O‘zbekiston | 17:32 / 02.04.2024
25053
4 daqiqa o‘qiladi

Avtomobil importi bo‘yicha rejalashtirilayotgan yangi cheklovga izoh berildi

O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning tijorat maqsadida xorijdan avtomobil olib kirishi taqiqlanishi kutilyapti. Yangi avtomobillarni faqat dilerlar tomonidan olib kirilishi tartibini tiklash ham reja qilingan.

Bu haqdagi hukumat qarori loyihasi o‘tgan yili dekabrda muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Texnik tartibga solish agentligining Kun.uz so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, o‘shanda tanqidlardan keyin to‘xtatilgan loyiha hozir yana kun tartibiga qaytgan.

Agentlikning qayd etishicha, avtomobil importyorlari transport vositasi turini ma’qullash hujjatini rasmiylashtirish jarayonidan qochib, bir turdagi transport vositasining har birini boshqa jismoniy shaxslar nomiga o‘tkazgan holda muomalaga chiqarib, ichki bozorda sotib kelyapti.

Taklif etilayotgan o‘zgarish kuchga kirsa, bojxonada avtomobillarni boshqa shaxs nomiga o‘tkazish taqiqlanadi. Natijada xorijdan O‘zbekistonga transport vositalarini tijorat maqsadida faqat yuridik shaxslar olib kira oladigan bo‘ladi. Olib kirishdan oldin esa avtomobilning turini ma’qullash talab etiladi. Buning uchun avtomobilning O‘zbekiston sharoitiga mosligi tekshiriladi.

Butun dunyoda shu tartib ishlaydi. Bizda ham shu narsa bor, faqat ishlamayotgan edi, chunki bojxona hududida mashinalar birovning nomiga rasmiylashtirib olib chiqib ketiladi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2017 yilda “Muomalaga chiqarilayotgan g‘ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi 237-sonli umumiy reglament tasdiqlangan. Endi o‘sha reglamant asosida muvofiqlik sertifikatini olish talab etiladi. Bu bilan O‘zbekistonni xavfsiz mashinalar bilan ta’minlash va texnik reglamentlarga amal qilinishiga erishish ko‘zlanyapti”, – deyiladi Texnik tartibga solish agentligi Kun.uz'ga bergan rasmiy izohda.

Agentlikka ko‘ra, 202Z yil davomida 62 748 ta transport vositasiga 61 372 ta muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilgan bo‘lib, bu sertifikatlarning 99 foizi, ya’ni 60 451 tasi jismoniy shaxslar nomiga berilgan.

Bu esa, rasmiylarning aytishicha, yetkazib berilayotgan avtotransport vositalariga sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish, kafolat muddati doirasida bepul servis takdim etish, ehtiyot qismlari bilan uzluksiz ta’minlash masalalari ochiq qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Avtomobillar importiga yuqorida aytib o‘tilgan tartibni avvaliga 1 apreldan boshlab joriy etish rejalashtirilgan, lekin ayni paytda bu boradagi hujjat loyiha holatida ekani aytildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonga yangi avtomobillarni faqat ishlab chiqaruvchilarning rasmiy dilerlari tomonidan olib kirilishiga oid tartib 2023 yil 1 yanvardan boshlab bekor qilingan edi. Natijada ichki bozorda rasmiy dilerlarga qaraganda arzonroq takliflar paydo bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zavtosanoat” bilan birga Jizzaxda elektromobil va gibrid avtomobillar yig‘ishni tashkil etayotgan Xitoyning BYD kompaniyasi O‘zbekiston hukumatiga murojaat qilib, O‘zbekiston iqlimi va yo‘l sharoitlariga moslashtirilmagan holda, rasmiy kafolatsiz olib kirilayotgan BYD brendi ostidagi avtomobillar importini cheklashni so‘ragandi. Hukumat idoralariga 1 iyulgacha bu borada takliflar ishlab chiqish vazifasi topshirilgan.

Mavzuga oid