O‘zbekiston | 14:40 / 06.03.2024
7707
10 daqiqa o‘qiladi

“Zamonaviylashayotgan” narkotik savdosi va iste’moli: xavotirli raqamlar

O‘zbekistonda 2023 yilda giyohvand vositalari bilan qo‘lga olingan 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslarning 97 nafarini talabalar tashkil qilgan. So‘nggi 5 yilda respublikada narkotik moddalar savdosi uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar orasida yoshlar 74 foizga oshgan. O‘smirlarni bu xavfdan qanday himoyalash mumkin? Ota-onalar nimalarga e’tibor berishi kerak? Kun.uz muxbiri IIV Tezkor-qidiruv departamenti matbuot kotibi, kapitan Shokirjon Hoshimov bilan shu haqida suhbatlashdi.

So‘nggi yillarda giyohvand moddalar savdosi shakllarining yangicha usullari paydo bo‘lyapti: an’anaviy narkotiklar o‘rniga ulardan-da kuchli, ammo tarqatish qulay bo‘lgan dorilar, psixotrop moddalar muomalaga kirib keldi. Avvallari yoshlarni faqat qurbon sifatida o‘z domiga tortgan jinoyatchilar endi ularni narkotik savdosiga ham jalb qila boshlamoqda.

Giyohvand, psixotrop va psixofaol moddalarni iste’mol qilish O‘zbekistonda so‘nggi besh yilda keskin oshgan. Xususan, narkologik hisobga olingan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan giyohvandlik vositalari iste’molchilari 60 foizga ko‘paygan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi besh yilda respublika hududida giyohvand, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi vositalar noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar orasida yoshlar 74 foizga, shu jumladan, talabalar 21 foizga, maktab o‘quvchilari 6 barobarga oshgan. Vaziyatga aynan qanday omillar sabab bo‘lyapti?

— Bunga asosiy sabab so‘nggi yillarda butun dunyoda giyohvandlik vositalari savdosining deyarli to‘liq internetga ko‘chib o‘tganligidir. Bugungi kunda giyohvandlik va psixotrop vositalar qo‘lma-qo‘l savdo orqali yetkazilmayapti, barcha jarayonlar internet orqali hal qilinyapti: buyurtma onlayn kelishuv bilan jo‘natilyapti va internet orqali to‘lov qilinyapti. Jarayonda “tovar”ni bir shaxs kelishilgan manzilga yashirib ketadi, oluvchiga lokatsiya haqida xabar beriladi va xaridor uni o‘sha joydan olib ketadi. Bunday holatda sotuvchi va oluvchi o‘zaro duch kelmasligi sababli “savdo” xavfsizligi ta’minlanadi.

Tabiiyki, internetdagi asosiy kontingent yoshlar hisoblanadi. Hatto hali maktabga bormaydigan bolalar ham telefondan, internetdan foydalanishni yaxshi biladi. Giyohvand moddalar va kuchli ta’sir etuvchi vositalar ortidan mo‘maygina daromad topaman, deb xomxayolda yurganlar esa yoshlarning internetni yaxshi bilishidan foydalanib, ularni o‘z to‘riga ilintirishi holatlari ko‘p uchrayapti. O‘tgan 2023 yilda bu borada voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq 23 ta holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va 56 nafar shaxs tergovga jalb etilgan. Bundan tashqari, giyohvand vositalari savdosi bilan shug‘ullanish talabalar o‘rtasida ham ko‘payib bormoqda. Xususan, o‘tgan yilda giyohvand vositalari bilan qo‘lga olingan 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslarning 97 nafarini talabalar tashkil qilgan.

Hozirgi kunda shprits yoki ilgari biz bilgan uslubdagi giyohvand vositalari emas, balki sintetik, psixotrop hamda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ko‘payganini ham bir omil sifatida ko‘rsatish mumkin. Chunki bunday dori vositalari u qadar qimmat turmaydi, ularni izlab topish ham murakkab emas.

Bolaning narkotik iste’mol qilayotganini ko‘rsatuvchi belgilar qanday namoyon bo‘la boshlaydi?

— Ota-onalar e’tibor berishi kerakki, bolaning telefonida turli notanish chatlar, botlar, pana-pastqam joylar, ya’ni odam kam yuradigan yo‘laklar, daraxtzorlar, bolalar maydonchalarining suratlari va lokatsiyalar chiqa boshlaydi. Narkotik iste’mol qilayotgan bola narsalarini doimiy yashirishga intiladi, xonasini qulflab oladi. Ko‘p pul so‘raydi. Uydan narsalar yo‘qolishni boshlaydi. Bola doim birov ta’qib qilyapti, degan xavotirda bo‘lishi kabi belgilar kuzatiladi.

