O‘zbekiston | 18:10 / 18.04.2024
23318
2 daqiqa o‘qiladi

Og‘abek Sobirov, Munojat Yo‘lchiyeva, Ozodbek Nazarbekov va Yulduz Usmonova «Tojikiston xalq hofizi» bo‘ldi

Imomali Rahmonning farmoni bilan o‘zbekistonlik san’atkorlar faxriy unvonlar bilan taqdirlandi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan tojikistonlik madaniyat va san’at xodimlari ham taqdirlandi. 

18 aprel kuni Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon farmoni bilan Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida madaniyat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun o‘zbekistonlik san’atkorlar taqdirlandi. 

Jumladan, O‘zbekiston milliy musiqa san’ati instituti «Maqom xonandaligi» kafedrasi professori Munojatxon Yo‘lchiyeva, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi «Lazgi» ashula va raqs ansambli badiiy rahbari Og‘abek Sobirov va xonanda Yulduz Usmonovaga «Tojikiston xalq hofizi» faxriy unvoni berildi. 

Shuningdek, O‘zbekiston milliy akademik drama teatri direktori Yodgor Sa’diyevga «Tojikiston xalq artisti» faxriy unvoni topshirildi. 

Dushanbe shahridagi Millat saroyida o‘zbekistonlik san’atkorlarga mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

O‘z navbatida, O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan Tojikistonning madaniyat va san’at xodimlari ham taqdirlandi. 

Jumladan, Tojikiston milliy konservatoriyasi rektori Mirali Do‘stizoda, Tojikiston milliy konservatoriyasi dotsenti Ismoil Nazriyev, Tojikiston Hukumati huzuridagi Televideniye va radio qo‘mitasining «Shoshmaqom» ansambli rahbari Furqat Saidzoda, Bobojon G‘afurov tumani shoshmaqom ansambli rahbari To‘lqin Tojiboyev, Tojikiston davlat filarmoniyasi «Falak» ansambli badiiy rahbari Rahmatullo Hoshimov «O‘zbekiston xalq artisti» faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi.

Mavzuga oid