O‘zbekiston | 22:21 / 25.03.2024
23098
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Namanganda iftorlik qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 mart kuni Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida butun O‘zbekiston bo‘ylab o‘tkazilgan iftorlikda ishtirok etdi.

25 mart kuni O‘zbekistonning barcha hududlarida, viloyat, shahar va tumanlardagi hamma mahallalarda iftorlik dasturxonlari yozildi. Namangan viloyatidagi ehsonga Farg‘ona va Andijon viloyati nuroniylari ham tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz musulmonlarini Ramazon oyi bilan yana bir bor tabrikladi.

– Bugun barchamiz – muhtaram ulamolarimiz va nuroniylarimiz, jamoatchiligimiz vakillari birgalikda iftor qilmoqdamiz. Yagona, ahil oila bo‘lib yashayotgan ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi bugun go‘yoki bir dasturxon atrofida jam bo‘lib o‘tiribdi. O‘ylaymanki, bu savobli tadbir inson qadrini ulug‘lashga, o‘sib kelayotgan yoshlarimizni mana shunday olijanob ruhda tarbiyalashga xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bu ishlarga hissa qo‘shayotgan iymon-diyonatli, saxovatli yurtdoshlarimizga tashakkur aytdi.

Keyingi yillarda xorijda o‘qiyotgan va ishlayotgan vatandoshlarimizga ham munosabat o‘zgardi. Ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, ularni Vatanimizga qaytarish, ish o‘rni va daromad manbai bilan ta’minlash, oila a’zolari va farzandlarini ijtimoiy himoyalash yuzasidan muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Yaqinda 40 dan ziyod ulamolar Rossiya, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Misrga safarga yuborildi. U yerlardagi vatandoshlarimizni din-u diyonatga da’vat etish bilan birga, hozirgi tahlikali vaziyatda ogoh bo‘lib, qonunlarni hurmat qilish, yomon yo‘llarga kirmaslik zarurligi haqida suhbatlar qilishdi.

Davlatimiz rahbari chet eldagi yurtdoshlarimizni ham ulug‘ ayyom bilan tabriklab, ularga sog‘liq-omonlik va omad tiladi.

Ma’lumki, yangilangan Konstitutsiyamizda “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan muhim qoida belgilab qo‘yilgan. Shu asosda mamlakatimizda mutlaqo yangi ijtimoiy himoya tizimi shakllanmoqda. Bu tizim birinchi navbatda ehtiyojmand kishilarga, jumladan, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, yetim qolgan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlarga har tomonlama e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga qaratilgan.

Bu haqda so‘zlar ekan, Shavkat Mirziyoyev Alisher Navoiy bobomizning “Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay, oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay” degan hikmatini yodga oldi.

Bunday qarash muqaddas dinimizning asl insoniy mohiyati bilan hamohangdir. Haqiqatan ham, chinakam musulmon o‘ziga ravo ko‘rgan narsani boshqalarga ham ravo ko‘radi.

Mamlakatimizda xalq farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirishga sa’y-harakatlar mohiyati aytib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida eng ezgu tilaklarini bildirdi.

– Muborak Ramazon oyi sharofati bilan yurtimizda, jami musulmon o‘lkalarda, butun dunyoda tinchlik, barqarorlik hukm sursin, odamlar, xalqlar o‘rtasida do‘st-birodarlik, o‘zaro hurmat tuyg‘ulari ustuvor bo‘lsin. Kuchlilar – ojizlarga tayanch, saxovatpeshalar – muhtojlarga yordamchi, yoshlar – qariyalarga g‘amxo‘r bo‘lsin. Dinimizda belgilab berilgan to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmaylik, ayni paytda zamon bilan hamnafas yashaylik. Yoshlarimiz bilimlari bilan jahonga tanilib, yurtimiz dovrug‘ini yuksaklarga ko‘tarishsin. O‘zbekiston dunyoning eng oldi, eng ilg‘or davlatlaridan biriga aylansin. Tutgan ro‘zalarimiz, duolarimiz dargohida qabul bo‘lsin, – dedi prezidentimiz.

Qur’on oyatlari tilovat etilib, Alloh taolodan xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qilindi.

Videolar

Mavzuga oid