AQSh Oliy sudi Trampga prezidentlik saylovida ishtirok etishga ruxsat berdi
Tramp o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida «Amerika uchun katta g‘alaba!!!», deb yozdi.
AQSh Oliy sudi Kolorado shtatining Donald Trampni prezident saylovi byulletenidan chiqarib tashlash bo‘yicha urinishlarini noqonuniy deb topdi.
Sud Trampni 2021 yilgi Kapitoliydagi tartibsizliklar uchun mas’ul ekanligi haqidagi da’volarni rad etdi. Shundan so‘ng, uning nomi shtatda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovi byulleteniga qayta tiklandi, deb xabar berdi Sky News.
Qarordan so‘ng Tramp o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida «Amerika uchun katta g‘alaba!!!», deb yozdi.
Tramp AQSh prezidentlik saylovida Respublikachilar partiyasidan asosiy nomzod bo‘lishga va amaldagi prezident, demokrat Jo Bayden bilan raqobatlashishga favorit hisoblanadi. Respublikachilar partiyasi ichida Tramp bilan faqat Janubiy Karolinaning sobiq gubernatori Nikki Heyli kurash olib bormoqda.
Avvalroq, Kolorado Oliy sudi sobiq prezident Donald Trampni shtatning 2024 yilgi saylov byulletenidan chiqarib tashlash haqida qaror qabul qilgan edi. Sud AQSh Konstitutsiyasidagi 14-tuzatish (isyonchilarni nomzod sifatida ro‘yxatga olinishini taqiqlash) tufayli shunday qarorga keldi.
Shundan so‘ng, Tramp ushbu qaror ustidan AQSh Oliy sudiga shikoyat qildi. Ushbu sud qarori barcha shtatlar uchun majburiy hisoblanadi.
AQSh prezidenti saylovi 2024 yil noyabrida o‘tkaziladi.