Jahon | 12:30 / 20.03.2024
10282
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Yevropaliklar to‘lashni to‘xtatmaguncha, AQShni NATOdan chiqarmayman

AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp, agar u g‘alaba qozonsa, alyansning yevropalik a’zolari o‘z badallarini to‘lar ekan, mamlakatni NATOdan chiqmasligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar Yevropadagi «ba’zi muammolar»dan okean bilan ajralib turadi.

Foto: AP / Alex Brandon

AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp, agar u g‘alaba qozonsa, alyansning yevropalik a’zolari o‘z badallarini «halol» to‘lar ekan, mamlakatni NATOdan chiqmasligini aytdi. Trampning bu so‘zlari 19 mart, seshanba kuni Britaniyaning o‘ng qanot telekanali GB News dasturi efirida boshlovchi, «Brekzit» partiyasining sobiq yetakchisi Nayjyel Farajning savoliga javoban eshitildi.

«Qo‘shma Shtatlar o‘zining adolatli ulushini (NATOdagi mudofaa xarajatlarini) to‘lashi kerak va boshqalar uchun to‘lamasligi kerak», deb ta’kidladi Tramp. Uning fikricha, Shimoliy Atlantika ittifoqi AQShdan ko‘ra Yevropa davlatlari uchun «muhimroq». «Biz bilan Yevropadagi ba’zi muammolar orasida okean bor. Katta va go‘zal okean», - dedi amerikalik siyosatchi. 

Tramp NATOdagi «to‘lamaydiganlarga» himoyasiz qoldirish bilan tahdid qildi 

10 fevral kuni Janubiy Karolinada bo‘lib o‘tgan mitingda Donald Tramp NATO davlatlaridan birining rahbari bilan go‘yoki suhbati haqida gapirib berdi. «Yirik davlatning prezidentlaridan biri o‘rnidan turib, «Xo‘sh, janob, agar biz pul to‘lamasak va Rossiya bizga hujum qilsa, bizni himoya qilasizmi?» dedi. Bunga javoban, uning so‘zlariga ko‘ra, davlatga himoya taqdim etmasligi, balki aksincha, Rossiyani «xohlaganini qilishga» imkon yaratib berishini aytgan. «Siz to‘lovlarni to‘lashingiz kerak», dedi Tramp AQSh ittifoqdoshlariga murojaat qilib. 

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Shimoliy Atlantika alyansi harbiy tahdidga qarshi «barcha ittifoqchilarni himoya qilishga tayyor va qodir»ligiga ishontirdi. Trampning saylovdagi potensial raqibi, AQSh amaldagi prezidenti Jo Bayden raqibi so‘zlarini xavfli deb atadi. Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel esa Yevropa davlatlarini o‘z mudofaa salohiyatini oshirishga chaqirdi, chunki «Amerika soyaboni abadiy ochiq qolmasligi mumkin». 

OAV: Agar g‘alaba qozonsa, Tramp Rossiya va Ukrainani tinchlikka majburlamoqchi 

15 fevral kuni Bloomberg shuningdek, agar Donald Tramp noyabr oyidagi saylovda g‘alaba qozonsa, u Rossiya va Ukrainaga tinchlik muzokaralarini boshlashi uchun bosim o‘tkazish niyatida ekanini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, Ukrainaga bosim o‘tkazish dastagi yordamni olib tashlash tahdidi, Rossiyada esa, aksincha, Kiyevga yordamning ko‘payishi bo‘lishi mumkin, dedi respublikachi nomzodga yaqin manbalar jurnalistlarga.

Avvalroq Tramp agar saylansa, Ukrainadagi urushni imkon qadar tezroq tugatishini bir necha bor ta’kidlagan edi. 

Mavzuga oid