Sport | 11:58 / 05.04.2024
13490
12 daqiqa o‘qiladi

Londonda triller, «Liverpul» autsayder bilan ham qiynaldi. Kun o‘yinlari

Angliyada turning markaziy uchrashuvida muxlislar xatolar paradiga guvoh bo‘lishdi.

2:3 hisobi 90+10-daqiqada 4:3 ga aylandi!

«Chelsi» — «Manchester Yunayted» 4:3
Gollar:
Gallaher (4), Palmer (19 penalti, 90+10 penalti, 90+11) — Garnacho (34, 67), Fernandesh (39).
«Chelsi» – Petrovich, Gyusto (Gilkrist, 75), Disasi (Chaloba, 75), Badiyashil, Kukurelya, Gallaher (Madueke, 89), Mudrik (Sterling, 71), Fernandes, Palmer, Kaysedo (Chukvuemeka, 71), Jyekson.
«Manchester Yunayted» – Onana, Uan-Bissaka, Varan (Evans, 46; Kambvala, 66), Maguayr, Dalot, Kazemiro (Maktominey, 75), Fernandesh, Maynu, Antoni, Garnacho (Maunt, 86), Hoylund (Reshford, 66).
Ogohlantirishlar: Gyusto (32), Fernandes (35).

Qachondir bu jamoalar Moskvadagi Chempionlar ligasi finalida o‘ynagan, ammo hozir «Manchester Yunayted» ham, «Chelsi» ham — oqsayotgan grandlar. Ularning ikkisi ham hozirda kuchli beshlikdan tashqarida va keyingi mavsumda Chempionlar ligasida ishtirok etishi dargumon. Hozirda ikki jamoa ham yevrokuboklar haqida o‘ylay olmaydi — avvaliga ichki muammolar bilan shug‘ullanish va barqaror o‘yinni yo‘lga qo‘yib olish talab etiladi.

«Chelsi» ham, «Manchester Yunayted» ham ilk daqiqalardan  ochiq futbol namoyish etishga kirishdi – hujumga hujum bilan javob berildi. Maurisio Pochettino jamoasi tezkor gol urishga muvaffaq bo‘ldi. 4-daqiqada maydon markazida Maynu to‘pni yo‘qotgach, mankunianliklarning chap qanotida Palmer va Gyusto katta bo‘shliqqa ega bo‘lishdi.

Golli uzatmadan keyin to‘p Varan orqali Gallaherga kelib tushdi va yerlatib aniq zarba yo‘lladi.

«Chelsi» darvoza sohasiga aniq borgan ilk zarbadayoq hisobni ochdi, ikkinchi shunday zarba bilan – ustunlikni oshirdi. O‘yinning shu oralig‘ida londonliklar chindan yaxshiroq edi. Ular to‘g‘ri himoyalanishdi, pozitsion mudofaadan pressingga o‘tishdi, xavfli qarshi hujumlar uyushtirishdi, standart vaziyatlar ham xavfli chiqdi. 18-daqiqada esa mezbonlarning tezkor qarshi hujumi Mudrikning Kukurelyaga pasi bilan davom etdi, uni esa jarima maydoni ichida Antoni yiqitdi.

Bungacha ispaniyalik himoyachi braziliyalik raqibi bilan duellarda o‘zini ishonchli his qilmayotgandi, ammo bu epizodda ustun keldi. Palmer 11 metrlik nuqtadan to‘pni o‘zidan o‘ng tomonga tepdi, Onana ham o‘zidan o‘ng tomonga sakradi.

Mezbonlar birinchi bo‘lim o‘rtalaridayoq ikki gol ustunligiga erishdi va muxlislar ham muvaffaqiyatga ishona boshlashdi. «Meyson, Meyson, hisob qanday?» — deya «Stemford Brij» tribunalaridan «MYu» zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgan Mauntga murojaat qilishdi ular.

Ammo ko‘p o‘tmay barchasi o‘zgarib ketdi va tanaffus arafasida mehmonlar besh daqiqa ichida ikki gol urishdi. Birinchi golli vaziyat londonliklar tayanch yarimhimoyachisi Kaysedoning qo‘pol xatosidan keyin yuzaga keldi, uning qanotdan markazga uzatmasini Garnacho egallab oldi va darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatdan foydalandi.

Fernandeshning hisobni tenglashtiruvchi goli esa jamoaviy ijod namunasi bo‘ldi. «Manchester Yunayted» bu hujumni o‘z darvozasidan boshladi. Onana to‘pni tezda sheriklariga yetkazib berdi, Antoni uzun uzatma bilan Garnachoni topdi, u Dalotga pas berdi, portugaliyalik himoyachi esa darvozabon hududiga ideal kross yo‘lladi. «Chelsi» bu vaziyatda juda yomon himoyalandi va raqibning ikki futbolchisi qarshisida bir himoyachi qoldi. Brunu bosh bilan to‘pni darvoza to‘riga joylab qo‘ydi.