Shuningdek, bolaning yonidan kuyish alomati bo‘lgan pipetka, o‘ralgan pul kupyurasi, yaltiroq qog‘oz, izolenta, zip-paketlar singari noodatiy narsalar ko‘p chiqadi. O‘smirning do‘stlari o‘zgaradi, jargonga xos so‘zlashuv uslubi paydo bo‘ladi. Ular narkotik moddalarni o‘z nomi bilan emas, boshqacha so‘zlar bilan nomlab oladi. Bundan tashqari, bola ko‘p terlaydi, terda o‘ta notanish hid hamda butun tanada yoriqlar paydo bo‘ladi, sochlar sinuvchan bo‘lib qoladi, ko‘z qorachig‘i sezilarli darajada kengayadi. Ishtahaning yo‘qolishi, doimiy chanqoq holati, uyqusizlik kuzatiladi. Narkotik va psixotrop moddalar terining shilliq qavatiga zarar yetkazishi sababli, tez-tez burun qonashi ham yuzaga kelishi mumkin.

Qolaversa, telefon yoki kompyuterda “TOR” brauzeridan foydalanganlik holatlari kuzatiladi. Ushbu brauzer darknet tizimidan (ingl. darknet – “yashirin tarmoq”) foydalanish imkonini beradi. Bu tizimda kiruvchi va chiquvchi xabarlar qaysi IP-manzildan kelayotganini bilib bo‘lmaydi. Aynan shuning uchun jinoyatchilar bolalar pornografiyasi, qurol va narkotik moddalar savdosida ushbu tizimdan foydalanadi.

Bolaning narkotik va psixotrop moddalar savdosi bilan shug‘ullanayotganini ko‘rsatuvchi belgilarni qanday aniqlasa bo‘ladi?

— Bola tungi vaqtda xiyobon yoki daraxtzorga ko‘p qatnab qoladi. Uning yonida besabab katta miqdorda pul, boshqa odamlar nomidagi bank kartalari, qimmat buyumlar, kiyimlar paydo bo‘la boshlaydi. Telefonda suratga manzil koordinatalarini tushirish imkonini beruvchi maxsus ilovalar, xususan, “ViPole”, “Jabber”, “Wechat”, “Signal” kabilar o‘rnatilgan bo‘ladi.

“Zakladka” usulida tarqatiladigan sintetik turdagi giyohvandlik vositalari odatda 1 gr miqdorda taqsimlanadi va skotch yoki izolenta bilan qadoqlanadi. Agar shunday buyumlar bolaning sumkasidan chiqsa, bunga giyohvandlik vositalari savdosiga aralashgani shubhasi sifatida qarash mumkin.

Farzandi giyohvand yoki psixotrop moddalar iste’mol qilayotgani, tarqatayotgani haqida shubhalanayotgan ota-onalar nima qilishi lozim?

— Birinchi navbatda, bola bilan ochiqdan-ochiq gaplashish kerak. Agar ota-onaning kuchi yetmasa, psixolog yordamidan foydalanish zarur. Bola bunday moddalarga ruju qo‘yganini tan olsa, darhol narkolog mutaxassisga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Agar bola bunday moddalar savdosi bilan shug‘ullanayotganini tan olsa, dastlab advokat bilan uchrashib, ota-ona va bola javobgarlik, so‘roq, tergov, tintuv jarayonlari haqida aniq tasavvurga, yo‘l-yo‘riqqa ega bo‘lishi lozim. Mamlakatimizda voyaga yetmaganlar himoyasi davlat advokati tomonidan bepul amalga oshiriladi.

Shu bilan birgalikda, ichki ishlar organiga ham murojaat qilish kerak. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan faol hamkorlik javobgarlikni yengillatishi, hatto bola butunlay javobgarlikdan ozod bo‘lishi ham mumkin. Bunday holatda bolaning shaxsi to‘liq himoyaga olinadi: uning shaxsiy ma’lumotlari sir saqlanadi, sud majlislarida ishtiroki kamaytiriladi, alohida qo‘riqlanadi. Jinoyat kodeksi 276-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan qilmishlarni sodir etgan shaxs o‘z ixtiyori bilan aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida hokimiyat organlariga arz qilsa va giyohvand vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni topshirsa, jazodan ozod qilinadi.

Jinoyat kodeksining 276-moddasiga ko‘ra, giyohvand vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, ularni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, egallash, tashish yoki jo‘natganlik uchun BHMning 50 barobarigacha jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi. O‘sha qilmishlar ko‘p miqdorda, ilgari giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatni sodir etgan shaxs tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Aynan voyaga yetmagan shaxslarni giyohvand vositalarini iste’mol qilishga jalb qilgan shaxslar uchun Jinoyat kodeksining 274-moddasida jinoiy javobgarlik belgilangan. Giyohvand vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki shaxsning aql-idrokiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni har qanday shaklda iste’mol qilishga jalb etish — 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Qonunchilikka ko‘ra, bunday moddalarni tarqatish, tashish, sotish uchun 16 yoshdan jazo belgilangan. Ushbu qilmishni sodir etgan bola 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Jamoat joyida narkotik moddalar ta’siri ostida bo‘lish uchun javobgarlik belgilanmagan. Agar shunday holat aniqlansa, o‘sha shaxs majburiy davolanishga yuborilib, reabilitatsiya ishlari olib boriladi. Agar bola 16 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, farzand tarbiyasiga mas’uliyatsizlik uchun ota-ona ma’muriy javobgarlikka tortiladi.

Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi
Operator va montaj ustasi: Sherzod Egamberdiyev

Mavzuga oid