Ukraina Xerson oblastidagi amaliyotda elita jangchilari halok bo‘lganini ma’lum qildi
Ukraina qurolli kuchlari Maxsus operatsiyalar kuchlarining 73-dengiz guruhi harbiylari halokati haqida xabar berdi. Xerson oblastining anneksiya qilingan qismi ma’muriyati hududda diversantlar «yo‘q qilingani»ni ma’lum qilgan.
Ukraina qurolli kuchlari Maxsus operatsiyalar kuchlari payshanbaga o‘tar kechasi 73-dengiz guruhi harbiy xizmatchilari halok bo‘lgani haqida xabar berdi. Z-kanallarga ko‘ra, bu harbiylar Xerson oblastining anneksiya qilingan qismidagi Tendrovskaya qumlog‘iga tushishga harakat qilgan.
Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi bayonotiga ko‘ra, jangchilar «maxsus topshiriq bajarilganidan keyin asosiy kuchlar olib ketilishini ta’minlash uchun so‘nggi jangini o‘tkazishgan». Tafsilotlar ma’lum qilinmagan, qurbonlar soni ham aniq emas.
Tendrovskaya qumlog‘i — Qora dengizda Xerson oblasti sohillariga parallel joylashgan uzun va tor shakldagi orol hisoblanadi. Rossiyalik harbiy muxbirlarning telegram-kanallarida Ukraina qurolli kuchlari ushbu qumloqni egallagan taqdirda Xerson oblastining okkupatsiya ostidagi qismini va anneksiya qilingan Qrimning shimoli-g‘arbiy qismini o‘qqa tutish imkoniyatiga ega bo‘lishini yozishgan (orolning uzunligi — 65 km atrofida).
Qumloqda qariyb 200 yil muqaddam qurilgan mayoq ham mavjud. Orol 2022 yil fevralida Rossiya qo‘shini tomonidan egallangandi.
Rossiyadagi manbalar nima demoqda?
Rossiya mudofaa vazirligi Ukraina harbiy-dengiz kuchlari maxsus operatsiya kuchlarining Xerson oblastidagi Tendrovskaya qumlog‘iga tushishga uringa diversiya guruhi hujumi qaytarilgani haqida xabar bergan.
«Qisqa muddatli jang natijasida desantchilarning to‘rtta qayig‘i yo‘q qilingan va cho‘ktirilgan, beshinchisi o‘girilib, katta tezlikda ortga qaytgan. Raqibning yo‘qotishlari 25 nafargacha. Bir harbiy xizmatchi asir olingan», — deyiladi vazirlik xabarida.
Rossiyalik harbiy muxbirlarning telegram-kanallari ham ukrain harbiylari Qora dengizdagi Tendrovskaya qumlog‘iga tushishga harakat qilgani haqida yozib, orol sohilida turgan va ichida o‘ldirilgan ukrain harbiylarining jasadlari yotgani aytilgan qayiqlar fotosuratlarini tarqatishgan.
Rybar telegram-kanali (1 milliondan ortiq obunachisi bor) sohildagi qayiqda maxsus topshiriqli bo‘linmaning to‘rt jangchisi jasadi va bir yarador harbiy topilganini ma’lum qilgan. Yarador harbiy asir olingan va so‘roq qilingan, u Maxsus operatsiyalar kuchlari 73-dengiz guruhiga mansubligi aniqlangan.
Rossiyalik boshqa bir harbiylashgan telegram-kanal, «Kanal spetsialnogo naznacheniya» (104 ming obunachiga ega), jang vaqtida maxsus operatsiyalar kuchlarining kamida olti jangchisi halok bo‘lgani, o‘ldirilganlar soni 15 nafargacha yetishi mumkinligini xabar qilgan.
Xerson oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyati Ukraina maxsus operatsiyalar kuchlarining muvaffaqiyatsiz amaliyotini «piar» va okkupatsiya qilingan hududda «sahna ko‘rinishidagi video» olish istagi bilan bog‘lagan.
Kreml ta’siridagi Mash telegram-kanali xabar qilishicha, ukrain harbiylari beshta qayiqda Tendrovskaya qumlog‘iga tushishga harakat qilgan. Jang natijasida RF harbiylari to‘rtta qayiqni ishdan chiqargan, beshinchisi suzib ketishga muvaffaq bo‘lgan. Xabarda aytilishicha, kamida 20 nafar ukrain harbiysi halok bo‘lgan, yana biri yaralanib, asir tushgan. Rossiyalik harbiylar bir qancha miltiq, pulemyot va granatomyotlarni qo‘lga kiritgan, ular orasida AQSh va Germaniyada ishlab chiqarilganlari ham bor.
Ukrainalik harbiylar nima demoqda?
Ukraina qurolli kuchlari maxsus operatsiyalar kuchlari (SSO) voqealar bo‘yicha o‘z versiyasini keltirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrain maxsus topshiriqli bo‘linmasi «maxsus topshiriq»ni bajargan, ammo ketish vaqtida rossiyalik dushmanlar bilan jang qilishga to‘g‘ri kelgan.
«Maxsus topshiriq bajarilganidan keyin jangchilar guruhning asosiy kuchlari olib ketilishini ta’minlash uchun so‘nggi jangini o‘tkazishdi va abadiyga xizmatda qolishdi. SSO bo‘linmasining quruqlik, dengiz va dushmanning ichkari hududidagi qahramona va o‘ta murakkab jangovar ishi — bu SSO jangchilarining dushman ustidan g‘alabadagi kundalik hissasidir», — deyiladi xabarda.
Maxsus operatsiyalar kuchlari amaliyot chog‘ida qancha ukrain harbiysi halok bo‘lganini ma’lum qilmagan.
Ukrainaning «Strana» nashri qayd etishicha, 28 fevral kuni ukrain harbiylarining ijtimoiy tarmoqlarida «SSO uchun qora kun» haqidagi xabarlar paydo bo‘lgan. Izohlarda harbiylar Rossiya qo‘shinlari nazoratidagi hududlar ichkarisidagi Tendrovskaya qumlog‘ida amaliyot o‘tkazish naqadar to‘g‘riligi borasida savollar berishgan.
Qo‘shataman Anton Golovatiy nomidagi 73-dengiz guruhi — Ukraina qurolli kuchlari Maxsus operatsiyalar kuchlarining harbiy qismi bo‘lib, bazasi Mikolayiv oblasti Ochakov shahrida joylashgan. Bu guruh jangchilari diversiya amaliyotlari, razvedka tadbirlari o‘tkazish, kemalar va sohildagi qurilmalarni egallash ishlari bilan shug‘ullanadi.
Mikolayiv oblasti sohil qismini himoya qilish, shuningdek Qora dengizdagi Zmeiniy orolini ozod qilish bo‘yicha amaliyotlar bilan aynan shu bo‘linma shug‘ullangandi.
Mavzuga oid
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024