Birinchi bo‘limda jamoalar birgalikda 24 zarba berishdi, jumladan sakkiz zarba darvoza sohasiga to‘g‘ri bordi. Gallaher birinchi bo‘lim oxirida dublni rasmiylashtirishi mumkin edi, ammo uning zarbasi ustunga tegdi. Mankunianliklar esa jarohat tufayli Varandan ayrildi. Tanaffusdan keyin fransuz o‘rniga Evans tushdi, keyin uni ham ortga qaytarishga to‘g‘ri keldi (jamoa o‘tgan turda «Brentford»ga qarshi o‘yinda ham ikki markaziy himoyachisi - Martines va Lindelyofdan ayrilgandi).

Ikkinchi bo‘limda ham Pochettino va ten Hag maydon markazisiz o‘ynashga harakat qildi. Futbolchilar raqib hududida bo‘shliq ko‘ringani hamono oldinga tashlanishdi. «Manchester Yunayted» shu usulda uchinchi golni ham urdi. Mezbonlarning aksar futbolchilari maydonning ikkinchi qismida ekanida tezkor qarshi hujum uyushtirildi, Antoni o‘ng qanotdan oyog‘ining tashqi qismi bilan raqib jarima maydoniga yetib borgan Garnachoga ajoyib uzatma berdi va argentinalik vinger uyaltirmadi.

Umuman olganda, «Chelsi» ikkinchi bo‘limni o‘tkazish bo‘yicha katta muammolarga uchramoqda, bu statistika bo‘yicha londonliklar ligadagi eng yomon ko‘rsatkichlardan birini qayd etib turibdi. Ko‘klar «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinning 70 foiz qismida to‘pga egalik qilgan bo‘lsa ham ikkinchi bo‘lim o‘rtalariga borib umuman vaziyat yarata olmay qoldi. Xuddi futbolchilarda g‘oya tugab qolgandek edi, faqat shu kuni sakkizta muhim uzatma amalga oshirgan Palmer kreativligini saqlab qoldi. 21 yoshli havbek yangi jamoasida aql bovar qilmas mavsum o‘tkazmoqda, u noyabr oyida «Manchester Siti»ga qarshi otishmali o‘yinda (4:4) ham qo‘shimcha daqiqalarda durangni ta’minlagandi. Bu safar esa ikki daqiqa ichida mag‘lubiyatli hisobni g‘alabaga aylantirdi: holdan toygan Dalot 90+7-daqiqadagi epizodda ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan Maduekega yeta olmadi va uning ustiga o‘zini tashladi.

Bu 50 ga 50 vaziyat edi. Hakam penalti qo‘yishga uzoq vaqt ikkilandi, ammo baribir «nuqta»ni ko‘rsatdi. VAR ham uning qarorini qo‘lladi. Palmer bu safar ham aniq harakat qildi. 

Bu majburiy fol holati emasdi, qolaversa, agar bu hujum gol bilan yakunlanmaganida hakam ham qo‘shimcha vaqt ichidan qo‘shimcha vaqt chiqarib bermasdi va o‘yin oldinroq yakunlangan bo‘lardi. «MYu» esa «Brentford» bilan o‘yindagi kabi (1:1) yana konsentratsiyani yo‘qotdi.

Hisob tenglashganidan bir daqiqa o‘tib Enso Fernandes standart vaziyatni tezda ijro etib, jarima maydonida bo‘sh qoldirilgan Palmerni to‘p bilan ta’minladi. Koul to‘pni qabul qilib olganida unga eng yaqin turgan «Yunayted» futbolchisi kamida besh metr masofada edi. Angliyalik futbolchi bu sovg‘adan foydalandi, uning zarbasidan keyin to‘p Maktomineyga tegib darvoza to‘riga borib tushdi.

Burchakdan to‘p uzatilishidan oldin «Yunayted»ning birato‘la uch nafar futbolchisi qo‘li bilan Palmerni ko‘rsatib uni qo‘riqlash lozimligini ko‘rsatishgandi. Unga tomon esa faqat eng uzoqdagi Maunt yugurdi. 

Jamoalar 47 bor zarba (mezbonlar foydasiga 28:19) bergan o‘yinda «Chelsi» «Manchester Yunayted»ni APL doirasida yetti yil ichida ilk bor mag‘lub etdi.

