Jahon | 09:34 / 30.03.2024
5012
4 daqiqa o‘qiladi

Gershkovich hibsga olinganining bir yilligi munosabati bilan AQSh RFni uni ozod qilishga chaqirdi

«Jurnalistika - jinoyat emas», deyiladi Oq uyning «Rossiyada Evan Gershkovichning noqonuniy hibsga olinishi» haqidagi bayonotida.

Foto: TASS

«Jurnalistika - jinoyat emas va Evan (Gershkovich) Rossiyaga muxbirlik vazifasini bajarish uchun ketdi - o‘z xavfsizligini xavf ostiga qo‘yib, Rossiyaning Ukrainaga nisbatan agressiyasi haqidagi haqiqatni yoritib berish uchun», - deyiladi 29 mart, juma kuni Oq uyning Wall Street Journal gazetasi Rossiyadagi muxbiri hibsga olingani bir yilligi munosabati bilan berilgan bayonotida.

Hibsga olinganidan ko‘p o‘tmay, Evan Gershkovich qamoqdan shunday deb yozdi: «Men umidimni yo‘qotmadim». AQSh prezidenti Jo Bayden o‘z bayonotida ta’kidlaganidek, u jurnalistning ota-onasiga umidini uzmasligiga va’da berdi. «Biz Rossiyaning amerikaliklardan savdo vositasi sifatida foydalanishga bo‘lgan dahshatli urinishlarini qoralashda va jazolashda davom etamiz. Erkin jamiyat ustuni bo‘lgan matbuotga hujum qilish yoki jurnalistlarni ta’qib qilishga intilayotgan har qanday shaxsga keskin qarshilik ko‘rsatishda davom etamiz». 

Davlat departamenti Evan Gershkovich Rossiyada hibsga olinishi haqida 

O‘z navbatida, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken «Qo‘shma Shtatlar Evan (Gershkovicha) va Pol (Uilan)ni uyga olib kelish maqsadiga sodiq qolishini» ta’kidladi. «Hozirgacha Rossiya oddiy sabablarga ko‘ra qonunbuzarliklar haqida hech qanday dalil keltirmagan: Evan hech narsani buzmagan», deyiladi AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati bayonotida. 

Jo Bayden singari, Entoni Blinken ham shunday ta’kidladi: «Jurnalistika - jinoyat emas». «Evan nohaq hibsga olinganidan keyin bir yil davomida Rossiyaning cheklangan medialandshafti yanada repressiv bo‘lib qoldi, mustaqil ovozlar va har qanday ko‘rinishdagi muxolifatga doimiy hujumlar yuz berdi», - deydi Amerika diplomatiyasi rahbari. «Odamlar - savdo vositasi emas. Rossiya siyosiy manfaatlar uchun odamlarni o‘zboshimchalik bilan hibsga olishni bas qilishi, Evan va Polni zudlik bilan ozod etishi kerak», - deydi Blinken. 

29 mart kuni Wall Street Journal o‘z veb-saytida kun davomida o‘zgarmagan asosiy sarlavhani e’lon qildi: «Evan Gershkovich. O‘g‘irlangan bir yil». Sarlavha ostida shunday yozilgan: «Rossiya qamoqxonasidagi bir yil. O‘g‘irlangan hikoyalar, o‘g‘irlangan quvonchlar, o‘g‘irlangan xotiralar yili. Jinoyat: jurnalistika». U yerda Evan Gershkovichning ota-onasi bilan intervyu ham chop etildi. 

WSJ muxbiri Gershkovichning Rossiyada ta’qib qilinishi 

WSJ muxbirining Yekaterinburgda qo‘lga olingani 2023 yil 30 mart kuni ma’lum bo‘ldi. O‘sha kuni kechqurun Evan Gershkovich Moskvadagi Lefortovo sudi tomonidan «josuslik»da ayblanib hibsga olingan. Gershkovich sovuq urush tugaganidan keyin Rossiyada josuslikda ayblanib hibsga olingan birinchi xorijiy muxbir bo‘ldi. 

Federal xavfsizlik xizmati (FSB) da’vo qilishicha, muxbir «Rossiya harbiy-sanoat kompleksi korxonalaridan birining faoliyati haqida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plagan». Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining «josuslik» moddasi 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni nazarda tutadi. 

2024 yil 26 martda Moskva shahar sudi Evan Gershkovichni hibsga olish muddatini yana uch oyga - 2024 yil 30 iyungacha uzaytirdi. Gershkovichning o‘zi ham, nashri ham Rossiya rasmiylari tomonidan qo‘yilgan ayblovlarni rad etadi. Oq uy ularni «bema’ni» deb atadi. 

Mavzuga oid