Sport | 13:11 / 02.04.2024
14372
3 daqiqa o‘qiladi

«Bunyodkor» Rivaldo va Denilson ishida bir necha yillik kelishuvga erishilganini e’lon qildi

«Bunyodkor» futbol klubi jamoaning braziliyalik sobiq o‘yinchilari Rivaldo va Denilson oldidagi qarzdorlik bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.

Foto: Bunyodkor

Shu yilning 7 fevral kuni FIFA «Bunyodkor» sobiq futbolchilari Rivaldo va Denilson shikoyatlari bo‘yicha qayta ish ochgan bo‘lib, oradan 15 kun o‘tib klub futbolchilar oldidagi qarzdorlik majburiyatini bajarishi lozimligi to‘g‘risida qaror chiqargandi.

OFK litsenziyalashi talabidan kelib chiqib, professional futbol klubi yilning 31 mart sanasiga qadar qarzdorlik bilan bog‘liq masalalarni hal etishi lozim. Olib borilgan muzokaralar natijasida tomonlar 30 mart kuni kelishuvga erishdi. Natijada «Bunyodkor» litsenziyalash platformasiga lozim hujjatlarni yuklashga ulgurdi. 

«FIFA qaroriga ko‘ra, «Bunyodkor» Rivaldo va Denilson oldidagi qarzdorlikni shu yilning 7 aprel sanasiga qadar bartaraf etishi kerak edi. Yangi kelishuvga ko‘ra to‘lanishi lozim bo‘lgan summalar sezilarli ko‘rinishda kamaytirildi. Qo‘shimchasiga, kelishilgan summa Denilsonga 2026 yilgacha uch qismga bo‘lib to‘lanadigan bo‘ldi. Rivaldo bilan hisob-kitob esa 2028 yilga qadar har yili bir martadan amalga oshiriladigan bo‘ldi», - deyiladi klub va O‘zbekiston professional futbol ligasi rasmiy xabarida. 

Tribuna.uz manbasiga ko‘ra, Rivaldo va Denilson oldidagi qarzdorliklar «Bunyodkor» klubining homiysi – «O‘zbekneftgaz» tomonidan to‘lab beriladi. 

Eslatib o‘tamiz, Tribuna.uz manbasi FIFA «Bunyodkor»dan Rivaldo foydasiga 8,1 million yevro, Denilsonga 1,1 million AQSh dollari undirmoqchiligi haqida xabar bergandi. Muzokaralar natijasida braziliyalik o‘yinchilar ushbu mablag‘ kamaytirilishiga rozi bo‘lgan.

Avvalroq, «Bunyodkor» direktori Murod Aliyev ushbu qarzdorlik bo‘yicha FIFA qaror chiqargani haqidagi xabarni tasdiqlab, kelishuv «Bunyodkor» emas, «Zeromax» bilan tuzilgani, shunga qaramay klub ushbu qarzdorlik miqdorini kamaytirish ustida ish olib borilayotgani haqida xabar bergandi.

Eslatib o‘tamiz, Rivaldo 2008-2010 yillar davomida «Bunyodkor» klubi sharafini himoya qilib, uch karra O‘zbekiston chempioni bo‘lgan edi. Denilson esa 2010 yil Toshkent klubi safida chempionlikka erishgan, Oliy Ligada 14 o‘yinda 4ta gol, OChLda esa 6 o‘yinda 5ta golga mualliflik qilgandi.

Mavzuga oid