O‘zbekiston | 17:47 / 13.03.2024
5240
2 daqiqa o‘qiladi

Fevralda yonilg‘i va yo‘lkira narxlari keskin oshgan – MB so‘rovnomasi

Fevral oyida O‘zbekistonda sezilgan inflatsiya darajasi 12,7 foizni tashkil etdi. Bu rasmiy yillik inflatsiyadan 4,35 foizga yuqori. Respondentlarning aksariyati respublika bo‘ylab metan “zapravka”larning yopilishi fonida benzin va yonilg‘i narxlari oshishini ko‘proq his qilgan.

Markaziy bank fevral oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, aholi tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi 12,7 foizni tashkil qilgan. Hududlar kesimida inflatsiyaning eng yuqori darajasi Toshkent shahri – 16,1 foiz va Sirdaryo viloyatida – 13,9 foiz, eng past darajasi esa Qoraqalpog‘iston – 9,1 foiz va Xorazm viloyatida – 10,7 foiz sezilgan. 

So‘rovnomada qatnashganlarning katta qismi benzin va yoqilg‘i hamda yo‘lkira va tashish xizmatlarini narxlarida yuqori o‘sish kuzatilgan asosiy turdagi tovar va xizmatlar sifatida qayd etgan. Bunga fevral oyining oxiri va mart oyining boshlarida butun respublika bo‘ylab gaz yetishmasligi sababli metan yoqilg‘i quyish shoxobchalarining to‘liq yopilishi yoki faoliyatining cheklanishi ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

Daromadlari 7 mln so‘m va undan yuqori bo‘lgan aholining sezilgan inflatsiya darajasi respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori darajada shakllangan. Xususan, 15 mln so‘mdan ko‘p daromad egalari sezgan inflatsiya 16,9 foizni tashkil qilgan. Toshkent shahrida 21 foiz va undan yuqori inflatsiya sezayotganlar ulushi 27 foizga yetgan.

Avvalroq, fevralda iste’mol sektoridagi narxlarning yillik o‘sish darajasi 8,35 foizga yetgani xabar qilingandi. O‘tgan oyda sezilgan va rasmiy inflatsiya o‘rtasidagi farq 4,35 foizni tashkil etgan.

Mavzuga oid