O‘zbekiston | 20:00 / 13.04.2024
13180
10 daqiqa o‘qiladi

Migrantlarga kompensatsiya, blogerlar ko‘targan shov-shuv va taqiqlanadigan veyplar - hafta dayjesti

Yuridik shaxslarning avtomobil import qilishi tartibi o‘zgargani aytilmoqda. Kadastri yo‘q hovlilarni qonuniylashtirishga ruxsat beriladi. Qashqadaryoda prokuratura tergovchisi 5 ming dollar bilan ushlandi. Elektron sigaretalar va tamakini qizdirish tizimlari sotuvi taqiqlanishi mumkin. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Prezidentning Jizzaxga tashrifi

O‘zbekistonda avtomobilsozlik sohasiga kelgusi uch yilda 1 mlrd dollar investitsiya jalb qilish, bu orqali ishlab chiqarish quvvatlarini qo‘shimcha 100 mingtaga oshirish, mahalliylashtirish darajasini esa 50 foizga yetkazish rejalashtirilyapti. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga tashrifi vaqtida ma’lum qilindi.

Davlat rahbari Roodell kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan “ADM Jizzakh” zavodini borib ko‘rdi. Xabar qilinishicha, bu yerda oxirgi uch yilda Kia, Chery va Haval brendlari ostida 23 turdagi 36 mingta avtomobil yig‘ilgan. Birinchi bosqichda ishlab chiqarish yirik uzelli yig‘ish asosida tashkil etilgan, shu yil mart oyidan boshlab yangi texnologik quvvatlar ishga tushirilgan. Prezident zavodda ishlab chiqarish boshlangan yangi Kia Sonet avtomobili bilan tanishdi, mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Tashrif davomida Forish tumanida 500 MW quvvatga ega, qiymati 350 mln dollarlik quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start berildi. Shuningdek, G‘allaorolda 500 mln dollarlik metallurgiya kompleksi qurilishi boshlandi. Viloyatni rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida turizmni rivojlantirish, buning uchun hukumat komissiyasi tuzish bo‘yicha topshiriq berildi. Sentyabr oyidan boshlab Sharof Rashidov, Paxtakor, Do‘stlik va Mirzacho‘l tumanlarini Jizzax shahri bilan bog‘lovchi “Irjar – Do‘stlik – Jizzax” yo‘nalishida teplovoz qatnovi yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi. Viloyatda aholi tomorqalaridan unumli foydalanish uchun 309 ta mahallaga yetakchi tadbirkor-eksportchilar biriktirilishi belgilandi.

Cheklovlar elektromobillar narxiga ta’sir qildi

Avtomobilsozlik mavzusi hukumat yig‘ilishlari bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘p va xo‘p muhokama qilinyapti. Hafta davomida ikki nafar avtobloger mahalliy avtosanoatni himoya qilish, buning uchun importni bo‘g‘ish kerakligini aytib chiqishi, bu fikrga qarshi bo‘lganlarni kaltafahmlikda ayblashi tarmoqda shov-shuvni keltirib chiqardi. Buning ortidan jamoatchilik vakillari bu blogerlarning UzAuto Motors bilan hamkorlik qiladigan piar-kompaniya bilan shartnomasi borligiga e’tibor qaratdi.

Kun.uz borgan sari ildiz otayotgan proteksionizm va uning tarafdorlari tomonidan tez-tez tilga olinadigan miflar haqida AQShda ilmiy faoliyat olib borayotgan iqtisodchilar Botir Qobilov va Behzod Hoshimov bilan suhbat tashkil etdi. Mutaxassislar suhbat davomida “valuta chetga chiqib ketadi” yoki “ish o‘rinlari yo‘qoladi” degan xavotirlar nega asossiz ekani, davlat nima uchun biznes bilan shug‘ullanmasligi kerakligi, importga cheklov qo‘yish qanday qilib eksportga ham tushov bo‘lishi, o‘zi umuman nega importning ko‘pligi vahima qiladigan narsa emasligini tushuntirib berishdi. Suhbatni YouTube sahifamizda tomosha qiling.

Hafta davomida ma’lum bo‘lishicha, 1 apreldan deb reja qilingan, lekin hozircha rasman e’lon qilinmagan cheklovlar amalda kuchga kirib bo‘lgan. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda #erkinraqobat va #erkinraqobattarafdorimiz heshteglari ostida ochiq murojaat bilan chiqqan o‘nga yaqin avtosalonlar rahbarlari ma’lum qilishdi. Rasman Texnik tartibga solish agentligining tashabbusi deyilayotgan yangi cheklov bojxonadan o‘tkazish tartibi va muvofiqlik sertifikati bilan bog‘liq. Bu cheklovlar ayniqsa elektromobillar bozoriga eng ko‘p ta’sir qildi. “Avtostrada” xabariga ko‘ra, mart oyida 17-18 ming dollarga sotilgan ayrim modellar narxi hozirda 19500 dollardan boshlanadi. Jamoatchilik faollari joriy etilayotgan yangi cheklovning qanchalik qonuniy ekanini savol ostiga olmoqda.

O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga – “amnistiya”

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Qonun keyingi bosqichlardan o‘tib kuchga kirsa, fuqarolarga o‘zboshimchalik bilan egallab olgan yer uchastkalarini muayyan shartlar asosida qonuniylashtirishga ruxsat beriladi. Bunda yer uchastkasining o‘ziga nisbatan ijara huquqi, shu uchastkada joylashgan ko‘chmas mulk obektlariga nisbatan esa mulk huquqini olish mumkin bo‘ladi.

