O‘zbekiston | 09:28 / 23.04.2024
7119
9 daqiqa o‘qiladi

Global tartib, iqtisodiy hamkorlik, ta’lim. Devid Kemeron Markaziy Osiyo bilan munosabatlardagi uchta ustuvor yo‘nalish haqida

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri lord Devid Kemeron O‘zbekistonga tashrifi oldidan o‘z maqolasida hamkorlikni yangi darajaga ko‘taradigan uchta ustuvor yo‘nalishlar haqida yozdi.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri, sobiq bosh vazir Devid Kemeron Markaziy Osiyo davlatlari va Mo‘g‘ulistonga tashrif doirasida O‘zbekistonga ham kelishi kutilmoqda. Tashrif oldidan u o‘z maqolasida hamkorlikni yangi darajaga ko‘taradigan ustuvor yo‘nalishlar haqida yozdi.

Men 2013 yilda Markaziy Osiyoga tashrif buyurgan birinchi Buyuk Britaniya bosh vaziri bo‘lgan edim. Qozog‘istonning Ostona va O‘tror shaharlarida qadim madaniyatga ega bo‘lgan ushbu yosh mamlakat o‘z iqtisodiyoti va jahondagi o‘rnini qanchalik tez o‘zgartirayotgani meni hayratga solgan edi. Va men mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaror qildim.

Bu hafta men Markaziy Osiyoning barcha beshta davlati va Mo‘g‘ulistonga tashrif buyurgan ilk Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri bo‘laman — «Katta yettilik»ka kiruvchi hamkasblarim orasida ham bunday miqyosdagi tashrifni amalga oshirganlar ko‘p emas.

O‘ziga xos noyob merosga ega ushbu oltita mamlakat hozir ham jadal o‘zgarishlarni boshdan kechirishda davom etmoqda. Ular o‘z suvereniteti himoya qilinishini va chegaralari daxlsiziligi hurmat qilinishini istaydigan mustaqil davlatlardir. Men ularning har biri bilan barchamizga foyda keltiradigan yanada mustahkam hamkorlik o‘rnatishni istayman.

Hamkorligimiz doirasida ko‘plab yutuqlarga erishganmiz. Ingliz tili, huquqi va ta’lim tizimi Ostona Xalqaro moliya markazi va Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti kabi muvaffaqiyatli muassasalarning asosida turibdi.

«Rio Tinto», «Shell» va «BAE» kabi kompaniyalarning sarmoyalari yirik loyihalarga hissa qo‘shib, ish o‘rinlari yaratdi va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirdi. Biz Markaziy Osiyo tog‘laridan Pokistonga gidroenergetika olib kelishga yordam bermoqdamiz. Ulan-Batordagi to‘rtta buyuk ijodkorlarni ulug‘laydigan «The Beatles» haykali oldida o‘n yillar oldin mo‘g‘ul yoshlari to‘planishardi, dastlab bu yerda taqiqlangan g‘arb pop musiqasi muhokama qilingan bo‘lsa, keyinroq demokratiya tomonga burilish shu yerda boshlangan.

1990 yillarda ushbu mintaqadan Buyuk Britaniyaga yetib borgan eng esda qolarli «eksport», o‘sha paytdagi bosh vazirimizga mehr bilan sovg‘a qilingan, keyinchalik poyga va ko‘rgazma otiga aylangan Maksat turkman ayg‘iri edi. Bugungi kunga kelib, o‘tgan yilning o‘zida Markaziy Osiyodan o‘n minglab odamlar bizning kengaytirilgan Mavsumiy ishchilar dasturimiz bo‘yicha Buyuk Britaniyaga ishlash uchun ketishdi. «Air Astana», «Uzbekistan Airways» va «Turkmenistan Airlines» har hafta Londonga bir nechta reyslarni amalga oshiradi. «Mo‘g‘ul Xoni» spektakli esa Londonning «West End» teatrida tomoshabinlarni hayratda qoldirdi.

Hozir esa yana oldingga qadam tashlash vaqti keldi. Biz hozirda xavfliroq va noaniqlik kuchaygan bir dunyoda yashayapmiz. Katta geosiyosiy raqobatlar dunyoning ushbu qismidagi mamlakatlar uchun ma’lum bir muammolarni keltirib chiqaradi. Qozog‘iston va Mo‘g‘ulistondagi kuchli suv toshqinlari — so‘nggi yillarda cho‘lda tez-tez uchraydigan qurg‘oqchilikdan katta farq qiladigan manzaralar — iqlim o‘zgarishining ortib borayotgan xatarlari haqida eslatib turadi. Global texnologik va iqtisodiy o‘zgarishlar esa barchamizdan yoshlarimiznining farovonligi uchun ularni kerakli ko‘nikmalar bilan ta’minlashimizni talab qilmoqda.

Hech birimiz yolg‘iz holda bu qiyinchiliklarni yengib o‘ta olmaymiz. Buyuk Britaniya ham xuddi O‘zbekiston kabi bugungi noaniqliklarga to‘la dunyoda xalqaro hamkorlikni diversifikatsiya qilishning ahamiyatini yaxshi tushunadi.

Shuning uchun men ushbu tashrifni amalga oshiryapman, va mintaqadagi rivojlanish dasturlarimizni uch barobarga oshirilishini e’lon qilyapman. Bundan maqsad birgalikda fuqarolarimiz uchun xavfsizroq va yaxshiroq sharoitlar yaratishdir. Munosabatlarimizni yangi darajaga olib chiqish uchun uchta ustuvor yo‘nalish mavjud.

