O‘zbekiston | 11:50 / 13.03.2024
12552
7 daqiqa o‘qiladi

Sud “muzlatgan” qurilish: fuqarolar va quruvchi o‘rtasidagi mojaro nima bilan tugaydi?

Mirzo Ulug‘bek tumani Bahor mahallasida joylashgan futbol maydoni o‘rnida ko‘p qavatli turar joy qad rostlayotgani shu yerda yashovchi ayrim fuqarolarni tashvishga solmoqda. Ular qurilajak uylar kanalizatsiya, suv, elektr hamda gazga bo‘lgan bosimni oshirishidan xavotirda. Qurilish ishlari vaqtincha to‘xtatilgan - davom etadimi yoki yo‘qligi sud chiqaradigan qarorga bog‘liq.

Kun.uz’ga poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani Bahor mahallasi aholisidan murojaat kelib tushdi. Murojaatchilar Yalang‘och mavzesida futbol maydoni o‘rnida olib borilayotgan qurilish ishlaridan noroziligini ta’kidlashmoqda. Kun.uz muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida hududda bo‘lib, aholi vakillari bilan suhbatlashdi.

Ma’lum bo‘lishicha, mahallaning Uzumzor ko‘chasi 19-uy ro‘parasidagi maydon 2020 yilda buzib yuborilgan. Birinchi quruvchi kottejlar qurishga harakat qilgan, biroq qurilish to‘xtatilgan. Shunga qaramay, 2023 yilda yer egasi uni bu yerda to‘rt qavatli turar joy qurishni rejalashtirgan boshqa bir tadbirkorga sotib yuborgan.

Endi quruvchi 37 sotixli yer maydonida 4+1 va 3+1 qavatli (tom qismida pentxaus bo‘lgan) 65 xonadonli turar joy qurishni reja qilmoqda. Ammo mahalla aholisi bu qurilishdan norozi.

Mahallada bolalarga o‘ynaydigan joy qolmadi. Hamma joyda qurilish qilib tashlandi. Bu yerda oldin stadion bo‘lardi, keyin u rekonstruksiya qilindi. Maydonni olgan birinchi egasi stadion o‘rnida kottej quraman deb harakat qildi. Ruxsatnoma ololmadi. Keyin u yerni hozirgi quruvchiga sotib yubordi. Yangi quruvchi stadion o‘rnida “dom” qurishga qanday qilib ruxsat olgani bizga noma’lum”, deydi shu yerda yashovchi Ulug‘bek Tashmetov.

Fuqaro Umid Rasulov mahallada odam gavjumligi, undan ko‘ra bu yerni obodonlashtirib, park, bolalar uchun maydon qilinsa, daraxtlar ekilsa yaxshi bo‘lishini ta’kidladi:

Har yili yomg‘ir yog‘ganda bizning uyimizda suv toshadi, ular alohida quvur tortib kelib markaziy quvurga ulaymiz deyishyapti. Ichimlik suvi, tabiiy gaz bosimi, elektr energiya kuchlanishi tushib ketadi. Bular hammasi uchun alohida tortib kelamiz deyapti, lekin oxirida hech kim buni nazorat qilolmaydi”, deydi u.

Qurilish maydoni yonidagi uyda yashovchi Jamshid Muzaffarov esa qurilishga qarshi emasligini, faqat ko‘p qavatli uy emas, kottej qurilishiga roziligini bildirdi:

Mahallada uylar bir-biriga juda yaqin. Yangi qurilishlar sababli oraliq tor bo‘lib qolgan. O‘zi shundoq ham ko‘chaga mashinalar ko‘p qo‘yib tashlashadi. Agar “dom” quriladigan bo‘lsa, ko‘chada harakatlanib bo‘lmaydi. Ko‘p qavatli uy qurilishiga qarshiman, faqat kottej qurilsa, noroziligim yo‘q”, deydi u.

Ma’lum bo‘lishicha, Davlat kadastrlari palatasi Mirzo Ulug‘bek tuman filiali tomonidan Yalang‘och mavzesida joylashgan noturar bino “Modern Residence Style” MChJ nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, bino inshootga nisbatan mulk hamda yer maydoniga ijara huquqi berilgan.

Mazkur yer maydonida rekonstruksiya va qurilish ishlarini olib borish uchun “Modern Residence Style” MChJ tomonidan 2023 yil 7 iyunda ariza bilan Davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilingan. Murojaat Mirzo Ulug‘bek tuman qurilish bo‘limi tomonidan ko‘rib chiqilib, 2023 yilda ushbu MChJga “Bahor” MFYdagi o‘z yer uchastkasida “Yerto‘la qismida avtoturargoh, pastki qavatlarida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari bo‘lgan 5 qavatdan iborat ko‘p kvartirali turar joy sifatida ixtisoslashtirib qayta qurish uchun” ruxsatnoma berilgan. Ushbu ruxsatnoma hamda buyurtmachining buyurtmasi asosida Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi tomonidan Arxitektura rejalashtirish topshirig‘i (ART) ishlab chiqilgan.

Yuqoridagi hujjatlarga binoan “Ideal Project” MChJ tomonidan dastlabki eskiz loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasining loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 2023 yil 13 sentabrdagi xulosasi berilgan hamda “Konstruksiya loyiha ekspertiza” MChJning 2023 yil 24 oktyabrdagi K-194/23-sonli ishchi loyihasi bo‘yicha yig‘ma ekspert xulosasi olingan. Shu tariqa, qurilish-montaj ishlarini boshlashga xabarnoma yuborilgan va 2023 yil 6 noyabrda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun Toshkent shahar qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi ro‘yxatidan o‘tgan.

Holat yuzasidan quruvchi tashkilot – “Modern Residence Style” MChJ ish yurutuvchisi Nuriddin Abdullajonov bilan ham suhbatlashdik. Unga ko‘ra, ko‘p qavatli uyni qurish uchun tegishli tashkilotlardan ruxsatnomalar olingan.

Hujjatlarimizda ruxsat besh qavatga chiqqani bilan o‘sha yerdagi aholi bilan gaplashganimizda ular balandlik qiladi, noqulaylik tug‘diradi degani uchun binolarimizni to‘rt va uch qavatli qilib quradigan bo‘lganmiz. Rejamizga ko‘ra, turar joyimiz yil oxiriga qadar foydalanishga topshirilishi kerak”, deydi Nuriddin Abdullajonov.

MChJ vakili aholidan ruxsat olishga uringanini, atrofdagi ko‘pchilikdan rozilik olingani va bir necha kishi bunga ko‘nmayotganini ta’kidlamoqda.

Mahalla aholisi ushbu nizoli vaziyatni sud orqali hal qilishga qaror qilgan. Bugungi kunda fuqarolar tomonidan qurilishga ruxsatnoma bergan Qurilish va kommunal xo‘jalik vazirligi harakatidan shikoyat qilib, sudga ariza topshirilgan hamda ikkala tomon sud qarorini kutishga kelishgan. Qurilish jarayonlari vaqtincha to‘xtatilgan.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Baxtiyor To‘xtayev,
Kun.uz

Mavzuga oid