O‘zbekiston | 17:11 / 26.03.2024
12898
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Yangi Namangan shahri loyihasi va chet tillar instituti qurilishi bilan tanishdi

Prezident Namanganda Ishoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillar instituti kampusi qurilishini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, qurilish ishlari 2 yil oldin boshlangan, 200 ming aholiga mo‘ljallangan Yangi Namangan shahri bosqichlari prezidentga taqdimot qilindi. Hozirda bu yerda 2 764 ta xonadonli ko‘p qavatli uylar barpo etilgan, yana 648 ta xonadonli uylar qurilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namanganga tashrifi vaqtida Ishoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillar instituti kampusi qurilishining borishi hamda Yangi Namanganni barpo etishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Davlat rahbarining tashabbusi bilan 2017 yilda To‘raqo‘rg‘on tumanida Ishoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi, bog‘ va muzey barpo etilgan edi. Prezident 2021 yilda namanganlik saylovchilar bilan uchrashuvda jadid bobomiz nomida chet tillari oliygohi tashkil qilish maqsadini aytgandi. Bu hayotga ko‘chib, 2022 yilda To‘raqo‘rg‘on tumanida shunday institut tashkil topdi.

Institutda jahon tillari fakulteti, 6 ta kafedra va 16 ta ta’lim yo‘nalishi bor. Hozirda ikki bosqichda 1 ming 523 nafar talaba saboq olmoqda. Kelgusi yillarda ularning soni yana ortadi.

Shuning uchun Yangi Namangan hududida 5 gektar joyda oliygoh uchun yangi kampus qurilmoqda.

Hozirda ming o‘rinli o‘quv binosi, sport zali, oshxona qad rostlagan. Ularni shu yil avgustda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Keyingi bosqichlarda talabalar yotoqxonasi va yana bir o‘quv binosi barpo qilinishi ko‘zda tutilgan.

Shu yerda Shavkat Mirziyoyevga Yangi Namangan shahri qurilishi bosqichlari taqdimot qilindi.

Shahar qurilishi ikki yil oldin boshlangan edi. Bugungi kunda 2 ming 764 ta xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar barpo etilgan, yana 648 ta xonadonli uylar qurilmoqda.

Yangi Namangan shahri 200 ming aholiga mo‘ljallangan. Unda bog‘cha, maktab va boshqa ijtimoiy muassasalar, ish o‘rinlari uchun sanoat zonasi bo‘ladi. Yangi O‘zbekiston bog‘i ham shu yerda barpo etiladi.

Davlat rahbari bu qulaylik, xavfsizlik, sifatli ekspluatatsiyani mujassam etgan aqlli shahar bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Shu bois loyihani yana bir bor sinchiklab ko‘rib chiqish, sifat nazoratini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mavzuga oid