 metr radiusda – kichik chakana savdo va umumiy ovqatlanish (oziq-ovqat mahsulotlarini sotish va umumiy ovqatlanish sohasida xizmatlar ko‘rsatish palatkalari, do‘konchalari), shuningdek, maishiy xizmat ko‘rsatish (poyabzal ta’mirlash va shu kabilar) sohasidagi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan amalga oshiriladi.

Hududlarni yil mavsumlari bo‘yicha tozalash bahor-yozgi va kuz-qishki tozalash ishlaridan iborat bo‘ladi.

Mavzuga oid