Birinchidan, global tartib. Barchamiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizomi va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining asosiy tamoyillariga ishonchimizda yakdilmiz. Suverenitet. Hududiy yaxlitlik. Biz butun dunyoda ushbu tamoyillarni himoya qilish uchun birgalikda ishlashimiz lozim. Aks holda, biz o‘z suverenitetimiz va hududiy yaxlitligimiz tahdid ostida qolish xavfi bilan to‘qnashishimiz mumkin.

Korrupsiyaga qarshi kurash va mintaqa sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun platforma bo‘lmasligini ta’minlash — amaliy hamkorlikka misollardan biridir.

Shu bilan birgalikda, biz rivojlanib borayotgan xavfsizlik bo‘yicha hamkorligimizni yanada mustahkamlashimiz kerak, muloqotimizni chuqurlashtirib, xavfsizlik kuchlari bilan mashg‘ulotlarni kengaytirishimiz kerak. Bu bizga Buyuk Britaniya tomonidan butunlay qoralagan, yaqinda Moskvada sodir etgan dahshatli hujumni amalga oshirgan «ID-Xuroson» (IDXV) tomonidan kuchayib borayotgan tahdidga qarshi kurashishga yordam beradi.

Ikkinchidan, iqtisodiy hamkorlik. Buyuk Britaniya kompaniyalari ushbu mintaqadagi mamlakatlarda neft, gaz va boshqa tabiiy resurslar salohiyatini ochishda katta rol o‘ynashgan. Endilikda Buyuk Britaniya kam uglerodli, energiya tejamkorligi balandroq iqtisodiyotlar uchun zarur bo‘lgan texnologiya va sarmoyalarni jalb qilishda yordam berishi mumkin.

Tashrifim chog‘ida mintaqadagi yuqori salohiyatli kompaniyalarga sarmoya kiritish uchun Markaziy Osiyoda birinchi kichik va o‘rta xususiy kapital/venchur kapital fondi tashkil etiladi. Biz Markaziy Osiyo kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlamoqchimiz. Ammo Britaniya kompaniyalari va tajribalari uchun ham muhim rol bor.

Butun mintaqaga xizmat ko‘rsatish uchun Bishkekda zavod ochayotgan Uels kompaniyasi «Concrete Canvas»ni olaylik. Ularning rulonli beton texnologiyasi betonni arzonroq ishlab chiqarish, osonroq o‘rnatish, jarayonni tezroq yakunlash imkonini beradi, va buning hammasi bilan bir qatorda kamroq SO2 hosil qilinadi. Bunday texnologiyaning Markaziy Osiyoga kirib kelishi sug‘orish kanallarini ta’mirlashni sifat jihatdan o‘zgartirib, sizlarning eng asosiy va muhim resurslaringizdan biri — suvni ancha tejash imkonini yaratadi.

Yoki Ostona Xalqaro moliya markazi misolini olaylik. Mustaqil ingliz sudyalari bilan xalqaro umumiy huquq sudlarini joriy etish orqali u mingdan ortiq biznesni jalb qildi va bir necha yil ichida ikki mingdan ortiq nizolarni muvaffaqiyatli hal qildi. Ochiqlik va qonun ustuvorligi investitsiyalarni jalb qiladi. Men mintaqadagi boshqalar ham shunga o‘xshash modelga qiziqish bildirayotganidan xursandman.

Nihoyat, ta’lim. Biz bu yerda yanada ko‘proq insonlar Buyuk Britaniyaning jahon miqyosida tan olingan universitetlaridagi ta’lim bilan shaxsan tanishishlari uchun «Chevening» stipendiyalarini moliyalashtirishni ikki baravar oshirmoqdamiz. Shu bilan birga biz mintaqaning o‘zida ham imkoniyatlarni qo‘llab-quvvatlayapmiz.

Bugungi kunda O‘zbekistonning turli OTMlarida Britaniyaning o‘nta ta’lim muassasi Buyuk Britaniya diplomlarini taqdim qilmoqda. Koventri universiteti Ostonada yangi kampus ochishga va Belfastdagi Qirolicha universiteti esa yangi ikki darajali ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yishga qaror qildi. «British Council», «Pearson» va «Cambridge Education» kabi guruhlar ingliz tilini o‘qitish standartlarini ko‘tarishga yordam bermoqda — bunday loyihalar, masalan, ingliz tilini ikkinchi rasmiy til darajasiga ko‘tarish qaroriga kelgan Mo‘g‘ulistonda muhim ahamiyatga egadir.

Bizning maqsadimiz — barcha fuqarolar, jumladan, ayollar va qizlar uchun ta’lim sifatini oshirishdir. Bu ularning salohiyatini to‘liq ochish, shu orqali jamiyatingizning to‘liq salohiyatini amalda qo‘llash uchun juda muhimdir.

Men ushbu uchta sohani O‘zbekiston hukumati bilan muhokama qilishni intiqlik bilan kutyapman. Toshkentga tashrif buyurishimdan va bugungi O‘zbekistonni ko‘rib turish nasib qilganidan mamnunman. Oldimizda katta imkoniyatlar turibdi. Biz ulardan birgalikda foydalanishimiz kerak.

Mavzuga oid