Jahon | 21:08 / 24.04.2024
22657
7 daqiqa o‘qiladi

Shoyguning o‘rinbosari hibsga olindi. Bu ish haqida hozirgacha nimalar ma’lum?

Versiyalardan biriga ko‘ra, uni pora uchun emas, davlatga xiyonat uchun ta’qib qilinmoqda. Ekspertlar bu ishda «Shoyguga qarshi o‘yin elementi»ni ham ko‘rishmoqda.

Foto: RF mudofaa vazirligi / EPA / Scanpix / LETA

Moskva Basmanniy rayoni sudi RF mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanovni hibsga olishga sanksiya berdi. Vazir o‘rinbosari kamida 23 iyunga qadar «Lefortovo» tergov izolyatorida hibsda bo‘ladi. Unga nisbatan o‘ta yirik miqdordagi pora olish bo‘yicha ayblov e’lon qilingan (RF JK 290-moddasi 6-qismi) — Ivanov sakkiz yildan 15 yilgacha qamoqqa hukm qilinishi yokii ko‘p millionlik jarimaga tortilishi mumkin. Ish fabulasi hozircha aniq emas — tergov ham, himoyachilar ham tafsilotlarni oshkor qilmayapti. Sud xabarida faqat pora «mudofaa vazirligi ehtiyojlari uchun pudrat va subpudrat ishlarini bajarishda mulkiy xususiyatga ega xizmatlar ko‘rsatish shaklida» olingani qayd etilgan.

Ivanovning advokati Denis Baluyev OAVga bir-biriga zid keluvchi ma’lumotlar taqdim etgan. U TASS agentligiga ishda «pul pora predmeti sifatida ko‘rilmayotgani» va «aqlga sig‘adigan miqdor — bir million rubldan ko‘proqligi»ni aytgan. «Kommersant FM» bilan suhbatda esa u ishda «pul pora predmeti sifatida ko‘rilayotgani», ammo «bu nisbiyligi va tahrir qilinishi»ni bildirgan. «Ammo bu o‘rinda biz kundalik hayotda qandaydir noqonuniy harakat yoki harakatsizlik uchun pul ko‘rinishida beriladigan xrestomatik pora haqida gap ketmayapti, bu yerda ish tarkibi ancha murakkabroq», — deya qayd etgan u. Baluyev shuningdek Ivanov aybiga iqror bo‘lmagani va «tergov bilan hamkorlik qilayotgani»ni aytgan.

Ivanov bilan birga yana bir figurant hibs qilingan, biznesmen Sergey Borodinga ham xuddi Ivanovniki kabi modda bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Sudning qayd etishicha, Borodin va Ivanov «do‘stona aloqada bo‘lganida» jinoiy til biriktirgan. «Dose» markazi 2023 yilgi surishtiruvida Borodinni vazir o‘rinbosarining «ishonchli odami» deb atagan — xususan, jurnalistlar ma’lumotiga ko‘ra, uning rahbarligidagi «Voljskiy bereg» kompaniyasi Ivanovga Tver oblastida katta uy qurib bergan. Borodin — bir necha kompaniyalarga, shuningdek «Krasniye zvezdi» havaskor hokkey klubiga egalik qiladi, bu klub «mudofaa vaziri o‘rinbosari jamoasi» nomini olgan.

Shot nashri yozishicha, Borodin va Ivanovlar oilaviy do‘st bo‘lishgan hamda bir-birining farzandlariga cho‘qintirgan ota hisoblanadi, Borodinning vazir o‘rinbosarining sobiq rafiqasi Svetlana Maniovichning (ular 2022 yilda ajrashgan — «VChK-OGPU» telegram-kanali versiyasiga ko‘ra, ayol sanksiyaga uchramasligi uchun) Borodin bilan umumiy biznesi bo‘lgan. «112» telegram-kanali tasdiqlashicha tadbirkor ilgari boshqa ish bo‘yicha ayblangan — va sudga qadar kelishuv doirasida Ivanovga qarshi ko‘rsatma bergan.