Adliya vazirligi izohiga ko‘ra, 2016 yildan hozirgacha 5 marta e’lon qilingan “aksiyalar”da hammasi bo‘lib 1 million 338 mingta o‘zboshimcha qurilgan uy hujjatlashtirilgan. Yangi qonun esa 3,8 milliondan ortiq fuqaroning 493 ming gektarga teng yer uchastkalari taqdirini belgilab beradi. Noqonuniy uy-joylarni qonuniylashtirish orqali propiska, moddiy yordam, maktab, bog‘cha va kommunal xizmatlar sohalarida yuzaga kelayotgan ayrim muammolarni hal etish maqsad qilingan.

Mehnat migratsiyasi bo‘yicha farmon

Prezident Shavkat Mirziyoyev mehnat migratsiyasi bo‘yicha yangi farmonni imzoladi. Hujjat bilan, 2024 yil 1 iyundan boshlab, “Xorijda ish” portalida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga imtihon, viza va yo‘l chiptasi xarajatlarining bir qismi qoplab beriladigan bo‘ldi: xorijiy tillar va kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish uchun qariyb 1 mln so‘mgacha, “ishchi viza” rasmiylashtirish uchun 1,7 mln so‘mgacha, yo‘l chiptasi uchun esa 680 ming so‘mgacha kompensatsiya to‘lanadi.

Farmonga ko‘ra, 2024 yil 1 sentabrga qadar xorijda vaqtincha ishlayotgan yurtdoshlarga yordam ko‘rsatish uchun tun-u kun ishlaydigan koll-markaz tashkil etiladi. Koll-markazga chet eldan turib bepul qo‘ng‘iroq qilish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, migrantlar uchun mobil ilova yaratilib, unda o‘zbekistonliklar ko‘p boradigan davlatlar va u yerdagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar joylashtiriladi. Qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlar ilova orqali yordam ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan bog‘lanishi mumkin bo‘ladi.

2024 yil 1 iyuldan e’tiboran, xususiy bandlik agentliklariga fuqarolarni chet elda ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatganlik uchun haq undirishga ruxsat beriladi. Bunda fuqarolar to‘lagan mablag‘lar banklardagi maxsus hisobvaraqda saqlanadi, agentlik o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarganidan keyingina uning hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Bundan tashqari, 2024 yil 1 iyundan boshlab mehnat migratsiyasidan qaytganlarni ishga olgan korxonalarga har bir xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Qarshi tumani prokuraturasi tergovchisi pora bilan qo‘lga tushdi. Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, u jinoyat ishi bo‘yicha aybdor shaxsga yengillik qilib berish evaziga 5 ming dollar olgan. Angren shahrida esa IIB jinoyat-qidiruv bo‘limi xodimi narkotik savdosiga aralashgani uchun qamoqqa olindi. Uning Cobalt avtomobilidan gashish giyohvandlik moddasi topilgan. Organ xodimi o‘z jinoiy sherigi bilan birga gashishni sotmoqchi bo‘lgani aytilmoqda.

O‘zbekistonda elektron sigaretalar va tamakini qizdirish tizimlari muomalasi taqiqlanishi mumkin. Sog‘liqni saqlash vazirligi bu haqdagi qonun loyihasini muhokamaga chiqardi. Unda elektron sigaretalar va tamakini qizdirish tizimlarini olib kirish, ishlab chiqarish va sotishni ma’muriy va jinoyat kodekslariga kiritish taklif etilgan. Tahlillarga ko‘ra, elektron sigaretalarni chekuvchi o‘smirlar va yoshlar soni katta yoshdagilarga nisbatan uch barobar ko‘p. 2023 yildagi reydlar vaqtida maktab o‘quvchilaridan mingdan ortiq elektron sigaretalar olib qo‘yilgan.

O‘zbekiston aholisi o‘rtacha necha yoshda ekani ma’lum qilindi. Statistika agentligining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023 yilda O‘zbekiston aholisining o‘rtacha yosh 29 yoshni tashkil etgan. Aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi esa 74,7 yoshni tashkil etadi. Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda ayollar o‘rtacha 77 yil, erkaklar esa 73 yil umr ko‘ryapti.

Rossiyaning Samara viloyatida O‘zbekiston fuqarolarini olib ketayotgan avtobus halokatga uchradi. Chimkentdan yo‘lga chiqqan, Nijniy Novgorodga qarab ketayotgan avtobus 8 aprelga o‘tar kechasi Samara viloyatining Kinel tumanida yo‘ldan chiqib ketib, ag‘darilib ketgan. Scania rusumli avtobusda hodisa vaqtida 66 nafar yo‘lovchi bo‘lgan, ularning 20 dan ortig‘i jarohatlangan, 2 nafari halok bo‘lgan. Tergov qo‘mitasi xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlar ko‘rsatish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Toshkentda ekstremistik guruhlarga qo‘shilishda gumonlangan bir qator shaxslar qo‘lga olindi. Ularning uylarida 45 ta tergov-tintuv tadbirlari o‘tkazilgan. Poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, 2024 yilning uch oyi davomida diniy ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 50 ta jinoyat ishi va 188 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, 264 kishi javobgarlikka tortilgan. Avvalroq, Moskvadagi teraktdan keyin, prezident Shavkat Mirziyoyev jamoat tartibini saqlash bo‘yicha choralarni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Mavzuga oid