Jahon | 13:20 / 08.04.2024
3393
4 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya sharqida yuzlab odamlar toshqindan jabr ko‘rdi

Bir necha soat ichida Avstraliyaning Sidney megapolisi va Yangi Janubiy Uels shtatida bir oylik yog‘ingarchilik miqdori yog‘ib o‘tdi. To‘g‘onlarda favqulodda suv o‘tkazgichlar ochildi, turar joy binolari suv ostida qolmoqda.

Foto: picture alliance/dpa/AAP

7 aprel, yakshanba kuni mahalliy favqulodda xizmatlar ma’lum qilishicha, bo‘ronli ob-havo va kuchli yog‘ingarchilik Avstraliyaning qirg‘oq bo‘yidagi Sidney shahri butun ko‘chalarini suv ostida qoldirdi va atrofdagi hududlarga katta zarar yetkazdi. Qayd etilishicha, rasmiylar Uorragamba to‘g‘oni va boshqa to‘g‘onlarda, odatda butun aprel oyiga to‘g‘ri keladigan yog‘ingarchilik miqdori bir kunda kuzatilganidan so‘ng, suv o‘tkazgichlarni ochishga majbur bo‘lgan.

Qayd etilishicha, bir nechta ko‘priklarda transport harakati to‘sib qo‘yilgan, pasttekisliklarda joylashgan aholi punktlari aholisiga evakuatsiya qilish tavsiya etilgan. Xabar e’lon qilingunga qadar suv toshqini ostida qolgan Yangi Janubiy Uels shtatining 300 dan ortiq aholisi xavfsiz joyga keltirildi. Rasmiylarga ko‘ra, aholidan yordam so‘rab minglab qo‘ng‘iroqlar kelib tushgan, qutqaruv va tozalash ishlarida 4000 dan ortiq ko‘ngilli ishtirok etgan. 

Yangi Janubiy Uelsda payshanbadan beri noqulay ob-havo kuzatilmoqda 

Dunyodagi eng katta orolning sharqiy qirg‘og‘ida 4 aprel kuni yog‘ingarchilik boshlandi. Sidney yaqinida so‘nggi ikki yildagi eng ko‘p yog‘ingarchilik miqdori noqulay ob-havoning dastlabki 24 soatiga to‘g‘ri keldi. 6 aprel kuni ertalab yog‘ingarchilik hajmi ayrim joylarda kvadrat metrga 250 litrdan oshdi. Taqqoslash uchun, Germaniya ob-havo xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Berlinda butun yil davomida har kvadrat metrga taxminan 575 litr yog‘ingarchilik tushadi. 

Avstraliya rasmiylariga ko‘ra, Sidneyning besh million aholisini 80 foiz ichimlik suvi bilan ta’minlaydigan Moviy tog‘lar yaqinidagi Uorragamba to‘g‘oni yaqinida yashovchi aholi ayniqsa og‘ir ahvolda. «Suv ombori to‘lib ketganda, shlyuzlar avtomatik ravishda ochildi va katta hajmdagi suv to‘kildi», dedi guvohlar. 

Metropolning o‘zida jamoat transporti – poyezdlar, avtobuslar va paromlar harakatida jiddiy uzilishlar kuzatildi. Ba’zi joylarda ko‘chkilar natijasida yo‘llarda ko‘p tonnalik toshlar turibdi. Sidney qirg‘oqlarida kuchli shamol tufayli yuzaga kelgan to‘lqinlarning balandligi to‘qqiz metrga yetdi, deb xabar bermoqda ABC telekanali. Qayd etilishicha, Sidney shimolidagi Nyukasl aeroporti ishi faqat 7 apreldan – ikki kun avval ko‘plab reyslar bekor qilinganidan keyin nisbatan normal rejimga qaytgan. Rasmiylar mintaqa baland yerlardan va to‘g‘onlardan oqib kelayotgan suv tufayli yana bir necha kun suv toshqini xavfi ostida qolishini kutmoqda. 

Yangi Janubiy Uelsdagi toshqin minglab odamlar evakuatsiya qilinishiga olib kelgan 

Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels shtati kamida 18 ming aholisi, shu jumladan Sidneyda yashovchi 3 ming kishi 2021 yil mart oyi oxirida yuz bergan suv toshqini tufayli uylarini tark etishga majbur bo‘lgandi, deya xabar berdi Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison. 

O‘shanda orolning sharqiy qirg‘og‘idagi bir qator hududlarda ham ko‘chkilar qayd etilgan va Nyukasl aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagi suv ostida qolganidan keyin uzoq vaqt davomida parvozlarga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatgan. Qayd etilishicha, Uorragamba shahridagi 142 metrlik to‘g‘ondan ham suv toshib ketgan. Avstraliya rasmiylarining o‘sha paytdagi ma’lumotlariga ko‘ra, qit’a janubi-sharqidagi aholi deyarli bir asr davomida bunday kuchli suv toshqiniga duch kelmagan edi. 

Mavzuga oid