Jahon | 11:09 / 27.03.2024
32077
6 daqiqa o‘qiladi

Temir o‘pka bilan 70 yil – temir ichida qanday qilib shuncha uzoq yashash mumkin edi?

Bundan 72 yil avval hali poliomiyelitga qarshi vaksina ixtiro qilinmasdan avval 6 yoshli bolakay uni yuqtirib oladi va tanasi falajlanadi. Falajlangani sabab nafas olish imkoniyati cheklangan bolakay temir silindr shaklidagi o‘pka bilan bir umr yashashga, qiyinchilik bilan qisqa muddatli nafas olishni o‘rganishga majbur bo‘ladi.

1952 yil yozida AQShning Texas shtatida havo 38 daraja issiq bo‘lishiga qaramay shahardagi hamma binolar: suzish havzalari, kinotear, barlar, hamma-hammasi ishini vaqtincha to‘xtatgan. Bularning hammasiga sabab hududda poliomiyelit tarqalgani edi.

Shunday kunlarning birida 6 yoshli bolakay Pol Aleksandr tashqarida yozgi yomg‘ir ostida o‘ynardi. Lekin o‘zini yaxshi his qilmayotgan bolakayning tomog‘i og‘rir, boshi og‘irlashib borayotgandi. Bolakay poliomiyelit yuqtirgan edi. Biroz muddat uyda davolanishdan so‘ng Polni shifoxonaga olib borishadi. Shifoxona ham kasallangan bolalar bilan to‘la edi.

Shifokor tekshirib bolaning falaj bo‘lgan tanasi vazifalarini bajara olmayotgani uchun bloklangan nafas yo‘llarini ochish maqsadida shoshilinch traxeotomiya qilishadi.

3 kundan keyin ko‘zini ochgan bolakay o‘zini xirillab ishlab turgan temir mashina ichida ko‘rdi. Oynalari bug‘lanib turgan mashina ichidagi bola o‘zini o‘lib qolgan deb o‘ylaydi. Biroq temir naydan boshini chiqarishgach, atrofida o‘ziga o‘xshash qancha bolaning temir qutilarda yotganini ko‘radi. Hammaning boshi ko‘rinib turar edi xolos.

– Poliomiyelitga chalingan temir o‘pkalardan nafas olayotgan bolalar

Poliomiyelit qanday kasallik?

Poliomiyelit, ko‘pincha polio deb ataladigan, poliovirus tomonidan keltirib chiqariladigan yuqumli kasallikdir. U ko‘proq bolalar orasida tarqaladi va virus og‘iz orqali yoki ifloslangan suv va oziq-ovqat mahsulotlari orqali yuqishi mumkin.

Poliovirus asosan ichakda ko‘payadi va qon oqimi orqali markaziy asab tizimiga tarqalishi, bu esa falajlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Polning og‘riqli kunlari

Shifoxonadagi keyingi 18 oy bolakay uchun azobli o‘tadi. Temir qutidan uning faqat boshi chiqib turar, traxeotomiya sabab gapira olmasdi ham, faqat bolalarning yig‘lagan ovozlarini eshitib yotardi.

Keyinroq Pol poliodan tuzalib ketadi, biroq tanasida asoratlar qolgandi. Bolakayning bo‘ynidan pasti butunlay falaj bo‘lib qolgan. Diafragmasi o‘z vazifasini bajara olmagani uchun temir o‘pka bu vazifani bajarishi kerak edi. Temir silindr motor yordamida havoni siqib o‘pkani ishlashga majbur qilib turardi. Pol esa nafas olish uchun doim uning ichida bo‘lishga mahkum edi. Tibbiyot xodimlari silindrni ochgan paytda esa nafasini tutib turishga majbur bo‘lardi.

Vaksinadan so‘ng

Pol Aleksandr poliomiyelit bilan og‘rigan 1952 yil unga qarshi vaksina hali o‘ylab topilmagan edi. O‘sha yili AQShning o‘zida 58 ming bola poliomiyelit yuqtirgan.

Vaziyat 1955 yilda polioga qarshi vaksina o‘ylab topilgandan so‘ng yaxshilanadi.

– bolakay Pol temir silindr ichida

Qurbaqa nafas olish usuli

Pol 8 yosh bo‘lganda maxsus mutaxassis unga temir o‘pkasiz qisqa muddat nafas olish usulini o‘rgatadi. Bu texnika tilni tekislash va "ahh" deganday bo‘lib, tomoqni ochish orqali havoni og‘iz va tomoq bo‘shlig‘ida ushlab turish orqali bajariladi. Og‘iz yopiq bo‘lganda tomoq mushagi havoni vokal simlardan o‘tkazib, o‘pkalarga itaradi. Pol buni "qurbaqa nafas olish" deb atagan.

Polga shifokor nafas olish usulini o‘rgansa, kuchukcha olib berishni va’da qilgandi. Nihoyat, bir yil deganda bolakay 3 daqiqachaga erkin tarzda nafas olish usulini o‘rganib oladi va kuchukchali bo‘ladi. Nafas olganda keyingi nafasni o‘ylashga majbur bo‘lsa ham, Pol yangi usulni yaxshi o‘zlashtirib oladi. Va qisqa vaqtga bo‘lsa-da, temir qutidan chiqib, avval ayvon, keyin hovliga chiqish imkoniga ega bo‘ldi.

Ammo uxlaganda nafas olish imkoni yo‘qligi tufayli, har kecha temir qutida uxlashi kerak edi. Shunga qaramay, Pol hovlidan tashqariga chiqishni to‘xtatmadi. 21 yoshida u Dallasdagi maktabni sinfga jismonan qatnamasdan bitirgan birinchi shaxs bo‘ldi.

So‘ng Ostindagi Texas universitetining huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirdi. Bir necha o‘n yillar davomida Dallas va Fort-Uortda advokat bo‘lib, uch qismli kostyumda, falaj bo‘lgan tanasini tik ushlab turadigan nogironlar aravachasida o‘tirgan holda sudlarda qatnashib, mijozlarini himoya qilgan.

2023 yilda esa Pol temir o‘pka ichida eng uzoq yashagan odam sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi.

Dunyo bo‘ylab poliomiyelitning tugatilishi Polning eng katta orzusi bo‘lgan. U 2020 yilda o‘z xotiralari haqida memuar asar ham yozgandi.

- “Kuchukcha uchun 3 daqiqa”, Pol Aleksandr.

Pol Aleksandr yaqinda 78 yoshida vafot etdi. U insoniyat tarixida eng ko‘p temir o‘pka bilan yashagan shaxs sifatida qoldi.

Mavzuga oid