Jahon | 15:17 / 06.03.2024
5078
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya Chexiyaning o‘q-dorilar sotib olish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi

Kanada, shuningdek, Yevropa Ittifoqiga a’zo Niderlandiya, Daniya, Litva va Belgiya avvalroq Yevropa Ittifoqidan tashqarida Ukraina qurolli kuchlari uchun 800 ming artilleriya snaryadlarini sotib olishga hissa qo‘shishga va’da bergan edi.

Foto: Diego Herrera Carcedo / ANADOLU / Anadolu via AFP / EastNews

Fransiya Chexiya boshchiligidagi tashabbus doirasida Ukraina uchun Yevropa Ittifoqidan tashqarida o‘q-dorilar sotib olishga hissa qo‘shadi. Bu haqda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 5 mart, seshanba kuni Pragada Chexiya prezidenti Petr Pavel bilan qo‘shma matbuot anjumanida aytib o‘tdi. «Biz bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz va o‘z hissamizni qo‘shamiz», — deya Fransiya davlat rahbarining so‘zlarini keltiradi Reuters.

Chexiya uchinchi mamlakatlarda Ukraina uchun 800 ming artilleriya snaryadlarini sotib olish imkoniyatini topgani haqida Petr Pavel fevral oyi o‘rtalarida Myunxen xavfsizlik konferensiyasida ma’lum qilgan edi. 

Bugungi kunga qadar Kanada, shuningdek, Yevropa Ittifoqiga a’zo Niderlandiya, Daniya, Litva va Belgiya ushbu tashabbus doirasida Ukraina qurolli kuchlari uchun o‘q-dorilar xarid qilishga pul ajratishga kelishib oldi. Belgiya bosh vaziri Aleksander De Kroo 28 fevral kuni, xususan, uning mamlakati ushbu maqsadlar uchun 200 million yevro ajratishini aytdi. 

Chexiyaning Ukraina uchun o‘q-dorilar sotib olish tashabbusi 

MSC’da Ukraina bo‘yicha muhokama chog‘ida Petr Pavel Kiyevga o‘q-dorilar yetkazib berish, agar moliyalashtirish G‘arbdagi ittifoqchilar tomonidan ta’minlansa, bir necha hafta ichida amalga oshirilishi mumkinligini ta’kidladi. Chexiya davlati rahbarining aniqlik kiritishicha, gap 155 mm kalibrli 500 000 ta artilleriya snaryadlari va 122 mm kalibrli 300 000 ta snaryad haqida ketmoqda. 

Pavel xaridlar qaysi mamlakatlarda amalga oshirilishi mumkinligini aniqlashtirmadi. Ayni paytda, fevral oyi boshida Politico internet nashri Chexiya Janubiy Koreya, Turkiya va JARda o‘q-dorilar bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida yozgan edi.

Mavzuga oid