O‘zbekiston | 22:02 / 03.04.2024
7448
3 daqiqa o‘qiladi

NKMKning 2 foiz aksiyasi Davaktivga o‘tkazildi

O‘zbekistondagi eng yirik kompaniya, mamlakatning eng katta soliq to‘lovchisi – Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 2 foiz aksiyalar paketi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilgan. Avvalroq kompaniya aksiyalarining bir qismi IPO orqali xususiylashtirilishi aytilgandi.

Foto: NKMK

O‘zbekistonda eng yirik kompaniya – Navoiy kon-metallurgiya kombinati aksiyalarining egaligida o‘zgarish yuz bergan. Bu haqda kombinatning 2023 yilning birinchi yarim yilligi uchun e’lon qilgan hisobotida keltirib o‘tilgan.

Qayd etilishicha, o‘tgan yilning avgust oyida aksiyalarning 2 foizi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilgan. Bu paytgacha NKMKning 100 foizlik ulushi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tasarrufida bo‘lgan.

NKMK – asosan oltin qazib olish va qayta ishlash bilan shug‘ullanadi. Hisobotda qayd etilishicha, o‘tgan yilning birinchi yarmida NKMKning sof foydasi 774 mln dollarni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, bu miqdor 2022 yilning mos davrida 841 mln dollar bo‘lgan. Shuningdek, olingan foydadan to‘langan soliqlar 619 mln dollardan 547 mln dollarga kamaygan. Dividendlar miqdori esa 454 mln dollardan 326 mln dollarga qisqargan.

Konlar va foydali qazilmalarga bo‘lgan huquqlar qiymati 4 mlrd dollardan 3,86 mln dollargacha qisqargan. Uzoq muddatli qarzdorlik miqdori 1,63 mlrd dollardan 1,81 mlrd dollarga, o‘rtacha kredit stavkasi 6,73 foizdan 8,57 foizgacha oshgan.

NKMK qisman xususiylashtiriladimi?

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov 2021 yilning sentabr oyida Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston iqtisodiy forumidagi chiqishida NKMKning 10–15 foiz ulushini IPO orqali sotish rejalashtirilayotgani haqida ma’lum qilgandi.

“Navoiy kon-metallurgiya kombinatida (NKMK) ham IPO o‘tkaziladi va bir qismi xususiylashtiriladi. Kombinatda uran va oltin qazib olingani bois xususiylashtirish to‘liq shaklda amalga oshirilmaydi. Kombinatning 10-15 foiz ulushi IPO'da sotiladi”, degandi Qo‘chqorov.

2023 yilning 29 mart kuni kuchga kirgan “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, “xalqchil IPO” orqali “bir aksiya – bitta lot” tamoyili bo‘yicha Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 2 foiz ulushi sotilishi ko‘zda tutilgandi.

Ma’lumot uchun, NKMK 2023 yilning 11 oyi davomida 22,9 trln so‘m soliq to‘lagan. 2022 yilda kompaniyaning sof foydasi 15,4 trln so‘mni tashkil qilgan.

Mavzuga oid