Jahon | 18:22 / 25.12.2024
2285
3 daqiqa o‘qiladi

Daniya Tramp bayonotidan keyin Grenlandiya mudofaasi xarajatlarini oshirdi

Daniya hukumati Grenlandiya mudofaasi uchun kamida 1,5 milliard dollarlik mudofaa paketini ajratadi. Bu Donald Trampning arktik orolni «AQShga sotish» haqidagi g‘oyasidan keyin e’lon qilinmoqda.

Foto: Reuters

AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani sotib olish istagini bildirganidan keyin Daniya hukumati ushbu arktik hududning mudofaa xarajatlarini sezilarli darajada oshirishini e’lon qildi, deb yozadi BBC.

Daniya mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen mamlakat hukumati kamida 1,5 milliard dollarlik mudofaa paketini ajratayotganini ma’lum qildi. Mudofaa vazirligi rahbari aniq summani aytmadi, ammo Daniya OAV uni 12-15 milliard kronaga (1,7—2 milliard dollar) baholamoqda.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ushbu mablag‘lar ikkita inspeksion kema, uzoq masofaga uchishga qodir ikkita dron va itlarga qo‘shiladigan ikkita qo‘shimcha chana xarid qilish imkonini beradi. Paket, shuningdek, poytaxt Nuukdagi arktik qo‘mondonlik xodimlari sonini ko‘paytirish va F-35 qiruvchi samolyotlariga xizmat ko‘rsatish uchun Grenlandiyaning asosiy uchta fuqarolik aeroportlaridan birini modernizatsiya qilish mablag‘larini ham o‘z ichiga oladi.

«Biz uzoq yillar davomida Arktikaga yetarlicha mablag‘ ajratmadik, endi esa u yerdagi ishtirokimizni oshirishni rejalashtiryapmiz», — deydi Poulsen. Vazir xarajatlar oshirilishiga oid e’lon endi, Trampning bayonotidan bir kun o‘tib xabar qilinayotganini «taqdir hazili» deb atadi.

Nashr suhbatlashgan tahlilchilarning ta’kidlashicha, ushbu reja anchadan buyon muhokamada bo‘lgan va uni AQShning yangi prezidenti aytgan gaplarga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob sifatida qabul qilmaslik kerak.

22 dekabr, yakshanba kuni Donald Tramp o‘zining Truth Social akkauntida Qo‘shma Shtatlar «butun dunyoda milliy xavfsizlik va erkinlikni ta’minlash» uchun «Grenlandiyaga egalik va nazorat qilishi mutlaq zarur», deb yozdi. Grenlandiya bosh vaziri Mute Egede esa Trampga «Biz sotmaymiz va sotilmaymiz. Ozodlik uchun uzoq davom etgan kurashimizni boy bermasligimiz kerak», deya javob qaytardi.

Mavzuga oid