O‘zbekiston | 17:32 / 05.03.2024
28353
3 daqiqa o‘qiladi

Bahromjon Haydarovning o‘lim holati Ombudsman tomonidan o‘rganildi

Andijon shahrining sobiq hokimi Toshkent shahrida joylashgan mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonada davolanayotgan bo‘lgan. U 2024 yil 5 mart kuni soat 00:15 larda kasalxonaning terapiya bo‘linmasida vafot etgan.

Foto: Andijon viloyati hokimligi

Andijon shahrining sobiq hokimi Bahromjon Haydarovning o‘lim holati Ombudsman tomonidan o‘rganildi. Bu haqda Ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, marhum Bahromjon Haydarov Toshkent shahrida joylashgan 23-son mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonada jazo muddatini o‘tayotgan, ya’ni davolanayotgan bo‘lgan.

“Ushbu kasalxona mingdan ortiq mahkumni davolashga ixtisoslashgan bo‘lib, 200 ga yaqin shifokor va feldsherlar xizmat olib boradi. Mazkur muassasa mahkumlarni davolashga ixtisoslashgan respublikadagi yagona kasalxona bo‘lganligi uchun zaruriy va zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan mazkur kasalxonaga monitoring tashriflari amalga oshirib kelingan, kasalxona hududida o‘rnatilgan “Ombudsman qutisi”ga kelib tushgan murojaatlar doimo ish yurituviga olingan.

Kasalxona tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, marhum B.Haydarov “Yurak ishemik kasalligi zo‘riqish stenokardiyasi FS-III, IKKS (2022 yil mart). Koronar qon tomirlar stentlash operatsiyasidan keyingi holat (2022 yil aprel). Gipertoniya kasalligi III bosqich. Arterial gipertenziya-III. Xavf-IV (O‘ta yuqori)” tashxisi bilan 2024 yil 5 mart kuni soat 00:15 larda kasalxonaning terapiya bo‘linmasida vafot etgan”, deyiladi Ombudsman xabarida.

Qayd etilishicha, ushbu holat haqida kasalxona rahbariyati tomonidan maxsus prokurorga va Jazoni ijro etish departamentiga ma’lumot hamda marhumning yaqin qarindoshlariga xabar berilgan. Maxsus prokuratura tomonidan sud-tibbiy ekspertlar jalb qilingan holda tekshiruv o‘tkazilgan. Shu kuni soat 8:30 larda marhum o‘g‘li va qudasi tomonidan olib ketilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovga ko‘ra, hozirda holat yuzasidan Toshkent maxsus prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

  • Oldinroq jinoiy sheriklari bilan 48 mlrd so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda ayblanib, sud hukmi bilan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan Bahromjon Haydarov jazoni ijro etish muassasasida vafot etgani xabar qilingandi.  

Mavzuga oid