O‘zbekiston | 16:35 / 15.04.2024
5432
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston–Tojikiston oliygohlari rektorlari 2-forumi o‘tkazildi

Forum 15–16 aprel kunlari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida bo‘lib o‘tadi. Tadbir davomida 2 davlat oliy ta’limi o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha 50 dan ortiq memorandum imzolanishi rejalashtirilgan.

Foto: Edu.uz

Forumda O‘zbekiston oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov va Tojikiston ta’lim va fan vaziri Rahim Saidzoda ishtirok etdi. Bundan tashqari qo‘shni respublikadan 30 ga yaqin nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlaridan iborat delegatsiya ham kelgan. Bu haqda OTFIV ma’lumot berdi.

Xalqaro anjuman oldidan O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Tojikiston ta’lim va fan vaziri Rahim Saidzoda bilan uchrashgan.

Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad inson kapitalini, yuqori intellektual salohiyatni rivojlantirish, nazariy-amaliy shakllantirish, kasbiy mahoratini oshirish va ikki davlat hududidagi ulkan tabiiy resurslarni ilmiy-institutsional boshqarishga qodir kadrlarni tayyorlashdan iborat”, – degan Sharipov.

Tadbirda Rahim Saidzoda 2 davlat ta’limi bo‘yicha hamkorlik ko‘payayotgani, hozirgacha O‘zbekistonning 30 ta oliy ta’lim muassasasi Tojikistonning 15 dan ortiq ilmiy va ta’lim tashkilotlari bilan qator yo‘nalishlar bo‘yicha aloqalarni yo‘lga qo‘yganini aytgan.

Forum yakunida oliy ta’lim, ilm-fan sohalarida hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashinuvni kengaytirish va manfaatli aloqalarning boshqa dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha 50 dan oshiq anglashuv memorandumi, bitim va «Yo‘l xarita»lari imzolanishi kutilyapti.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 5 ta oliy ta’lim muassasasida ta’lim tojik tilida yuritilayotgan maktablar uchun kadrlar tayyorlanadi. 2020/2021 o‘quv yilida tojik tilidagi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qabul parametrlari ikki baravar oshirilgan.

Mavzuga oid