O‘zbekiston | 19:37 / 19.04.2024
7716
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi yakunlandi

18-19 aprel kunlari O‘zbekiston prezidentining Tojikiston poytaxti Dushanbe shahriga davlat tashrifi bo‘lib o‘tdi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar yakuniga yetdi. 

18 aprel kuni O‘zbekiston rahbari Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazdi. Davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlarda yangi tarixiy bosqichni boshlab bergan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. 

Prezidentlar farmoni bilan yuksak faxriy unvonlarga sazovor bo‘lgan ikki mamlakat madaniyat va san’at arboblaridan bir guruhini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Yetakchilar birgalikda «Do‘stlik oqshomi» konsert dasturini tomosha qildi. 

19 aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Parlamenti quyi palatasi raisi Mahmadtoir Zokirzoda va bosh vazir Qohir Rasulzoda bilan uchrashdi. 

Shuningdek, Mirziyoyev va Rahmon O‘zbekistonning Dushanbedagi elchixonasi yangi binosini tantanali ravishda ochib berdi hamda O‘zbekiston sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi. 

Tashrif yakunida Shavkat Mirziyoyevni Dushanbe xalqaro aeroportida Imomali Rahmon kuzatib qo‘ydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga qaytib keldi.

Mavzuga oid