Jahon | 11:59 / 07.04.2024
44603
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiya migrantlardan voz kecha olmaydi. Chunki...

Teraktga qadar ham Rossiyadagi migrantlarning ahvoli yengil emas edi. Lekin teraktdan keyin vaziyat nihoyatda jiddiylashdi. Xo‘sh, Rossiya migrantlardan voz kecha oladimi? Kremlning migrantlar siyosati o‘zgarishi mumkinmi va Rossiyaga eng ko‘p mehnat resurslarini yetkazib berayotgan O‘zbekiston davlatchiligi va jamiyati bunday vaziyatda nima qilishi kerak?

Bu va boshqa savollarga javob berish uchun Rossiya geografiyasi va demografiyasini, O‘zbekiston demografiyasi va boshqa omillarni tahlil qilish kerak bo‘ladi.

Rossiya – hududiy jihatdan dunyodagi eng katta davlat. Rossiyaning yer maydoni 17 million 125 ming kvadrat kilometrni tashkil qiladi. Bitta Rossiya hududiga ikkita AQSh yoki 71 ta Buyuk Britaniya sig‘adi. O‘zbekistonning yer maydoni 448 ming kvadrat kilometr bo‘lib, Rossiya hududiga 38 ta O‘zbekiston sig‘a oladi.

Lekin Rossiya demografik jihatdan so‘nib borayotgan davlat. Bugun RFning aholisi 146 million atrofida ekani aytiladi. 2000-yillarning boshida Rossiya aholisining yillik qisqarishi 750-800 mingni tashkil qilar edi. Putin hokimiyatga kelib, ko‘plab choralarni amalga oshirdi, jumladan “onalik kapitali”ni joriy qildi. 2010-yillarda aholi qisqarishi pasaydi, hatto biroz o‘sish ham kuzatildi. Lekin bugungi kunga kelib Rossiyadagi aholi qisqarishi 450 ming atrofida ekani rasman aytiladi.

Rossiyaning mehnat muhojirlariga ehtiyoji – juda katta va tabiiy. RF – dunyoda AQShdan keyingi ikkinchi eng yirik mehnat muhojirlarini qabul qiluvchi davlat hisoblanadi. Rossiya rasmiy idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, yillik mehnat muhojirlarining soni sezonga qarab 4,7 milliondan 7 milliongacha yetib boradi. Lekin shunday bo‘lsa-da, Rossiyaga yana bir milliondan ortiq ishchi kuchi kerakligi rasmiylar tomonidan ko‘p aytiladi.

Bizning Rossiya bilan bog‘liqligimiz – tarixiy tanlovimiz emas. 18-19-asrlarda Yevropada boshlangan kolonializm sabab Rossiya bizning mintaqamizga bosqinchilik yurishi bilan keldi. Ya’ni biz Rossiyaga bormadik, aksincha, Rossiya bizga bostirib keldi va tarixiy bog‘liqlik o‘rnatdi.

Demografik so‘nib borayotgan, lekin geosiyosiy va global ambitsiyalari juda katta bo‘lgan Rossiyaning mehnat muhojirlariga ehtiyoji qanchalik katta bo‘lmasin, mintaqamizdan borgan mehnat muhojirlariga bosim juda kuchli.

Sababi – Rossiya siyosiy madaniyatining o‘ta agressiv, millatchi va ziddiyatli ekanida. Rossiya o‘zini imperiya deb biladi, imperiya sifatida ko‘rishni istaydi, ayni paytda possovet hududidagi boshqa davlatlarga nisbatan millatchi va shovinistik qarash sezilib turadi.

O‘zbekiston – possovet hududidagi aholi soni real raqamlarda eng katta sur’atlarda o‘sayotgan davlat. Yillik tug‘ilish soni 900 mingdan oshmoqda. Real ko‘payish esa 680 mingdan oshadi. O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sish demografik o‘sishga nisbatan biroz ortda qolmoqda. Shuning uchun O‘zbekiston o‘zidagi kolossa mehnat resurslarini eksport qilishga majbur bo‘lib qolaveradi.

Buning uchun O‘zbekiston oldida uchta yirik vazifa yo‘nalishi turadi.

Birinchidan, Rossiyadagi juda katta miqdordagi mehnat muhojirlarimizni tezda boshqa davlatlarga yo‘naltirish – imkonsiz. Shuning uchun O‘zbekiston davlati va jamiyatining Rossiya bilan munosabatlaridagi muhim vektorlardan biri – ushbu davlatdagi muhojirlarimizni himoya qilish bo‘lib qolaveradi. Vatandoshlarimizni shunday himoya qilishimiz kerakki, bu jarayonda biz Rossiyaning bosimlariga taslim bo‘lmasligimiz, milliy manfaatlar va milliy g‘ururni muvozanatda ushlay olishimiz kerak bo‘ladi.

Ikkinchidan, O‘zbekiston o‘zining mehnat resurslarini Rossiyadan boshqa davlatlarga yo‘naltirish uchun vatandoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar xorijiy tillarni ommaviy o‘rganishi, kerakli mutaxassisliklar olishi zarur bo‘ladi. Dunyoda demografik o‘sish sur’ati pasaymoqda, ko‘plab rivojlangan davlatlarda ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj keskin oshib boradi.

Tahlillarga ko‘ra, 21-asrdagi eng katta defitsit – ishchi kuchi bo‘ladi. Shuning uchun o‘zbekistonliklar oldida tanlash imkoniyati ko‘payib boraveradi. Rossiyaga borib qiynalgandan ko‘ra, rivojlangan davlatlarda malakali va yuqori maoshli ishlarda ishlagan ma’qulroq bo‘ladi.

Uchinchi va eng muhim yo‘nalish bu – O‘zbekistonning o‘zida ishchi o‘rinlari yaratishdir. Aslida, mehnat resurslari O‘zbekistonning o‘ziga kerak va ko‘p millionli mehnat muhojirlari kuchini O‘zbekistonning o‘zida o‘zlashtirishga muvaffaq bo‘lsak – milliy boylik yaratish, iqtisodiy o‘sish, iqtisodiy va siyosiy qudrat parvarishlash nihoyatda salmoqli darajada bo‘lar edi.

Bunga erishish uchun, davlat boshqaruvi imkon qadar differensiatsiyaga uchrashi, inson potensiali o‘sishiga imkon beruvchi institutlarni jonlantirish va kuchaytirish kerak bo‘ladi. Ya’ni ma’muriy-siyosiy islohotlarni kuchaytirish, kengaytirish zarurati saqlanib qolaveradi.

Mavzuga oid