Qisqa vaqt oralig‘ida ikki gol o‘tkazish – «Yunayted» uchun klassikaga aylanmoqda. «MYu» bu mavsumdagi beshta o‘yinda 4:3 hisobini qayd etgan. Shundan uchtasida yutqazgan: 

  • YeChL guruhda «Bavariya» bilan o‘yinda to‘rt daqiqada 2 gol o‘tkazgan (3:4);
  • YeChL guruhida «Kopenhagen»dan to‘rt daqiqa ichida 2 gol o‘tkazgan (3:4);
  • APLda «Vulverhempton»dan besh daqiqa ichida 2 gol o‘tkazgan (90+7-daqiqada 4:3 hisobida g‘alaba qozongan)
  • Angliya Kubogi chorakfinalida «Liverpul»dan ikki daqiqada 2 gol o‘tkazgan (yana g‘alaba).

Va «Chelsi»ga qarshi o‘yinda ham ikki daqiqa ichida ikki gol o‘tkazildi.

«Liverpul» 20-o‘rindagi jamoa bilan o‘yinda ochko yo‘qotishi mumkin edi

«Liverpul» — «Sheffild Yunayted» 3:1
Gollar:
Nunes (17), Mak Allister (76), Gakpo (90) — Bredli (58, avtogol).
«Liverpul» – Kelleher, Bredli, van Deyk, Konate, Gomes (Gakpo, 73), Soboslai (Jons, 73), Mak Allister, Gravenberh (Roberson, 60), Saloh (Elliott, 60), Dias, Nunes.
«Sheffild Yunayted» – Grbich, Bogl, Robinson, Holgeyt (Sliman, 87), Ahmedhojich, Trasti (Bruks, 78), Hamer (Osborn, 62), Vinisius, Arblaster, Makati (Makberni, 63), Brereton (Osula, 63).
Ogohlantirish: Makberni (87).

«Liverpul» ilk daqiqadayoq gol o‘tkazib yuborishi mumkin edi: Jyeyms Makati bir necha metr masofadan zarba berdi, ammo darvozabon Kuivin Kelleher to‘pni to‘sib qoldi. Irlandiyalik posbon bir necha haftadan keyin safga qaytadigan Alissonning yo‘qligini bilintirmayapti.

«Sheffild» darvozaboni Ivo Grbich esa jamoani og‘ir ahvolda qoldirdi – u to‘pni uzoqlashtirishga urinib, qarshisidan kelayotgan Darvin Nunesni mo‘ljalladi. To‘p esa urugvaylik futbolchiga tegib darvozaga kirib ketdi.

Yurgen Klopp jamoasi birinchi bo‘limda to‘liq ustunlik qildi: o‘yinning 83 foiz vaqtida to‘pga egalik qilish, raqibning uch zarbasiga qarshi 14 zarba. Ammo birgina gol urildi – va ikkinchi bo‘limda muxlislarini asabiylashishga majbur qildi.

58-daqiqada Makati o‘ng qanotda to‘pni uzoq olib yurdi va kerakli vaqtda olis ustun tomon uzatdi. Hamer bosh bilan zarba berdi – to‘p Konor Bredlining oyog‘i orqali to‘rga borib tushdi. Avtogol muallifi antiqahramonga aylanishi mumkin edi, ammo keyingi vaziyatda yosh himoyachi jamoadoshlarining xatosini tuzatdi.

«Sheffild» 1:1 hisobini qariyb 20 daqiqa ushlab turdi. Ammo 76-daqiqada Aleksis Mak Allister uzoq masofadan to‘qqizlikka yo‘llagan zarbasi bilan jamoani hisobda oldinga olib chiqdi, o‘yin oxirida esa zaxiradan tushgan Kodi Gakpo yakuniy hisobni o‘rnatdi.

Mak Allister bu o‘yinda yana bir bor yuqori formada ekanini namoyish etdi: u «Liverpul» safida qatorasiga oltinchi o‘yinda gol yoki golli pas muallifi bo‘lmoqda. Argentinalik yarimhimoyachi APLning bu mavsumida to‘rt gol urib, besh golga uzatma bergan. «Liverpul» esa ligada 4 fevraldan buyon yutqazmayapti (o‘shanda «Arsenal»dan 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lgandi) va yana birinchi o‘ringa qaytdi.

APLda chempionlik poygasi davom etadi. Bu tur doirasida bir kun oldin «Manchester Siti» «Aston Villa»ni (4:1), «Arsenal» «Luton»ni mag‘lub etgandi (2:0).

32-turda chempionlikka da’vogarlarning uchalasi ham safarda o‘ynaydi. «Arsenal» – «Brayton» (6 aprel), «Siti» – «Kristal Pelas» (6 aprel) mehmoni bo‘ladi, «Liverpul»ni 7 aprel kuni «Manchester Yunayted»ga qarshi sinov kutmoqda.

Mavzuga oid