Jahon | 18:06 / 03.03.2024
12838
2 daqiqa o‘qiladi

Shahboz Sharif Pokistonning yangi bosh vaziri etib saylandi

Yangi chaqiriqdagi parlament quyi palatasining 336 deputatidan 201 nafari unga ovoz bergan. Yangi hukumat rahbarining qasamyodi 4 mart kuni bo‘lib o‘tadi.

© AP Photo/ K.M. Chaudary

Pokiston musulmon ligasi partiyasi raisi Shahboz Sharif Pokistonning yangi bosh vaziri etib saylandi. Milliy majlisda (parlamentning quyi palatasi) o‘tkazilgan ovoz berish jarayoni PTV News telekanalida translatsiya qilindi.

Sharif uchun parlament quyi palatasi yangi chaqirig‘idagi 336 nafar deputatdan 201 nafari ovoz bergan. Uning hukumat rahbarligi uchun kurashdagi raqibi, «Adolat uchun harakat» partiyasi bosh kotibi, Milliy majlisning yangi chaqirig‘iga mustaqil nomzod sifatida kirgan Umar Ayub Xon 92 ovoz oldi. Sharif endi 4 mart kuni qasamyod qiladi.

Milliy majlis yig‘ilishi Pokiston musulmon ligasi partiyasi vakili bo‘lgan Sardor Ayoz Sodiq spikerligida o‘tkazildi, yig‘ilish «Sunniylar yagona kengashi» (Sunni Ittehad Council, SIC) deputatlari uyushtirgan norozilik aksiyasi tufayli bir soat kech boshlandi.

Sharif Pokistan hukumatiga 2022 yil aprelida 2023 yil avgustiga qadar rahbarlik qilgandi. Undan avvalgi bosh vazir, o‘sha vaqtda «Adolat uchun harakat» partiyasi rahbari bo‘lgan Imron Xon ishonchsizlik votumi bildirilishi natijasida lavozimdan ketkazilgandi. 

Ayni vaqtda 72 yoshda bo‘lgan Sharif avvalroq Pokistonning aholisi eng zich joylashgan Panjob viloyatida vazir bo‘lib ishlagan va 2023 yil uzoq muzokaralardan so‘ng Xalqaro valuta jamg‘armasi bilan kelishuvga erishib, moliyaviy inqirozning oldini olishda muhim rol o‘ynagandi.

Mavzuga oid