«Interfaks» manbaga tayanib xabar berishicha, ishda uchinchi figurant ham bor, u pora berishda gumonlanmoqda. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, hozircha uni hibsga olish chorasi ko‘rilmagan. Hozircha bu shaxs haqida boshqa hech qanday ma’lumot yo‘q.

«Vajniye istorii» nashri FXXga yaqin bo‘lgan ikki manbaga asoslanib Ivanov davlatga xiyonatda gumonlanayotgani haqida yozgan. «Pora — jamoatchilik uchun. Hozircha davlatga xiyonat to‘g‘risida ochiq gapirishni istashmayapti — mojaro katta: nima bo‘lganda ham mudofaa vaziri o‘rinbosari», — degan nashr suhbatdoshlaridan biri. Ikkinchi manbaning so‘zlariga ko‘ra, RF prezidenti Vladimir Putin «gap aynan davlatga xiyonat haqida ketayotganiga ishonch hosil qilganidan keyingina topshiriq bergan», korrupsiya uchun esa Ivanovni «hech kim ushlab o‘tirmasdi». «Perviy otdel» advokati Yevgeniy Smirnov ushbu ma’lumot tarqalishi ortidan Ivanovning ishi operativ rivojlanishi bilan odatda korrupsiya masalalari bilan shug‘ullanmaydigan harbiy aksilrazvedka departamenti shug‘ullangani haqida aytdi. Shu bilan birga, Ivanovning advokati Murad Musayev RIA Novosti muxbiri bilan suhbatda «bu ishda e’lon qilingan pora haqidagi ayblovdan boshqa hech qanday ayblov yo‘qligi»ni ma’lum qilgan.

Kreml «fisq-fasod gaplar»ga quloq solmaslikka chaqirgan. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kremldagilar «Vajniye istorii» nashri materialidan xabardor ekanini bildirib, rasmiy ma’lumotlarga tayanishni taklif etgan. «[Davlatga xiyonat to‘g‘risidagi] bu munozaralarning barchasi — bu ish atrofidagi spekulyatsiyadan o‘zga narsa emas. Tergov organlarining rasmiy ma’lumotlariga tayanish kerak. Va, albatta, oxir-oqibat — sud qaroriga», — degan Peskov. U shuningdek Putin va mudofaa vaziri Sergey Shoygu «har kuni aloqada» ekanini aytgan. Shu bilan birga, Peskov ular Ivanovning ishini muhokama qilgan-qilmagani haqidagi savolga javob berishdan bosh tortgan.

«Shoyguga qarshi o‘yin elementi»

Politolog Mixail Vinogradov Shoyguning o‘rinbosariga qarshi ishda «urg‘u korrupsioner emas, aynan harbiyning hibsga olinishiga berilgani kartinkasini hosil qilish istagi»ni ko‘rgan. U OAVning vazir o‘rinbosari bo‘yicha ish besh yildan buyon «shakllantirilgani» haqidagi xabarini eslatib, shunday savol qo‘ygan: «Tekshirish uchun hali ko‘p narsa bor edi — bunday uzoq amaliyotni nega birdaniga to‘xtatishga to‘g‘ri keldi?»

Shu bilan bir vaqtda politolog Tatyana Stanovaya Ivanovning qo‘lga olinishida «maski-shou uyushtirilmagani» — «Shoyguga yaqin odamni ochiqchasiga yerga urishni istashmagani»ga e’tibor qaratadi. «Ammo bu yerda, albatta, Shoyguga qarshi o‘yin elementi bor», — deb hisoblaydi u. «Shoygu so‘nggi yarim-bir yil ichida Putinning ko‘z o‘ngida o‘z pozitsiyasini tikladi va unga sezilarli darajada yaqinlashib, prezidentga harbiy ishlar to‘g‘risida keladigan ma’lumotlar oqimini yetarlicha muvaffaqiyat bilan nazorat qila boshladi», — deya yozadi Stanovaya o‘z telegram-kanalida.

7 may kuni beshinchi prezidentlik muddatida ishlayotgan Putinning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tadi. Shundan keyin Rossiyada yangi hukumat shakllantirilishi lozim.

Mavzuga oid