O‘zbekiston | 11:54 / 30.03.2024
11536
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida bosqinchilik va odam o‘g‘irlashni rejalashtirgan jinoiy guruh ushlandi

IIV Tezkor-qidiruv departamenti tomonidan bosqinchilik va odam o‘g‘irlash jinoyatlarini rejalashtirgan uyushgan jinoiy guruhning harakatlariga chek qo‘yildi.

Foto: IIV axborot xizmati

1988 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan shaxs 2001 yilda tug‘ilgan fuqaroni noqonuniy yo‘llar bilan AQShga yuborishni va’da qilib, undan 36 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan, deb xabar bermoqda IIV.

Biroq Meksika orqali AQShga o‘tmoqchi bo‘lgan fuqaro chegara xizmati tomonidan qo‘lga olinib, O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. Shundan so‘ng u sarflangan pullarini qaytarishni talab qilib, 18 ming AQSh dollarini olgan. 

Uddaburon tadbirkor mijozining bu harakatlaridan keyin unga nisbatan adovati uyg‘onib, Toshkent shahrida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan shaxs bilan o‘zaro til biriktirib, Meksikadan qaytgan fuqaroni o‘g‘irlab undan pul talab qilishni rejalashtirgan. 

Ichki ishlar vazirligi tezkor qidiruv departamenti Jinoyat-qidiruv xizmati Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida Yuqori Chirchiq tumanidagi dalahovliga o‘g‘irlab kelingan shaxsni va buyurtmani bajarish uchun talab qilingan pullarni qabul qilib olgan jinoiy guruh a’zolari ushlandi. 

Ulardan maxsus ishlov berilgan pullar va qo‘rqitish uchun saqlab kelingan metalldan yasalgan soxta to‘pponcha ashyoviy dalil sifatida olindi. 

Holat yuzasidan JKning 164-moddasi 2-qismi «b» bandi (Bosqinchilik) va 137-moddasi 2-qismi «b» bandi (Odam o‘g‘irlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda IIV Tergov departamenti tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid