O‘zbekiston | 10:19 / 12.03.2024
5517
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda elektr ta’minotidagi cheklovlar olib tashlandi

O‘zbekistonda hududlariga elektr energiyasi yetkazib berishda 8 martdan buyon hech qanday cheklovlar qo‘llanilmayapti. 

Foto: Kun.uz

Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, tabiiy gaz bosimining me’yoriy sxemaga qaytgani sabab elektr energiyasi yetkazib berishda 17 fevraldan buyon amalga kiritib kelingan cheklovlar bekor qilindi.

10 mart kuni elektr stansiyalar orqali 238,9 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu rejadagiga nisbatan 4 foizga ko‘p bo‘lib, buning uchun issiqlik stansiyalarida 48,2 million kubometr tabiiy gaz, 16,8 ming tonna ko‘mir hamda 4 ming tonna mazut yoqilgan.

Turkmanistondan 15,6 million kilovatt /soat elektr energiyasi import qilindi. Iste’molchilarga rejaga nisbatan 8 foiz ko‘p elektr energiyasi, 9 foiz ko‘p tabiiy gaz yetkazib berildi.

10 mart kuni 1 325 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari orqali jami 13,41 mln kubometr tabiiy gaz sotildi. Bu miqdor 7 mart kuni 14,91 mln kubometrni, 8 mart kuni 15,12 million kubometrni, 9 mart kuni esa 15 million 614 ming kubometrni tashkil qildi.

Avtomobillarga gaz quyish stansiyalari orqali jami 270 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazildi. “O‘zbekneftgaz” tomonidan barcha AYoQShga 661 tonna avtobenzin yetkazib berildi.

18 fevraldan gaz zapravkalar faoliyatiga qisqa muddatli cheklovlar kiritilgandi. 22 fevraldan bu cheklovlar mahalliy hokimliklar bilan kelishilib, reja-grafik asosida bosqichma-bosqich olina boshlandi. 7 martdan ularning faoliyati to‘liq tiklandi.

Mavzuga oid