Jahon | 15:35 / 19.03.2024
4955
4 daqiqa o‘qiladi

Stoltenberg: Gurjiston - NATOning eng yaqin hamkorlaridan biri

NATO rahbari Tbilisiga tashrifi davomida Gurjistonni demokratik islohotlarni davom ettirishga chaqirdi. U barcha shartlar bajarilganidan keyin alyans ushbu mamlakatni a’zo sifatida qabul qilishga tayyorligini tasdiqladi.

Foto: AP

Gurjiston NATOning eng yaqin hamkorlaridan biri, tashkilot bu davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaydi, dedi alyans bosh kotibi Yyens Stoltenberg Tbilisiga tashrifi chog‘ida. 18 mart, dushanba kuni Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidze bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida u NATO talab va mezonlariga javob bersa, mamlakatni to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilishga va’da berganini yana bir bor ta’kidladi

«NATO sizni kuchli demokratiya va to‘liq Yevroatlantika integratsiyasi yo‘lida qo‘llab-quvvatlaydi, jumladan 2008 yilda Buxarestda Gurjiston ittifoqqa a’zo bo‘lishi to‘g‘risidagi qarorni ham qo‘llab-quvvatlaydi», dedi Stoltenberg. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kobaxidze bilan muzokaralar chog‘ida hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘llari muhokama qilingan. «Biz bir-birimizni yaqinlashtirishga qaratilgan bir qator aniq dasturlarni, jumladan, inqirozni boshqarish, kiberxavfsizlik va harbiy muhandislikni rivojlantirish sohalarini muhokama qildik», dedi u. Xususan, uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda Batumida Turkiya harbiy-dengiz kuchlari bilan tajriba almashish bo‘lib o‘tgan. 

Stoltenberg Gurjistonni demokratik islohotlarni kuchaytirishga chaqirdi 

Shimoliy Atlantika alyansi rahbari, shuningdek, Tbilisini demokratik islohotlarni amalga oshirish, xususan, saylov huquqi sohasida sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi. «Gurjiston ichki islohotlarni davom ettirishi, demokratik qadriyatlar va qonun ustuvorligini, shu jumladan joriy yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan erkin va adolatli parlament saylovlari orqali mustahkamlashi muhim», - deya ta’kidladi u. 

Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, YeIga kirish uchun zarur bo‘lgan islohotlar ham Gurjistonning NATOga kirishi shartlariga kiritilgan, biroq bunday islohotlar Gurjiston o‘zi uchun ham muhim. «YeI tomonidan Gurjistonga berilgan nomzod maqomi barqarorlikni mustahkamlash va farovonlik darajasini oshirish uchun ajoyib imkoniyatdir», dedi u. Shu bilan birga, Stoltenberg Rossiyaning «imperiya ambitsiyalari» fonida «Gurjiston murakkab xavfsizlik muammolariga duch kelayotganini» ta’kidladi.

Kobaxidze: Gurjiston NATO shafeligidagi operatsiyalarda qatnashyapti 

O‘z navbatida, Irakliy Kobaxidze Gurjiston so‘nggi yillarda NATO shafeligidagi amaliyotlarda faol ishtirok etib, global xavfsizlikni mustahkamlashga hissa qo‘shganini ta’kidladi. «O‘z navbatida, NATO Gurjistonning mudofaa qobiliyatini rivojlantirishda muhim rol o‘ynagan va o‘ynashda davom etmoqda», - deya qo‘shimcha qildi u. 

Stoltenberg Tbilisida Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili bilan ham uchrashdi. 

2008 yilda Buxarestda bo‘lib o‘tgan NATO sammitida NATO davlatlari yetakchilari Gurjistonga alyansga qo‘shilishning aniq yo‘lini belgilab bermasdan turib, integratsiya istiqbolini taklif qilgan. Mamlakat NATO va YeIga a’zo bo‘lishini Gurjiston fuqarolarining 80 foizi qo‘llab-quvvatlamoqda, deya ta’kidlaydi AFP. 

Mavzuga oid